O‘zbekiston | 19:34 / 25.10.2019
19808
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi aksariyat maktablarda ota-onalardan noqonuniy pul yig‘ilgani ma'lum bo‘ldi

Toshkent shahridagi aksar umumta'lim maktablarining direktorlari o‘zboshimchalik qilib, o‘quvchilarning ota-onalaridan pul yig‘gan. Xalq ta'limi vaziri poytaxt XTBB boshlig‘idan mazkur holatga chek qo‘yishni so‘radi.

Toshkentdagi maktab direktorlarining aksariyati o‘zboshimchalik bilan maktabga turli xildagi turniketlar va kuzatuv kameralari o‘rnatmoqda.

Direktorlar buning uchun o‘quvchilarning ota-onalaridan noqonuniy ravishda pul yig‘ishmoqda.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi boshlig‘iga yuborgan xatida shu haqda so‘z boradi. Vazir 24 oktabr kungi xatida poytaxt XTBB rahbari A.Mamajonovdan mazkur holatga barham berishni so‘ragan.

«Mavjud ma'lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Toshkent shahridagi aksariyat umumta'lim maktablari direktorlari tomonidan o‘zboshimchalik qilinib, maktab kuzatuv kengashi a'zolari va ota-onalar fikrlarini chalg‘itgan holda, noqonuniy pul yig‘imlari bilan shug‘ullanib, turli xildagi turniketlar hamda kuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda», – deyiladi Kun.uz ixtiyoridagi rasmiy maktubda.

Unda aytilishicha, shu yil 23 avgustda bo‘lib o‘tgan prezident videoselektorida berilgan topshiriqqa muvofiq, Toshkent shahridagi umumta'lim maktablarida tajriba-sinov tariqasida o‘quvchilar davomatini nazorat qilishning elektron tizimini yaratish ishlari boshlangan. Ushbu yo‘nalishda xususiy sektor investitsiyalari jalb qilingan.

«Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi tasarrufiga kiruvchi ta'lim muassasalarida noqonuniy ravishda turniketlar va kuzatuv kameralari o‘rnatish niqobi ostida ota-onalardan pul yig‘ishlarni to‘xtatishingizni  so‘rayman», – deb qayd etgan vazir o‘z xatida.

Sherzod Shermatovning maktubida ota-onalardan noqonuniy pul yig‘gan maktab direktorlariga chora ko‘rilishi masalasiga to‘xtalib o‘tilmagan.

Mavzuga oid