Sport | 16:45 / 26.10.2019
21841
14 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul»da yana jiddiy raqib, Ispaniyada «Real» va «Barsa»siz tur. Hafta o‘yinlari anonsi

Kecha «Lester»ning safardagi raqib darvozasiga javobsiz to‘qqiz gol urishi bilan navbatdagi uikend ham boshlandi. E'tiboringizga shanba-yakshanba kunlarini futbol tomosha qilish bilan o‘tkazmoqchi bo‘lganlar uchun qo‘llanmani taqdim qilamiz.

ShALKe - BORUSSIYa D (26 oktabr, 18:30)

Bundesliga deganda, asosan, «Bavariya»ning gegemonligi va ba'zida unga qarshilik qiluvchi jamoalar tushuniladi. Ammo u yerda ham o‘ziga xos tarixiy to‘qnashuvlar borki, Germaniya bunday o‘yinlarni e'tiborsiz qoldirmaydi. Shunday o‘yinlardan biri Rur derbisidir. Salkam yuz yillik tarixga ega bo‘lgan bu derbining qahramonlari esa, Gilzenkirxenning «Shalke» va Dortmundning «Borussiya» klublaridir.

Bugun Germaniya chempionati shu qadar qiziqarli kechmoqdaki, jadvalning yuqori qismidagi jamoalar ishtirokidagi har qanday uchrashuv turnir jadvalida peshqadamni aniqlab berishi mumkin. Tasavvur qiling, 9-o‘rinda «Bayyer» va 1-o‘rinda borayotgan Menxengladbaxning «Borussiya» klublari o‘rtasidagi farq atigi 2 ochkoni tashkil qilmoqda, xolos. Rur derbisi ishtirokchilari ham mana shu o‘rtada joylashgan - «Shalke»da xuddi «Bayyer»da bo‘lgani kabi 14 ochko bo‘lsa, dortmundliklar 15 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni band etgan.

«Shalke» turnir jadvalida yuqori o‘rinlarga da'vogarlik qilayotgan bo‘lsa-da, oktabr oyini yomon o‘tkazdi va ikki o‘yinda atigi 1 ochko oldi, xolos. Sentyabrda esa, jamoa uch o‘yinni g‘alaba bilan yakunlab, jami raqiblar darvozasini 10 marta aniq ishg‘ol qilgandi. «Borussiya» Bundesligada avgust oyidan beri mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsa-da, juda ko‘p o‘yinlarni durang bilan yakunlayapti. So‘nggi 4 o‘yinning 3tasida bir xil - 2:2 hisobi qayd etilgan. Achinarlisi, bu o‘yinlarning barchasida «Borussiya» hisobda oldinda borgan ham edi. Bu pallada tabiiyki, aynan ikki yil oldingi Rur derbisi esga tushadi. O‘shanda dortmundliklar birinchi bo‘limni 4:0 hisobida o‘z foydalariga hal qilishgan, lekin tanaffusdan keyin, mehmonlar 4 gol urib, hisobni tenglashtirishgandi. Bu o‘yin derbi tarixidagi eng ko‘p gol urilgan durang hisoblanadi. O‘tgan mavsumdagi har ikki uchrashuvda mehmon bo‘lgan jamoa g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgandi.

Tarkiblarga kelsak, har ikki jamoada jarohatlanganlar deyarli yo‘q, faqat «Shalke»dan Nobil Bentalebni tilga olsak bo‘ladi. Lekin, Favr shogirdlari hafta o‘rtasida «Inter»ga qarshi safar uchrashuvida maydonga tushgani uchun, balki sport formasi tarafidan «Shalke»ning imkoniyati yaxshiroq ko‘rinishi mumkin.

ATLeTIKO - ATLeTIK (26 oktabr, 23:55)

Bu hafta La Liga ishqibozlari uchun o‘ziga xos bo‘lishi kerak edi. Chunki barcha e'tibor El Klasikoga qaratilishi, hatto Ispaniya chempionatiga kuzatmaydigan muxlislarni ham jalb qila oladigan uchrashuv kutib turgandi. Ammo ba'zi sabablarga ko‘ra, bu o‘yin boshqa kunga qoldirildi. Turnir peshqadamlari maydonga tushmaydigan turda esa, «Atletiko» o‘z o‘yinini yutib, yana shohsupaga vaqtincha bo‘lsa ham, qaytish, ya'ni ochkolar bo‘yicha «Barselona»ga yetib olish imkoniyatiga ega. Buning uchun esa, Simeone jamoasi Ispaniya chempionatidagi duranglar girdobidan chiqishi lozim. Zero madridliklar bu turnirda oxirgi marta bir oy oldin uch ochkolik bo‘lishgan, keyingi uch o‘yin durang bilan yakunlangandi. Umuman olganda, «Atletiko»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi ham bor - 8 o‘yin. Ammo g‘alabalar asosan Chempionlar Ligasida qo‘lga kiritilyapti, xolos.

«Atletik»ning mavsumni qanday boshlagani hammaning esida. «Barselona» bilan o‘yinda uch ochkoni qo‘lga kiritgan basklar bir muddat turnir jadvalida ham peshqadamlar safida borgandi. Ammo xuddi «adashi» singari bilbaoliklar ham oktyabrni yomon o‘tkazishdi - jamoa to‘rt o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti. «Atletik»ning bugungi holatini g‘irt o‘rtamiyona deb baholash mumkin: tepadan uchinchi va pastdan uchinchi jamoalarga nisbatan ham «Atletik» 4 ochkolik masofada joylashgan xolos. Ya'ni keyingi o‘yinlar juda muhim, «Atletik»ning mavsumda qanday maqsadlar bilan o‘ynashini aniqlab ham beradi.

Jamoalarning sport formasiga qarasak, «Atletiko»da vaziyat qiyinroq. Birinchidan, madridliklar hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida qiyin o‘yinda maydonga tushishdi. Ikkinchidan esa, hujum chizig‘idagi asosiy kuch hisoblanadigan Joao Felish jarohatlandi. Usiz shundoq ham muammolarga duch kelayotgan hujum chizig‘i katta yo‘qotishga uchrashi aniq. Shuningdek, himoya chizig‘idagi Savich va Ximenesning safga qaytish muddatlari kelgani yo‘q. Mehmonlar safida faqat Gorka Gurusetada jarohat bor.

LIVeRPUL - TOTTeNHEM (27 oktabr, 21:30)

O‘tgan mavsumning finalchilari o‘rtasidagi to‘qnashuv, go‘yoki Yevropaning eng kuchli ikki jamoasi o‘rtasidagi bahs sifatida baholanishi kerakdek, ammo bugungi kunda jamoalar turli o‘lchamlarda ekani mezbonlarning imkoniyatini oshiradi. «Liverpul» o‘tgan mavsum oxiridagi yurishini davom ettirmoqda va ilk marta faqat o‘tgan turda, «Old Trafford»da ochko yo‘qotdi. Aslini olganda, APLdagi o‘yinlarni olsak, «Tottenhem» ham barqaror - 2019 yilning boshidan oladigan bo‘lsak, ochko to‘plash bo‘yicha «Tottenhem» Top-6dagi eng oxirgi jamoadir. Faqatgina «Manchester Yunayted»ning yanada yomonroq natijasi e'tiborni «Tottenhem»dan chalg‘itib turibdi, ammo chuqurroq qarasak, londonliklar transfer bozorida faolroq bo‘lishgan, tarkibni saqlab qolgan holda bir qator iqtidorli futbolchilarni o‘z saflariga qo‘shib olishgandi.

Ammo hafta o‘rtasida YeChLda maydonga tushgan Pochettino jamoasi uch o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyaga barham berdi, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi, Harri Keyn het-trik qildi. Ajab emas, aynan o‘sha o‘yin «Tottenhem» uchun burilish nuqta sifatida xizmat qilsa. Ammo «Liverpul»da ham hammasi joyida ekanini, ular ham kuni kecha yevrokubok o‘yinini yirik hisobdagi g‘alaba bilan tugatganini e'tibordan qochirmaslik kerak. Shuningdek, Klopp jamoasida yangi qurol paydo bo‘lmoqda - Oksleyd Chemberleyn. U aslida ancha avvaldan «Liverpul»ning haqiqiy motori bo‘lishi kerak bo‘lgan, ammo og‘ir jarohat tufayli butun mavsumni o‘tkazib yuborgandi. Uning YeChL o‘yinida ko‘rsatgan performansi «Liverpul» markazida yangi kuch paydo bo‘layotganini bildiradi. Umuman, yozda transferlar bozorida u qadar faol bo‘lmagan Klopp biroz hazil bilan Oksleydning safga qaytishi eng foydali transferlardan biri, deb ham aytib o‘tgandi.

Tarkiblar borasida, «Liverpul» safida hamon Joel Matip to‘liq tayyor emas, balki uning o‘rnini Gomes yoki Lovren yopishi mumkin. Mehmonlardan esa, darvozabon Ugo Loris jarohatlangach, londonliklar sobiq darvozabonlari Mishel Vormni qaytarishga majbur bo‘lishdi. Ammo bu o‘yinda Vorm asosiy tarkibga qaytadimi yoki so‘nggi ikki o‘yindagi kabi Paulo Gassaniga qo‘riqlaydimi, noma'lum.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, so‘nggi yillarda «Liverpul»ning imkoniyati yuqori bo‘lmoqda, jumladan, o‘tgan mavsumda YeChL finali bilan birga, har uch o‘yinda Klopp shogirdlari g‘alaba qozonishdi. So‘nggi marta «Tottenhem» raqibi ustidan roppa rosa ikki yil oldin 4:1 hisobida ustun kelgandi. «Enfild»da esa, mehmonlarning so‘nggi g‘alabasi 2011 yilda kuzatilgan.    

ROMA - MILAN (27 oktabr, 22:00)

«Milan» yana og‘ir ahvolda. Jamoa so‘nggi besh o‘yinda atigi bir marta g‘alaba qozondi. Yangi murabbiy Stefano Pioli ham hali vaziyatda burilish yasay olgani yo‘q. Ayniqsa, «Lechche»ga qarshi so‘nggi tur o‘yini alamli bo‘ldi - mehmonlar hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda gol urdi va «Milan»ni yana g‘alabadan quruq qoldi. Qizig‘i, xuddi shunga o‘xshash ssenariy «Roma» bilan ham ro‘y berdi. Yevropa Ligasida Menxengladbax jamoasiga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarigacha hisobda oldinda borgan rimliklar o‘z darvozalariga penalti olib kelishdi - 1:1. Demak, bir xil kayfiyatdagi ikki omadsiz A Seriyaning markaziy o‘yinida orani ochiq qiladi.

Umuman olganda, «Roma»ning kichik inqirozi ham «Milan»dan kam emas. Jamoa so‘nggi to‘rt o‘yinni durang bilan yakunladi. Olti o‘yindan beri bittadan ortiq gol ura olmayapti. A Seriyada faqat bir marta uy uchrashuvida g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi, xolos. Turnir jadvalida Fonseka shogirdlari YeChL o‘rinlaridan u qadar uzoq bo‘lmasalar-da, bu farq turdan turga oshib borishi mumkin. Hatto «Kalyari» ham «Roma»dan teparoqda joylashib olgan. Lekin bu holatning «Milan» kabi g‘oyaviy emas, obektiv sabablari ham bor, masalan, asosiy tarkibdagi juda ko‘p futbolchilar hozir jarohatlangan. Chingiz O‘nder, Brayan Kristante, Nikola Kalinich, Devide Zappakosta, Genrix Mxitaryan, Lorenso Pellegrini kabi futbolchilar «Roma» o‘yinini yanada kuchliroq qilishlari shubhasiz edi. Shuningdek, «Milan»ga qarshi o‘yinda Jastin Klyuvert ham diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. U «Sampdoriya»ga qarshi uchrashuvning 86-daqiqasida maydondan chetlatilgandi.

«Milan» safida esa, Mattia Kaldara tiklandi va mashg‘ulotlarni boshladi. Bu o‘yinda ham tarkibda ko‘rinib qolish ehtimoli yuqori.

PSJ - MARSeL 28 oktyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Mavsumni biroz soddaroq tarkibda boshlagan «PSJ» Mbappe va Neymar kabi yulduzlar qaytgach, yana o‘z rejimiga tushib oldi. O‘tgan mavsumda YeChL guruh bosqichining eng sermahsul jamoasi bo‘lgan parijliklar bu safar ham o‘sha sport formasiga qaytishmoqda - barcha musobaqalarda qatorasiga besh g‘alaba va oxirgi uch o‘yinda 13 gol. Ayniqsa, Mbappening qaytishlarini alohida e'tirof qilish kerak. U o‘tgan turda Nitssada zaxiradan maydonga tushib, gol+pasga imzo chekkan bo‘lsa, YeChL o‘yinida ham ikkinchi bo‘limdan harakat qildi va het-trik muallifi bo‘ldi. Agar Yevropada hujum chizig‘iga kimlarni tushirish haqida bosh qotirayotgan birgina murabbiy bo‘lsa, u ham Tomas Tuxeldir.

Fransiya chempionatida ham «PSJ» allaqachon 5 ochkolik farq bilan peshqadamga aylanib oldi. Ko‘p jihatdan parijliklarga yaqinroq sanalgan «Lion», «Marsel» klublari hozircha hatto ta'qibchi maqomida ham emasliklarini e'tiborga olsak, bu yil «PSJ» yanada ertaroq chempionga aylanishi mumkin. Ammo nima bo‘lganda ham taqvimdagi o‘yinlar o‘ynalishi shart, aks holda «Marsel» ham balki avvaldan g‘alabani tortiq qilib yuborishga tayyordek.

Boshqacha natijani kutish qiyin bo‘lsa kerak, zero «Olimpik» so‘nggi 10 yilda atigi 2 marta «PSJ» ustidan g‘alaba qozongan, bu g‘alabalar ham, 2011 yilda ro‘y bergan. Shunday bo‘lsa-da, bu uchrashuvga to‘xtalayotganimizning sababi, agar «Marsel» bo‘lmasa, yana kim bilan o‘yinda «PSJ»ni eslaymiz? Bundan tashqari, Di Mariya, Mbappe, Ikardi kabi futbolchilarning chiroyli o‘yinlarini tomosha qilishning o‘zi bir zavqdir.

Mezbonlar safida Neymar, Draksler va Idris Gayye kabi futbolchilar jarohatlar tufayli Tuxelga yordam bera olmaydi. «Marsel» safida bunday futbolchilar kamroq, ammo birgina Floryan Tovenning yo‘qligi oldindi chiziqda, hujum tashkil qilishda mehmonlarni cheklab qo‘yishi turgan gap.

BOShQA O‘YINLAR

26 oktabr. MANCheSTeR SITI - Aston Villa (16:30), Lechche - YuVeNTUS (18:00), BAVARIYa - Union Berlin (18:30), INTeR - Parma (21:00), Byornli - CheLSI (21:30), LION - Mets (23:00)

27 oktabr SPAL - NAPOLI (19:00), ARSeNAL - Kristal Pelas (21:30), Norvich - MANCheSTeR YuNAYTeD (21:30), SeVILYa - Xetafe (22:30)

Қаҳрамон Асланов
Tayyorlagan Қаҳрамон Асланов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid