Jahon | 08:00 / 27.10.2019
71118
3 daqiqa o‘qiladi

39 jasad topilgan yuk mashina haydovchisiga ayblov e'lon qilindi. Angliyadagi fojianing yangi tafsilotlari

Angliyaning Esseks grafligi hududida ichida 39 kishining jasadi chiqqan yuk mashinasi haydovchisi - Shimoliy Irlandiya fuqarosi bo‘lgan 25 yoshli Mo Robinsonga qasddan sodir etilmagan qotillik bo‘yicha ayblov e'lon qilindi.

Foto: REUTERS

Politsiya chorshanba kuni Angliya sharqidagi Esseks grafligining Greys shaharchasidagi sanoat zonasida turgan yuk mashinasi ichidan 31 erkak va 8 ayolning jasadini topgandi.

Shimoliy irlandiyalik haydovchi, 25 yoshli Moris Robinson 28 oktyabrda «39 kishini qasddan sodir etilmagan o‘ldirish, odam savdosi maqsadida til biriktirish, noqonuniy immigratsiya va pul yuvishga ko‘maklashish ayblovi» bilan sudda javob berishni boshlaydi. 

Moris Robinson

Ushbu qotillik ishi yuzasidan jami 5 kishi qo‘lga olingan. Juma kuni Uorrington shahrida odam savdosi jinoyatida gumon qilingan ikki kishi (38 yoshli erkak va ayol), shuningdek, Shimoliy Irlandiyadan 48 yoshli erkak ushlangan.

RTE teleradiokompaniyasi 26 oktyabrda politsiyachilar Dublinda ushbu hodisa bo‘yicha yana bir gumonlanuvchi – 20 yoshli yigitni ushlashganini ma'lum qilgan.

Bundan avvalroq Bi-bi-si yuk mashinasida halok bo‘lganlar ichida Vetnam fuqarolari ham bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Marhumlarning qarindoshlari jurnalistlar bilan bog‘lanib, vetnamliklar yuk mashinasi yukxonasida jo‘natilgani haqida xabar qilishgan.

«Juda afsusdaman, juda afsusdaman, oyi va dada, mening boshqa mamlakatga safarim omadsizlik bilan yakunlanmoqda. Men o‘lyapman, nafas ololmayapman. Men sizlarni juda sevaman», - deya yozgan 26 yoshli Fam Txi Cha Mi. 

Qizning akasi Bi-bi-si muxbiriga u kontrabandachilarga Britaniyaga olib borishi uchun 30 ming funt to‘lagani haqida aytib bergan.

Vetnam nashrlari taxminan Esseksdagi voqeadan keyin 20 nafar atrofidagi vetnamlikni yaqinlari topa olishmayotgani haqida xabar tarqatdi. «Bedarak yo‘qolganlarning yoshi 18dan 45gacha. Biz politsiyaga fotosuratlarni jo‘natganmiz», - deya yozilgan VietHome saytida.

Vetnamning Londondagi elchixonasi voqealar rivojini kuzatib borayotgani va Britaniya hukumati bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini ma'lum qilgan.

OAVning yozishicha, 31 erkak va 8 ayolning o‘limiga muzlatgich-furada muzlab qolishlari sabab bo‘lgan. Jasadlar topilgan furaning ichidagi harorat minus 25 daraja bo‘lgan.  

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid