Chilida tengsizlikka qarshi mitingda million kishi qatnashdi
Juma kuni (Toshkent vaqti bilan shanba) Chili poytaxti Santyagodagi namoyishlarda milliondan ortiq kishi qatnashdi. Aksiya ishtirokchilari hukumatni iqtisodiy tengsizlikka qarshi zarur choralar ko‘rishga chaqirishmoqda.
Chili prezidenti Sebastyan Pinera namoyishchilarning talablariga quloq solishini ma'lum qildi.
Santyagodagi norozilik namoyishlari oktabr oyi boshida boshlangan, o‘shanda hukumat jamoat transporti uchun narxlarni oshirishi minglab odamlarni ko‘chalarga chiqargandi. Keyinroq namoyishlar to‘lqini mamlakatning boshqa shaharlariga ham tarqaldi.
Namoyishlar tartibsizlikka aylanib, ayrim joylarda do‘konlarni talon-taroj qilish va o‘t qo‘yish holatlari kuzatildi. Politsiya bilan to‘qnashuvlarda kamida 16 kishi halok bo‘lgan, 7 mingdan ortiq kishi hibsga olingan.
Hukumat metro va avtobus uchun chiptalar narxini avvalgi holatiga qaytargan bo‘lsa-da, namoyishlar davom etmoqda.
Santyagoda favqulodda holat joriy qilingan va harbiylar shaharga kiritilgan. 20 ming nafar politsiyachi Chili poytaxti ko‘chalarida navbatchilik qilmoqda.
Payshanba kuni Pinera pensiya va mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini oshirishga, shuningdek, boshqa ijtimoiy islohotlar o‘tkazishga va'da bergandi. Namoyishchilarning bir qismi uning iste'fosini talab qilmoqda.
Chili - Lotin Amerikasidagi eng farovon davlatlardan biri hisoblanadi, ammo so‘nggi voqealar bu davlatda ijtimoiy tengsizlik darajasi haddan tashqari yuqori bo‘lib ketganini ko‘rsatmoqda.
Mavzuga oid
10:19 / 25.04.2024
Chilining O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi
18:48 / 07.02.2024
Milliarder va Chili sobiq prezidenti Sebastyan Pinera vertolyot halokatida vafot etdi
21:02 / 04.02.2024
Chilida halokatli o‘rmon yong‘inlari. Qurbonlar soni 100 dan oshgan
13:06 / 16.02.2023