Tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar kommunal xodimlarga o‘xshab qolyapti – Alisher Qodirov
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov tibbiyot xodimlari faoliyati haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.
29 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.
Yig‘ilishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridagi shifokorlar faoliyatidagi muammolar, kunduzgi shifoxonalar faoliyati muhokama qilindi.
Palata spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovning ta'kidlashicha, bugungi kunda vrachlarning ishlashi uchun sharoit yaratish birinchi o‘rinda hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
«Xuddi shuningdek, o‘qituvchilardan ham bugun juda ko‘p narsa xohlayapmiz. Va ularga «Siz biz uchun muhimsiz» deb, yelkalariga shu qadar ko‘p yuk tashlaganmizki, bu ustozlarning rivojlanishiga xalal beryapti. Ular oddiygina kommunal xizmatchilarga o‘xshab qolgan. Tibbiyot xodimlari ham xuddi shu ahvolda», – dedi Alisher Qodirov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, tibbiyot xodimlarining rivojlana olmayotgani, zamonaviy meditsina talablariga to‘liq mutanosib bo‘la olishmayotgani ularning daromadi yetarli emasligi bilan bog‘liq.
Yig‘ilishda asosiy muhokama mavzularidan biri sifatida umumiy amaliyot shifokorining ish tartibi muhokama qilinib, bu bo‘yicha deputatlar tomonidan qator kamchiliklar aniqlangani ma'lum qilindi.
Mavjud tartibga ko‘ra, umumiy amaliyot shifokori kuniga 6 nafar fuqaroni uyiga borib ko‘rishi belgilangan. Bu vaqtda UAShda poliklinika yoki QVPga kelgan bemorni qabul qilish imkoni bo‘lmaydi. Har kuni 6 nafar bemorni uy sharoitida ko‘rish talabi shifokorning imkoniyatiga ham mos emas.
«Bunda umumiy amaliyot shifokori 6 soatlik ish vaqtining 3 soatida patronaj, ya'ni uyma-uy yurib bemor ko‘rish bilan band bo‘ladi. Bunda 1 oyda shifokorning zimmasiga 450 ta qatnov yuklanadi.
O‘z-o‘zidan buncha yuklama bilan shifokor qolgan vazifalarini qachon bajaradi, degan savol tug‘ilishi tabiiy», – deya tahlillarini bayon etdi deputat Zumrad Bekatova.
Uning aytishicha, tibbiy patronajni amalga oshiruvchi UAShlar va patronaj hamshiralari lavozimi uchun stavkalar belgilashda ham turli xil yondashuvlar mavjudligini kuzatish mumkin.
«Xususan, umumiy amaliyot shifokori uchun qishloq vrachlik punktlarida 1500 nafar aholi uchun 1 stavka, qishloq oilaviy poliklinikalarida 200 nafar aholi uchun 1 stavka, shahardagi oilaviy poliklinikalarida 1330 nafar aholi uchun 1 stavka belgilangan.
Vaholanki, ularning hammasi bir xil vazifani bajaradi», – deydi Zumrad Bekatova.
Shularni hisobga olgan holda yig‘ilishda patronaj tartibini belgilashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi zarurligi, UAShlarga qo‘yilgan yuklamalarni aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish nuqtayi nazaridan tanqidiy ko‘rib chiqish lozimligi bo‘yicha takliflar berildi.
«20 yil davomida umumiy amaliyot shifokori tizimiga o‘ta olmadik» – Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari
Mavzuga oid
09:30 / 22.11.2024
“Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman” – o‘qituvchilik ortidan milliarderga aylangan Mohira Boltayeva
19:44 / 18.11.2024
Xorazmda o‘quvchining onasi maktabga borib, o‘qituvchi ayolga tashlandi
18:21 / 11.11.2024
Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
12:41 / 10.11.2024