O‘zbekiston | 10:10 / 29.10.2019
23709
2 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari maktablarda darslar madhiyani kuylashdan boshlanishi haqidagi xabarga izoh berdi

Dilshod Kenjayev / Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekistondagi barcha umumta'lim maktablarida II chorakdan boshlab dars va mashg‘ulotlar davlat madhiyasini kuylashdan boshlanishi xabar berilgandi.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev bu borada izoh bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xalq ta'limi vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi bo‘yicha tavsiyasi bugun jamiyatda vujudga kelgan ma'naviy ehtiyojni o‘z vaqtida qondirishga qaratilgandir.

«O‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishda ma'naviyat o‘choqlari, ziyo maskani bo‘lmish – maktablarning ahamiyati juda katta ekanligi bu bugungi kun haqiqatidir.

Jamiyatning barcha a'zolarini yagona bayroq ostiga birlashtiruvchi vositalar bor. O‘zbekiston madhiyasi ham ana shunday asosiy va birlamchi vositalardan biridir», - dedi u.

Qayd etilishicha, o‘quvchilar ongiga vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirish - Davlat madhiyasini kuylatish bilangina cheklanmaydi, ta'lim-tarbiya jarayonida ko‘plab boshqa vositalar va usullar qo‘llaniladi.

«Ammo, Davlat ramzlariga hurmat vatanparvarlik tarbiyasining poydevori hisoblanadi», - deydi vazir o‘rinbosari.

Ma'lumot o‘rnida: 2019-2020 o‘quv yilining II choragidan boshlab barcha maktablarda darslar va mashg‘ulotlar har kuni O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasini o‘quvchilar tomonidan jo‘r bo‘lib kuylashdan boshlanadi. Bu o‘quvchilarda vatanparvarlik hissini rivojlantirish hamda davlat ramzlariga nisbatan hurmatni mustahkamlash maqsadida amalga oshirilishi aytiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid