O‘zbekiston | 18:20 / 30.10.2019
12060
7 daqiqa o‘qiladi

6ta tashkilot O‘zbekiston fuqarolariga qo‘shma murojaat bilan chiqdi

Respublika mahallalar kengashi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi,“Nuroniy” jamg‘armasi va “Oila” markazi faollari fuqarolarga murojaat bilan chiqishdi.

 Qayd etilishicha, O‘zbekiston milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari komil ishonch bilan katta yo‘lga chiqdi. Mamlakatning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan islohotlar har birimizning farovonlikda, hayotdan rozi bo‘lib yashashimizga qaratilgan. Shu sababli ham oramizda islohotlarning faol ishtirokchilari ko‘payib bormoqda.

«Biroq buning o‘zi yetarli emas. Har birimiz o‘zimizga savol beraylik: bizning mana shu shiddatli o‘zgarishlarga daxldorligimiz qanday? Bu ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik harakatida o‘z o‘rnimizni topa oldikmi? Shukronalik ila bu ishlarga munosib hissamizni qo‘sha olyapmizmi?

Nega ayrim oilalarda mehr-oqibat, hamjihatlik yo‘qolib, o‘zaro munosabatlarga manfaat, tama qo‘shilayotir? Nega o‘z bolasining tarbiyasiga loqayd ota-onalar ko‘payib borayotganiga indamay qarab turibmiz?! Axir Vatan kelajagi – farzandlar tarbiyasi, kamoliga bog‘liq emasmi?

Bizda azaldan ota adolatli fikri, haq so‘zi, ibrati bilan oilaning ustuni, vijdoni bo‘lib kelgan. Bejiz xalqimiz “Ota rozi – xudo rozi” demagan. Bugun ayrim oilalarda ana shunday otalar o‘rni, hikmati sezilmayapti. Oilaviy munosabatlarda ma'naviy-axloqiy muvozanatning buzilayotgani, oilaviy ajralishlar, jinoyatlar, mulkiy mojarolar ko‘payib borayotgani hammamizni tashvishlantiradi.

Er xotiniga, xotin eriga qasd qilishi bilan bog‘liq holatlarga nega befarq qarab turibmiz? Farzand ota-onasi, aka-ukasiga qo‘l ko‘tarishi biz uchun nomus va uyat emasmi?! Bu holatdan unday oilalarning yetti pushtiga tavqi-la'nat kelmaydimi? O‘z bolasini sotmoqchi bo‘lgan ayrim nomunosib ayollar Ona degan buyuk nom, buyuk mehr va qadriyatni oyoq osti qilmayaptimi? Eng yomoni, biz bunday ayanchli manzaralarga tobora ko‘nikib borayotganimizda!

Turmush qurayotgan yigit-qizlarimiz mustaqil hayotga tayyormi? Oila yuki, mas'uliyatini xis qila olishyaptimi? Tobora oshib borayotgan ajrimlarning soni nega bizni bezovta qilmayapti?

Azizlar adashganlarga ergashmaylik!

Biz asrlar davomida aql-zakovati, yuksak ma'naviyati, insoniy qadriyatlari bilan boshqalarga ibrat va namuna bo‘lib kelgan xalqmiz. Afsuski, bugun to‘y-hasham, marosimlarimizda ham bema'ni orzu-havaslar, ota-bobolarimiz amal qilgan urf-odatlarga hurmatsizlik, ma'naviy mezonlardan yiroq, ortiqcha rasm-rusumlar, dabdababozlikka ko‘r-ko‘rona ergashish ko‘payib bormoqda.

Qachondan buyon mehr-oqibat, odob-axloq tushunchalari bizga begona bo‘lib qoldi? Ayrim yoshlarimizdagi befarqlik, mas'uliyatsizlik, mehnatdan qochish kabi illatlarga qachongacha tomoshabin bo‘lish mumkin?! Ba'zi ota-onalarning bolasi qayerda, kim bilan, nima qilayotganiga qiziqmasligi Yaratganning o‘zi bergan ne'matga noshukrlik emasmi?!

Bu illatlarga barham berish mahallalardagi har bir iymon va vijdon sohibining fuqarolik burchidir. 

Aziz vatandoshlar!

Millatni chalg‘itayotgan, mamlakat taraqqiyotiga to‘g‘onoq bo‘layotgan illatlarga jamoatchilik nazoratining tanqid nayzasi bilan biz – o‘zimiz chek qo‘ymas ekanmiz, yemirilgan oilalar, yetim qolgan go‘daklar, ko‘chada qolgan mushtipar onalarning ko‘nglidagi jarohatlari, bir qorindan talashib tushgan aka-uka, opa-singillarning turmush jinoyatlarini yo‘qotib bo‘lmaydi.

Azizlar!

Bolalarimiz baxtini isrofgar to‘y, sarpo, tog‘oralarga almashmaylik! Xalqimiz “Epli kelin-sepli kelin” deya bejiz aytmagan. Baxt - mol-mulk bilan o‘lchanmaydi. Oilalarda arzimas ikir-chikirlardan boshlanib, ajralish bilan tugaydigan, norasida go‘daklarni “tirik yetim” qiluvchi janjallarga sababchi bo‘lib qolishdan to‘xtaylik!

To‘ylarni davrimizga, yuksak milliy madaniyatimizga mos, ma'rifatli, ortiqcha dabdabalarsiz, isrofgarchiliksiz, ixcham qilib o‘tkazaylik. Mehnat bilan topgan mablag‘larimizni yelga sovurmaylik, tejab, bolalarimiz kamoli, kelajagi yo‘lida sarflaylik!

Kelinglar, oila, maktab va mahalla hamkorligini amalda yo‘lga qo‘yaylik. Hammamiz birlashib, “Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona” ekanligini amalda ko‘rsataylik!

Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiyning

Ilm ila olam yuzin obod qil,

Xulq ila olam elini shod qil!

degan so‘zlari yoshlarimiz uchun mayoq vazifasini o‘taydigan vaqt keldi.

Aziz mahalladoshlar!

Qabristonlarga e'tiborsizlik – ota-bobolarimizga hurmatsizlik sanaladi. Shunday ekan, xayrli va savobli ishlarga har birimiz vijdonan hissa qo‘shaylik! Qilgan ishlarimizni bu olamni tark etgan bobo-yu buvilarimiz, ota-onalarimiz, yaqinlarimiz tirikligida qilgan xizmatlarimizning davomi bo‘lsin, deb niyat qilaylik!

Har birimiz mana shunday xayrli, savob ishlarda ishboshi, bir-birimizga yelkadosh bo‘laylik! Bu yo‘lda qo‘ni-qo‘shnilarimiz, kasbdoshlarimiz, jamoadoshlarimiz, mahalla-ko‘yga ibrat bo‘laylik!

Vatanimiz milliy yuksalish sari qat'iy qadam qo‘ydi. Biz ishonamiz, O‘zbekiston 2030 yilga borib, albatta dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan joy oladi. Buning uchun har birimiz jonkuyar, fidoyi va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishimiz lozim. Bu haqiqatni jahonning taraqqiy etgan davlatlari tarixi ham tasdiqlab turibdi.

Uyimiz, mahallamiz, hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham ma'naviy poklik, go‘zal qadriyatlar bardavomligi uchun kurashaylik! Hushyor, ogoh, ahil bo‘laylik!

Tinchligimiz, xotirjamligimizni, milliy birligimizni, sog‘lom o‘zbekona ma'naviy muhitimizni ko‘ra olmaydigan har qanday buzg‘unchi kuch va ta'sirlarga qarshi murosasiz kurashaylik!

Bugun har bir jamoat tashkiloti o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil etib, hamkorlikning yangi, amaliy bosqichiga chiqishi zarur. Buning uchun jamoat tashkilotlarining, avvalo, eng quyi bo‘g‘inlarni uyg‘otishimiz shart. Bunda albatta, siz, ijtimoiy faol vatandoshlarimizning fidoyiligingizga tayanamiz.

Unutmaylik!

O‘zimiz ahil bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib, muammolarni yechmasak, hech kim chetdan kelib ularni hal qilib bermaydi. O‘zbekiston qutlug‘ xonadonimiz, bu xonadon obodligi, tinchligini ta'minlashga, sha'ni-shavkatini saqlashga har birimiz mas'ulmiz!» - deyiladi murojaatda.   

Mavzuga oid