O‘zbekiston | 21:30 / 30.10.2019
6603
3 daqiqa o‘qiladi

Davstatqo‘m: 2017 yilgacha xalqaro tashkilotlarga O‘zbekiston haqidagi statistik ma'lumotlar berilmagan

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Xalqaro tashkilotlar tomonidan e'lon qilingan hisobotlar bilan Davlat statistika qo‘mitasi tarqatgan ma'lumotlar o‘rtasida tafovut kuzatilgan holatlar mavjud. Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Agzam Ikramov buni 2017 yilgacha O‘zbekiston tomonidan xalqaro tashkilotlarga statistik ma'lumotlar taqdim etilmagani bilan izohladi.

Uning aytishicha, 2017 yil 31 iyulda O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Aynan shu qarorda belgilab berilgan muhim vazifalardan biri xalqaro tashkilotlar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish hisoblanadi. Shundan kelib chiqib Davstatqo‘m BMTning statistika bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan ishlab kelmoqda.

Bundan tashqari, xalqaro statistika va moliya institutlarining rasmiy organlardan statistik ko‘rsatkichlarni olish uchun tuziladigan savolnomalar asosida biror bir mamlakat haqidagi ma'lumotlar yig‘iladi. Savolnomalar orqali aniqlanadigan ko‘rsatkichlar asosida har bitta davlatning statistikasi yuritiladi. Shu tartibda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan to‘planadigan O‘zbekiston haqidagi iqtisodiy hamda moliyaviy ma'lumotlar xalqaro statistika va moliya institutlariga taqdim etib boriladi.

«Prezident qarori chiqqandan keyin 2017 yilning o‘zida 9ta xalqaro tashkilotning 17ta, 2018 yilda esa 23ta savolnomasiga javob berdik. 2018 yildan boshlab barcha savolnomalar asosida O‘zbekiston haqidagi ma'lumotlarni xalqaro tashkilotlarga to‘liq taqdim etib kelmoqdamiz. 2018 yilgacha xalqaro tashkilotlarga bunday ma'lumotlar berilmagan. Endi xalqaro tashkilotlar tomonidan e'lon qilingan hisobotlar bilan Davlat statistika qo‘mitasi tarqatgan ma'lumotlar o‘rtasida tafovut kuzatilganiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu 2018 yilgacha bo‘lgan davrda bo‘lgandir balki. Biroq xalqaro tashkilotlarning hisobotlariga asos bo‘lgan ma'lumotlar qayerdan olingani, qanday hisob-kitob qilinganini biz bilmaymiz. 2019 yilda 11 xalqaro tashkilotning 21ta savolnomasiga javob berildi. Hozircha barcha xalqaro statistik ko‘rsatkichlarni qamrab ololganimiz yo‘q, shunga qaramay yildan yilga xalqaro tashkilotlarga taqdim etayotgan ma'lumotlarimiz o‘sib bormoqda», deya Agzam Ikramovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat statistika qo‘mitasi Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Mamirovning qayd etishicha, O‘zbekiston 2018 yili may oyida Xalqaro valuta fondining ma'lumotlarni tarqatish tizimiga ulangan. Ushbu tizim orqali standart ma'lumotlarni muntazam taqdim etib borilmoqda.

«Mamlakatimiz haqidagi oxirgi haqqoniy ma'lumotlarni o‘sha yerdan olsa bo‘ladi. O‘tgan yildan e'tiboran XVFga so‘ralgan ma'lumotlarni taqdim etib boryapmiz», deydi u.

Mavzuga oid