Jamiyat | 15:50 / 31.10.2019
22480
5 daqiqa o‘qiladi

Jalaquduqda terimchilar muammosi: klaster nega pulni kechiktiryapti?

Jalaquduq tumani Oyim qishlog‘i «Ko‘kalam» mahallasidagi bir guruh terimchi ayollar terilgan paxta uchun pullari o‘z vaqtida berilmayotgani haqida murojaat qilishdi.

Dalalarda katta mehnat evaziga yetishtirilgan paxta hosilini nobud qilmay terib olishda terim pullari vaqtida berib borilishi juda muhim. Chunki qishloq ayollari uchun daromad topadigan palla bu - paxta mavsumidir.

Jalaquduq tumanida paxta yetishtirish klaster tizimiga o‘tgan. Ayni paytda viloyatda reja bajarilgan, lekin terim davom etyapti. Terimchilar kuniga 35-45 kilogrammdan paxta terib, kilosiga ming so‘mdan pul olayotgani oilalari uchun ham yaxshi foyda keltiryapti.

Terimchilar aloqaga chiqib terim pullarini olishda yordam so‘rashgach, Jalaquduq tumani Oyim qishlog‘iga bordik. «Ko‘kalam» mahallasi guzarida 20 nafarga yaqin ayol kutib turgan ekan.

«Oyim qishlog‘ida tashkil qilingan 56-otryadda paxta mavsumi boshlanganidan buyon terimda qatnashmoqdamiz. «G‘anijon hoji ota», «Izzatillo yerlari» fermer xo‘jaliklari dalalarida paxta terdik. Boshida terim pullarini o‘z vaqtida yetkazib berishdi. Lekin, 15-16-17-18 oktabr kungi terim pullarini olganimiz yo‘q. Fermerlarga ham murojaat qildik. Terimchi ayollarimiz fermerning uyiga borib  ham kelishdi. Fermer «Bankdan pulni olganim yo‘q!», degan javobni beryapti. Mahalla raisiga ham ko‘p bora aytdik. Oqsoqolimiz «fermer bankdan pulni olsa beradi» deydi. Ro‘zg‘orimizga foydasi tegsin, deb paxta terimida qatnashgandik», deydi terimchi Mavludaxon Qurbonova.

«Mahallamiz oqsoqolining targ‘iboti bilan paxta terimiga chiqqandik. O‘sha to‘rt kun davomida  jami 150-180 kilogrammdan paxta terganmiz. Shu yerda turgan 20 nafarga yaqin terimchi ayolning o‘rtacha 150-180 ming so‘mdan pulimiz bor», deydi yana bir terimchi Shohida Nishonova.

«Ko‘kalam» MFY raisi Foziljon Otajonov otryad rahbari ekan. U haqiqatan terimchilarga pul berilmagani va bu masala bo‘yicha otryaddagi fermerlarga bir necha bor murojaat qilganini aytdi.

Shundan so‘ng fermerlardan biriga mikrofon tutdik.

«Klaster hisob raqamida puli yo‘qligi uchun terim pullarini bera olmayapti. Boshqa fermer xo‘jaliklarida ham shu ahvol. Bir haftadan beri qatnayman. Kuni kecha yana borganimda 3 kun ichida terim pulini qilib beramiz deb va'da berishdi», deydi «G‘anijon hoji ota» fermer xo‘jaligi rahbari G‘anijon Ahmadjonov.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida bank tomon yo‘l oldik. ATB «Agrobank» Jalaquduq filiali boshqaruvchisi Umidjon Qodirov muammoga izoh berdi.

«Filialimiz paxta terimi boshlanganidan so‘ng «Alyor teks» MChJ klaster korxonasiga fonddan terim puli uchun 9 milliard 200 million so‘m kredit ajratdi. Oradan 10-15 kun o‘tib, klaster korxonasi bilan terim puli berilishida yana muammo paydo bo‘ldi. Masalani hal etish uchun korxonaga tijorat krediti sifatida yana 7 milliard 8 million so‘m kredit ham rasmiylashtirdik. Qolgan terim pulini korxonaning o‘zi ham ta'minlashi kerak. Korxona hisob raqamida moliyalashtirish uchun mablag‘ mavjud emas. Pul yo‘q. Klasterning ayni paytda terim pullaridan umumiy qarzi 407 million so‘mdan ziyod.

Bankda terimchilarga berish uchun yetarli darajada naqd pul bor. «Agrobank» tomonidan  terim mavsumi davomida naqd pul bo‘yicha umuman muammo bo‘lmadi», deydi filial boshqaruvchisi.

Muammo yechimi «Alyor teks» MChJ klaster korxonasiga borib taqalgach, ushbu korxonaga ham bordik. MChJning fermer xo‘jaliklar hisobchisi Dilyorbek Jo‘rayev bilan telefon orqali suhbatlashganimizda, u haqiqatan ham ayni paytda korxona hisob raqamida pul yo‘qligi uchun terim pulni bera olmayotgani, shu masala yechimi bo‘yicha harakat olib borilayotganini aytdi.

Mana oktabr oyi yakunlanib, paxta mavsumi ham poyoniga yetyapti. «Ro‘zg‘orimga, oilamga ko‘mak bo‘lsin», deb paxta tergan ayollar terim pullari yo‘q bo‘lib ketishidan xavotirda. Qishloq joyda 200 ming so‘m pulning ham qadri baland.

UPD: Maqolani tayyorlash jarayonida «ALYoRTeKS» hisobchisi telefon orqali paxta puli ertagayoq berilishini aytdi.

Sarvarbek Nazarov, Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid