O‘zbekiston | 14:50 / 31.10.2019
68778
7 daqiqa o‘qiladi

Orolni yo‘qotish dahshatlari va misli ko‘rilmagan saksovulzorlashtirish haqida Boriy Alixonov bilan suhbat

Orol – 50 yil avval ham dunyoning quruqlikdagi eng yirik to‘rtinchi dengizi edi. Afsuski, dengizning qurib borishi va uning oqibatlari bugunga kelib dunyoning eng og‘riqli ekologik fojialaridan biriga aylangan.

Bo‘shab qolgan dengiz o‘rnidan ko‘tarilayotgan zaharli tuzlar, qum va chang-to‘zon insonlar salomatligi, o‘simlik va hayvonot dunyosiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

O‘zbekiston hukumati Orolbo‘yi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, hudud atrofida bioxilma-xillikni ta'minlash uchun bir qancha ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, hozirda Orol dengizining qurigan qismida saksovulzorlar barpo etilmoqda. Shuningdek, Orol muammosiga yirik xalqaro tashkilotlar e'tiborini qaratgan holda, hududga ko‘proq investitsiya jalb qilishga intilmoqda.

Kun.uz Orol dengizi fojialari va uni bartaraf etish borasida qilinayotgan ishlar qay darajada samara berayotgani yuzasidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbari Boriy Alixonov bilan suhbat tashkil qildi.

Orolning termoregulyator funksiyasi umuman teskarisiga ishlayapti

Xo‘sh, Orol dengizini ko‘rmagan, u haqda faqat arxiv teledasturlar va boshqa ma'lumotlar orqali eshitgan hozirgi yoshlar avlodi uchun uni qanday tasvirlash mumkin, uni yo‘qotishning dahshatlari nimalarda ko‘rinadi?

Boriy Alixonovdan shu haqda fikrlarini so‘radik.

Boriy Alixonov

- Bundan 50 yil avval ham Orol dengizida o‘rta hisobda 1082 kub km. hajmda suv bor edi, maydoni esa 68 ming kv.km.ga teng edi. Shuningdek, har yili Orolga 55-58 kub km. suv quyilardi. Buning 2\3 qismi Amudaryo va 1 qismi Sirdaryodan quyilardi.

Oroldagi holat mo‘'tadil paytlarda suv tarkibidagi tuz miqdori 11-12 gr litrni tashkil qilardi. Bu degani Orol hududidagi rivojlanishga eng mo‘'tadil sharoit yaratilgandi.

Xo‘sh, hozir qanday ahvolga tushib qoldik? Hozir bu maydon 10, suv hajmi esa 15 barobarga kamayib ketgan. Orolning sathi 29 metrga tushib ketdi. Bu o‘rta hisobda 10 qavatli uyning balandligiga to‘g‘ri keladi.

Biz yuqorida orol suvida tuzning tarkibi haqida gapirdik, hozirda bu ko‘rsatkich 150 gr - 300 gr litrga yetdi. Bu degani orol suvining 1\3 foizini tuz tashkil qiladi.

Bu – haqiqiy o‘lik dengizining namunasi. Hatto undan ham yuqori.

Faqatgina Orol dengizi sharoitida yashashi mumkin bo‘lgan 20 xildan ziyod baliq turi yo‘qolib ketdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan asrning 60-yillarida yiliga 35 ming tonnagacha baliq ovlangan. Hozir birorta baliq qolgani yo‘q.

Hozirgi kunda Orolning qurigan tubidan yiliga 100 mln tonnadan ziyod qum, chang-tuz yuzlab, minglab km. masofalarga uchib boradi.

Bunday ko‘chib borgan tuz, qum zarralari esa Norvegiya, Yaponiya kabi davlatlardan, Pomir, Oloy, Tyan-Shan tog‘ tizmalari hamda Arktikadan ham topildi.

Avvallari yoz oylarida Orol ustidan o‘tayotgan garmsel harorati dengiz suvi harorati ta'sirida pasayardi va bizga nisbatan iliq havo sifatida, qishda esa, aksincha, Sibirdan esayotgan sovuq oqim Orolning iliq suvi ta'sirida mo‘'tadillashib kelardi. Hozirgi vaqtda Orolning ushbu termoregulyator funksiyasi umuman teskarisiga ishlayapti.

Shuning uchun ham bizda iqlim yildan yilga ko‘tarilib boryapti.

Bizdagi kabi saksovulzorlashtirishning dunyoda birorta analogi yo‘q

Hozirda Orol dengizining qurigan qismida saksovulzorlashtirish ishlari davom etmoqda, ammo bu hali dunyoda misli ko‘rilmagan ish hisoblanadi. Boriy Alixonovdan Orol dengizining qurigan saksovul o‘rmonlarini barpo qilish va uning ahamiyati haqida so‘radik.

Uning aytishicha, endilikda texnologik jihatdan Orolni avvalgi holatiga qaytarishning iloji yo‘q.

– Orolni bundan 60 yil avvalgi holatiga qaytarish uchun Volga daryosi 5 yil, Dunay daryosi 7 yil tinimsiz oqishi kerak.

Endilikda oldimizda turgan birinchi masala – Orolbo‘yi hududida ekologik fojialarni mardonavor turib, birinchi o‘rinda qabul qilayotgan aholi salomatligini barqaror saqlash.

Saksovullarga kelsak. To‘g‘risini aytishim kerak, biz bu borada ko‘p vaqtni yo‘qotib qo‘ydik. Avvallari ko‘p gapirilardi, lekin kam ish qilinardi. O‘tgan 20 yil ichida qurigan 5 million ga. yerdan atigi 400 ming ga. yerga saksovul ekildi.

Hozirga kelib bu masalaga bo‘lgan e'tibor tubdan o‘zgardi. Masalan, o‘tgan 2018 yil dekabr oyidan joriy yil aprel oyigacha 650 ming ga. yerda saksovul urug‘lari sepildi, 1 million bir yuz ming ga. yerda egatlar olinib, saksovul ekish uchun tayyor qilindi.

Saksovul shunday o‘simlikki, agar uni yetti qator qilib eksangiz, u 5-7 yilda 90 foiz qumni ushlab qola oladigan darajada katta bo‘ladi va u o‘zidan ko‘payish xususiyatiga ega.

Bu – saksovulning birinchi xususiyati. Uning ikkinchi xususiyati – saksovul o‘sgan hududda ekotizim mo‘'tadillashadi, oazis bo‘ladi. Uchinchidan, o‘sha hududlarda bioxilma-xillik ko‘payishiga imkoniyat yaratiladi.

Bu kabi saksovulzorlashtirishning dunyoda umuman analogi yo‘q. Albatta, Avstraliya, Qozog‘istonda ekilgan, lekin biz qilayotgan ishlar bilan ularni umuman taqqoslab bo‘lmaydi.

Xo‘sh, saksovulzorlashtirish Orolbo‘yida bioxilma-xillikni ta'minlashda yagona yechimmi? Partiya rahbarining bu boradagi fikrlari bilan ham qiziqdik.

Uning aytishicha, bu yagona yechim emas.

– Judayam to‘g‘ri savol. Bu yagona chora emas. Bizda cho‘lga chidamli qandim, cherkes kabi o‘simliklar ham bor.

Bundan tashqari hozirgi vaqtda Orolning qurigan tubidan nisbatan chuchuk suv ham chiqyapti. Bu kam, lekin biz o‘sha joylarga yirik va mayda shoxli hayvonlarga ozuqa bo‘ladigan ekinlarni yetishtirish ustida ishlayapmiz.

Suhbat davomida Boriy Alixonov, shuningdek, Orolbo‘yi hududida bioxilma-xillikni ta'minlashda Qozog‘iston va O‘zbekiston tajribasi, yana 10-15 yildan keyin Orol hududini qanday tasavvur qilishi va boshqa mavzularda qiziqarli fikrlarini bildirdi. Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid