Jamiyat | 21:43 / 31.10.2019
25321
3 daqiqa o‘qiladi

«Snos»lar, so‘z erkinligi va YeOII haqida - O‘zbekistonning Tojikistondagi sobiq elchisi bilan suhbat 

Uzoq yillar davomida O‘zbekistonning Rossiya va Tojikistondagi sobiq elchisi, shuningdek, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Shoqosim Shoislomov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistonda bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr bildirdi.

Shoislomov so‘nggi uch yil ichida O‘zbekistonda amalga oshirilgan uchta asosiy islohotni sanab o‘tdi. Bular: huquq ustuvorligi, so‘z erkinligi va muhtoj aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishidir. 

«Bir necha yillar avval so‘z erkinligi ko‘pchilikning tushiga ham kirmasdi. Ilgarilari odamlar oshxonalarda bir-biriga pichirlab gapirar, ularning nima haqida gaplashayotganini kimdir eshitib qolsa olib ketib so‘roq qilishidan cho‘chishardi. Bugun esa odamlar o‘zlarini ancha erkin his qilishmoqda», - dedi u.

Shu bilan birga, Shoislomov so‘z erkinligini suiiste'mol qilmaslik kerakligini ta'kidladi.

Uning fikricha, «internet trollar»ga nisbatan cheklovlar kiritish va qonun doirasida jazolash lozim. U shuningdek, ommaviy axborot vositalari xususida ham fikr bildirdi.

«Bugun biz nafaqat axborot olish, balki axborot berish madaniyatini ham shakllantirishimiz lozim... OAV – tig‘ kabi, uni bejizga to‘rtinchi hokimiyat deyishmaydi. Ushbu tig‘ bilan odamni operatsiya qilib davolash ham, o‘ldirish ham mumkin. OAV tig‘idan to‘g‘ri foydalanish lozim», - dedi Shoislomov.

U shuningdek, mahalliy boshqaruv organlarining islohotlarni amalga oshirishdagi ijro uslubini tanqid qildi.

«Keskin kuch ishlatish, bosim o‘tkazish, ilgarigidek «tez bo‘l, buldozer bilan buzib tashla» kabi uslublar – odamlarga bunday munosabatda bo‘lmaslik kerak.  Bular eski davrdan qolib ketgan illat. Afsuski, aksariyat hokimlarimiz yangicha ishlashga moslasha olishmayapti. Hokim, vazir yoki har qanday rahbar u yoki bu dasturni qanday bajarish bo‘yicha sharoit yaratishi, strategiya tuzib olishi lozim», - ta'kidladi Shoislomov.

Mavzuga oid