O‘zbekiston | 17:18 / 02.11.2019
30308
3 daqiqa o‘qiladi

Ham qimmat, ham navbat - spiker o‘rinbosari aviachiptalar haqida

Foto: KUN.UZ

31 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida davlat dasturining 2019 yil III choragida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisoboti tinglandi.

“Nima uchun ichki reyslar yetarli darajada ta'minlanmagan? Nima uchun Qoraqalpog‘istonga borgan odam qaytib kelishi haqida o‘ylab qolishi kerak? O‘zbekistonga kelgan turist nimaga Savitskiy muzeyiga borib-kelish uchun albatta haftalab reys kutishi kerak? Yoki o‘zimizning fuqarolarimiz ichki turizm doirasida Xivaga borib kelish uchun juda qimmat bo‘lgan samolyot biletiga yana haftalab navbatda turishi kerak? Bu masalalar qachon yechimini topadi? Bu masalalar bo‘yicha aholining e'tirozlariga nima deb javob bera olamiz?” - dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov.

Majlisda so‘zga chiqqan Alisher Qodirovga ko‘ra, hukumatning parlamentda deputatlar oldida hisobot berayotgani juda foydali amaliyot bo‘lmoqda. Uning aytishicha, bugungi kunda jamiyatda siyosiy partiyalarga, parlamentga, deputatlarga qo‘yilayotgan talablar, berilayotgan savollar kundan-kunga kuchayib bormoqda.  

“Odamlarni rozi qilish muammolarni anglatib berishdan boshlanadi. Muammolarning mohiyatini aniq va tushunarli tilda tushuntirib berilishini bugungi kunda eng zarur ehtiyoj sifatida ko‘ryapmiz. Lekin deputatlar va partiyalar sifatida bu boradagi faoliyatimizdan qoniqyapmiz, deb aytolmaymiz. Faoliyatimizdan qoniqmayotganimizning sababi hukumat bilan olib borayotgan ishlarimizni yetarli darajada samarali tashkil qilolmayotganimiz bilan bog‘liq. 

Mana, bugungi tadbirda ham savollar juda ko‘p bo‘ldi, berilayotgan javoblar ham o‘z darajasida. Lekin biz hamkorlikda ushbu masalalarning yechimini ishlab chiqish yo‘nalishida hali yetarlicha samarali faoliyat olib boryapmiz, deb bo‘lmaydi. Birgina “Milliy tiklanish” partiyasi barcha fraksiya yig‘ilishlarida hukumat oldida transport vazirligi, ta'lim vazirligi, meditsina sohalari bo‘yicha o‘zining savollarini qo‘yib keladi. Lekin biz hanuzgacha ushbu qo‘yilayotgan savollarning yechimlarini o‘zimizning saylovchilarimizga, elektoratimizga yetkazib bera olmayapmiz. Birgina misol tariqasida keltirish mumkin “Milliy tiklanish” partiyasi o‘zining dasturida turizmni rivojlantirish masalasini eng asosiy vazifalar biri sifatida keltiradi. Biz bir necha marotaba savol qo‘yyapmiz. Misol uchun, Transport vazirligi nima uchun ehtiyojlarni to‘liq qondirib berolmayapti? Bu masalalar bo‘yicha aholining e'tirozlariga nima deb javob bera olamiz? Uning yechimi haqida biz faqat gapiryapmiz, hatto bugungi fraksiya yig‘ilishida biz Transport vazirligidan vakil ham ko‘rganimiz yo‘q”, deya Alisher Qodirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid