O‘zbekiston | 15:08 / 02.11.2019
20977
2 daqiqa o‘qiladi

Turdimov: «Ayrim joylarda simyog‘och elektr simini emas, simlar simyog‘ochni ushlab turibdi»

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov jurnalistlar bilan uchrashuvda elektr ta'minotidagi muammolarni ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyatdagi elektr ustunlarning 61 foizi hamon yog‘och ustunlar bo‘lib, ular ham allaqachon vazifasini o‘tab bo‘lgan. So‘nggi 10 oyda ularning 13 000 tasi almashtirilgan. 

Shuningdek, viloyatda 10 mingdan ziyod transformatorlar bo‘lsa, ularning teng yarmi ham eskirib ketgani ma'lum qilindi. So‘nggi to‘qqiz oyda bu transformatorlardan 238 tasi almashtirilgan. 

“Shu sababdan ham bitta yomg‘ir yog‘sa elektr ta'minotida qator muammolar yuzaga kelmoqda. Ayrim joylarda simyog‘och elektr simini emas, simlar simyog‘ochni ushlab turibdi.

Sohadagi yana bir katta muammolardan biri – debitor qarzdorlik. Surishtirib ko‘rsangiz, kommunal xizmatlardan qarzdorlarning aksariyati oddiy odamlar emas. Hashamatli uy-joylarga ega, ammo elektrdan qarzdor. Bugunga kelib viloyatda elektr energiyasidan debitor qarzdorlik 21 milliard so‘mga yetgan”, - deydi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov.

Viloyat rahbari mazkur muammoga to‘xtalarkan, bu masalada jamoatchilik nazoratining ham muhimligini ta'kidladi.

Anjumanda elektr energiyasini hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) haqida ham so‘z bordi. 

“Qator davlatlar bu tizimga o‘tganiga 10 yillar bo‘lib ketdi. Yangi tizimda qarzdorlik degan tushuncha bo‘lmaydi. Ammo bizda ASKUEga o‘tish cho‘zilib ketdi. Ba'zan fuqarolarning o‘zi ham norozilik bildirgan holatlar bor. Tizim o‘ta sezuvchan, eng kam energiya sarfini ham hisobga oladi, mablag‘ tugasa avtomatik tarzda o‘chadi. Inson aralashuvi bo‘lmaydi. Aslida, inson faktori bor joyda kelishuvchanlik bo‘ladi”, - deydi E.Turdimov.

Mavzuga oid