Jahon | 20:40 / 03.11.2019
50511
4 daqiqa o‘qiladi

Bag‘dodda hammayoq notinch. Namoyishchilar asosiy yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi

Norozilik aksiyalari ishtirokchilari Iroq poytaxtidagi magistral yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi.

Namoyishchilar o‘z avtomobillarini poytaxtdagi asosiy yo‘llarda qoldirib, yo‘l harakatini to‘xtatishgan. Politsiya ularning harakatlariga to‘sqinlik qilmayapti.

Oktabr oyidan buyon Bag‘dodda hukumatga qarshi chiqishlar davom etmoqda, bu namoyishlarda o‘n minglab kishilar ishtirok etmoqda. Korrupsiya, ishsizlik darajasi yuqoriligi va davlat xizmatlarining qoniqarsiz faoliyati - yosh iroqliklarning noroziliklari uchun asosiy sabablardir.

Namoyishchi avtomobil g‘ildiragini yoqmoqda / REUTERS

Xavfsizlik xizmati xodimlari bilan to‘qnashuvlarda shu vaqtgacha jami 250 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan. Bag‘dodda oktabr oyi oxirida komendantlik soati joriy etilgan, ammo namoyishlar tinmayapti.

O‘tgan haftada Iroq prezidenti Barham Solih agar partiyalar uning o‘rniga nomzod topa olishsa, mamlakat bosh vaziri Odil Abdul Mahdi iste'foga chiqishi mumkinligi haqida ma'lum qilgandi.

Bag‘dodda nimalar bo‘lmoqda?

Yakshanba kuni poytaxtdagi asosiy magistrallarda harakat to‘xtatib qo‘yildi.

Bag‘doddagi barrikada / REUTERS
Namoyishlar markazi Tahrir maydoni / REUTERS

O‘quv muassasalarida ish tashlash uyushtirilmoqda, davlat tashkilotlari yopilgan.

«Biz hukumatga o‘g‘ri va korrupsionerlar uloqtirib tashlanmaguncha va amaldagi hukumat qulatilmaguncha namoyishlar davom ettirilishi va yo‘llar yopiq turishini anglatib qo‘ymoqchimiz. Biz davlat xizmatchilari o‘z ish joylariga yetib olishlariga yo‘l qo‘ymaymiz, faqat gumanitar faoliyat bilan shug‘ullanuvchi xodimlar bundan mustasno», deydi  namoyishlarning 25 yoshli ishtirokchisi Tahsin Nosir.

Voqealar markazi poytaxtdagi Tahrir maydoni bo‘lmoqda.

U yerda to‘plangan namoyishchilar ko‘prik orqali davlat muassasalari va xorijiy elchixonalar joylashgan Yashil hududga o‘tishga harakat qilishmoqda.

Namoyishlar Bag‘doddan janubi-sharqda joylashgan Kut shahrida ham bo‘lib o‘tmoqda.

Yakshanba kuni poytaxt janubidagi ko‘plab maktablar va davlat muassasalari yopildi.

Namoyishlar nima bilan bog‘liq?

Bir yil muqaddam Iroq bosh vaziri bo‘lgan shialar harakati faxriysi Abdul Mahdi islohotlar o‘tkazishni va'da qilgandi, ammo amalda bu va'dalar bajarilmadi.

1 oktabr kuni Bag‘dod ko‘chalariga ishsizlik va korrupsiyani yo‘qotishni talab qilgan minglab yoshlar chiqishdi.

Xavfsizlik xizmati kuchlari namoyishchilarga qarshi qurol ishlatdi, o‘nlab namoyishchilar halok bo‘ldi, shundan so‘ng norozilik aksiyalari mamlakatning qolgan qismlariga ham yoyildi.

Namoyishlarning birinchi to‘lqini 6 kun davom etdi va jami 149 kishi halok bo‘ldi. Bosh vazir Abdul Mahdi o‘z hukumatida o‘zgarishlar o‘tkazishni, yuqori maosh oluvchi amaldorlarning oyliklarini qisqartirishni va yoshlar orasidagi ishsizlik darajasini kamaytirishni va'da qildi.

Ammo oktabr oyi oxirida namoyishchilar o‘z talablari bajarilmasligiga amin bo‘lgach yana ko‘chalarga qaytib chiqishdi.

Mavzuga oid