O‘zbekiston | 14:23 / 04.11.2019
31696
4 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz muxbiri kim? - soxta muxbirlarga duch kelib qolmaslik uchun e'tibor berilishi kerak bo‘lgan jihatlar

Foto: KUN.UZ

Kun.uz internet nashri tobora ommalashib, kundan-kunga xalq e'tiborini qozonib bormoqda. Saytimizda allaqachon o‘nlab tajribali va yosh ijodkorlar mehnat qilishmoqda. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlar baholi qudrat o‘rganilmoqda, jurnalistik tekshiruvlar o‘tkazilib, saytda turli maqolalar va videoreportajlar ko‘rinishida yoritib borilmoqda.

Ayni paytda Toshkentdagi bosh tahririyatdan tashqari Andijon (vodiy viloyatlari bo‘yicha), Samarqand (markaziy va janubiy viloyatlar bo‘yicha) va Xorazm viloyatlarida muxbirlik punktlarimiz faoliyat ko‘rsatmoqda. U yerda ham jurnalistlar murojaatlar tushgan manzillarga va qaynoq voqea joylariga tezkorlik bilan yetib borib, vaziyatni yoritishga harakat qilishmoqda.

Kun.uz jurnalistlarining ko‘plab tanqidiy maqolalari va reportajlaridan so‘ng ko‘plab muammolar qonuniy hal etilishiga yo‘l ochilgan. Bu, albatta, kishini xursand qilmasdan qolmaydi. Zero, mehnatlarimiz samarasiz ketmayapti.

Biroq, faoliyatimiz davomida Kun.uz nomidan ish ko‘ruvchi soxta muxbirlar ham paydo bo‘layotgani haqidagi ma'lumotlarni eshitmoqdamiz. Ularning tahririyatga hech bir aloqasi bo‘lmasa-da turli tashkilot va idoralar eshigini Kun.uz nomidan borib taqillatishmoqda.

Bunday soxta muxbirlarning asosiy maqsadi biror muammoga yechim yo‘lini axtarish emas, yo‘q joydan kamchilik topib, korxona va tashkilotlar rahbarlarini respublikaning eng dovrug‘ qozongan saytiga olib chiqib sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, tovlamachilik qilayotgani kishini ham g‘azablantiradi, ham taajjubga soladi.

Boz ustiga, undaylar «ishingni hal qilib beraman», deb murojaatchilardan ham turli xarajatlar uchun pul olishayotgani hech bir qolipga sig‘maydi.

Jumladan, vodiy viloyatlarida turli tashkilotlarga «Kun.uz muxbiriman» deb kirib borayotgan shaxs haqida ma'lumotlar kelganda bu shaxsning kimligini aniqlashga urinib ko‘rdik. Ayrim ma'lumotlar to‘pladik va kuzatishda davom etmoqdamiz.

Boshqa viloyatlarda ham Kun.uz’ga chiqaraman, deb rahbarlarning oldiga turli shaxsiy masalalarda kirib ketayotgan shaxslar haqida ma'lumotlar kelib turibdi.

Yana bir viloyatda Kun.uz nomini sotib, katta miqdorda pul tama qilganlar huquq-tartibot organlari tomonidan ushlangani haqidagi xabar yetib keldi. Ayni paytda tergov ishlari ketayotgani bois, ushbu voqea haqida batafsil ma'lumot berishni lozim topmadik. Tergov yakunlangach, voqea ishtirokchilari aybdor deb topilsagina bu haqida batafsil yoritishga qaror qildik.

Bu kabi voqealar sayt nufuziga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkinligi, shu sababli yuqoridagi kabi shaxsiy manfaat, tamagirlik va tovlamachilik kabi holatlarning oldini olish maqsadida tahririyat shtatida turgan jurnalistlar va muxbirlar haqidagi ma'lumotlar Kun.uz jamoasi bo‘limida joylashtirildi.

Xo‘sh, Kun.uz muxbirini qanday tanib olish mumkin?

Murojaatchilar bilishi kerakki, siz tahririyatga yo‘llagan murojaatni o‘rganish uchun Kun.uz muxbiri sizdan hech qanday pul yoki xizmat talab qilmaydi. Barcha xarajatlar tahririyat hisobidan qoplanadi.

Rahbarlar yoki mutasaddilar huzuriga borgan Kun.uz muxbiri avvalo o‘zini tanishtirib, albatta sayt tomonidan taqdim etilgan xizmat guvohnomasini ko‘rsatadi yoki uning sayt tomonidan taqdim etilgan xizmat beyjigi bo‘ladi.

Yuqoridagi suratlarda tasvirlangan guvohnoma yoki beyjik egasini saytga kirib, tahririyatda ishlash-ishlamasligini tekshirib ko‘rish mumkin.

Agar sizning huzuringizga Kun.uz’da ishlayman deb borgan muxbirning ism-familiyasi va fotosurati tahririyat a'zolari ro‘yxatida bo‘lmasa, demak u Kun.uz’dan emas. Ushbu holatda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.

Hushyor bo‘laylik va bir-birimizni asraylik, azizlar!

Mavzuga oid