O‘zbekiston | 12:29 / 04.11.2019
4907
3 daqiqa o‘qiladi

Roman Abramovich asos solgan muzeyda Savitskiy muzeyi asarlari namoyish etiladi

Foto: garagemca.org

2020 yil 29 yanvardan 17 maygacha “Garaj” zamonaviy san'at muzeyi (Rossiya Federatsiyasi) tomonidan tashkil etiladigan ko‘rgazmada I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san'at muzeyi kolleksiyasidagi eksponatlar namoyish etiladi. Tegishli hujjat loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, bu O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosini xorijda keng targ‘ib qilish, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi xalqaro madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, shuningdek jahon hamjamiyatini O‘zbekistonning noyob muzey to‘plamlari bilan tanishtirish maqsadida amalga oshiriladi.

Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining 2020 yil 29 yanvardan 17 maygacha “Garaj” zamonaviy san'at muzeyi (Rossiya Federatsiyasi) tomonidan tashkil etiladigan ko‘rgazmada I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san'at muzeyi kolleksiyasidagi eksponatlarning ishtirok etishi to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi Ko‘rgazmani tashkil etish va o‘tkazish uchun mas'ul tashkilot, shu jumladan jalb etilgan vazirliklar va idoralarning o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish uchun javobgar organ.

b) Ko‘rgazmani tashkil etish va o‘tkazish uchun tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

Jamg‘armaning budjetdan tashqari mablag‘lari;

xayriya va homiylik mablag‘lari;

qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

Ko‘rgazmaga yuboriladigan muzey eksponatlariga vaqtinchalik olib chiqish uchun ruxsatnomalar beradi;

Ko‘rgazma davomida muzey eksponatlarining xavfsizligini ta'minlaydi.

Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Rossiya Federatsiyasi Hukumatidan muzey eksponatlarining qaytarilishi va saqlanishi kafolatlarini olishni ta'minlashi aytiladi.

Ma'lumot uchun: “Garaj” zamonaviy san'at muzeyiga 2008 yilda Darya Jukova va Roman Abramovich asos solishgan. Muzey Moskvadagi Gorkiy bog‘ida joylashgan bo‘lib, Moskva muzeylari orasida tashrif buyurishlar soni bo‘yicha beshinchi o‘rinni egallaydi. 2018 yilda muzeyga 818 ming kishi kelgan.  

Mavzuga oid