O‘zbekiston | 18:50 / 05.11.2019
16112
4 daqiqa o‘qiladi

«Mahsulotni yig‘ishtirish va saqlashdagi yo‘qotishlar hajmi 30 foizdan kamaymayapti» - Prezident meva-sabzavotchilik sohasidagi muammolar haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni meva-sabzavotchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

«O‘zbekiston meva-sabzavot ishlab chiqarishda ulkan imkoniyatlarga ega. Aholi farovonligini doimo oshirib borishda xalqimiz turmush tarziga eng yaqin va tez natija beradigan yo‘nalish qishloq xo‘jaligida yuqori daromadli intensiv ishlab chiqarishni tashkil etishdir.

Mavjud salohiyatimizni to‘liq ishga solishimiz, unga yarasha katta daromad olishimiz zarurligini inobatga olgan holda so‘nggi yillarda mamlakatimizda mazkur soha yuqori shiddat bilan isloh qilinmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bog‘dorchilik tarmog‘i va issiqxona xo‘jaliklarida boshqaruv tizimini yaxshilash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar asosida yuqori sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, oziq-ovqat sanoatini jadal sur'atlarda rivojlantirish maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shunga qaramasdan, jahon bozorida meva-sabzavot mahsulotlari savdosi 205 milliard dollarni tashkil etgan bir paytda, bizning ulushimiz bir foizga ham yetmayapti.

Bugungi yig‘ilishda qayd etilganidek, kelgusi yilda meva-sabzavot eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish, keyingi uch yilda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjud», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari bunga erishish uchun ekin va navlarni to‘g‘ri tanlash, hosildorlik va daromadni kamida ikki-uch barobarga oshirish, isrofgarchiliklarni oldini olish, mahsulotlarni saqlash, logistika masalalari, eksportni to‘g‘ri tashkil etish lozimligini ta'kidladi.

Bugungi kunda dunyo bozorlarida gilos, o‘rik, olxo‘ri, anor, uzum, bodom, sitrus mevalar kabi mahsulotlarga talab yuqori va ushbu mahsulotlar eksport tushumining asosiy qismini tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda bunday mevazorlar, ayniqsa intensiv usuldagi bog‘lar yetarlicha tashkil etilmayotgani, bog‘ va tokzorlar yaroqsiz holatga kelib qolgani sababli ularning iqtisodiy samaradorligi o‘ta past darajada qolayotgani, qator tumanlarda minglab gektar eski bog‘lar yillar davomida hosil bermayotgani tanqid qilindi. Hanuz «mahsulot yetishtirish – xarid qilish – saqlash va qayta ishlash – eksport» zanjirini tashkil etadigan kooperatsiya tizimi joriy qilinmagan.

Yana bir salbiy holat uzumchilikni rivojlantirishda vinochilik korxonalarining o‘rni sezilmayotgani bilan bog‘liq. 

«Bu kabi muammolar ta'sirida mamlakatimizda mahsulotlarni yig‘ishtirish va saqlashdagi yo‘qotishlar hajmi 30 foizdan kamaymayapti. Ya'ni, olingan meva nobud bo‘lib, tuproqqa qorilmoqda. Bunday sharoitda qanday yangi bog‘ va tokzorlar haqida gapirish mumkin?», – dedi Prezident.

Qayd etilganidek, bir qator tumanlar paxta yetishtirishni qisqartirib, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan, lekin, ushbu yo‘nalishda ham ishlar qoniqarli darajada bo‘lganicha yo‘q. 

Seleksiya borasida ilmiy tadqiqotlar yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani bois O‘zbekiston urug‘likni import qilishga majbur bo‘lmoqda. 

Mavzuga oid