Light | 19:45 / 05.11.2019
21108
3 daqiqa o‘qiladi

«Obod qishloq» dasturi Xitoyda ham bor. Pekindagi smart-qishloq – Kun.uz obektivida

Suratlarni ko‘rib, bu qaysi zamonaviy shahar ekan deysizmi? Yo‘q, bu shahar emas, balki Xitoyning go‘zal Banbidian qishlog‘i! Kun.uz muxbiri Feruza Avazova aynan shu qishloqda bo‘lib, maxsus fotoreportaj tayyorladi.

2017 yilda Xitoy hukumati poytaxt Pekin chekkasidagi qishloqlarni qaytadan barpo etish bo‘yicha «Beautiful villages» (Go‘zal qishloqlar) yangi innovatsion loyihasini boshlandi. Unga ko‘ra, Pekindagi 10ta qishloq, jumladan, Banbidian (Banbidian), Gaobeydian (Gaobeidian) va Langgejuang (Langgezhuang) obod qilish umumiy loyihasining obektiga aylandi.

Aynan Banbidian qishlog‘ining o‘zida aholining qulay hayot kechirishi uchun infratuzilma qaytadan ishlab chiqildi. Natijada ortiqcha hashamatsiz bir xil ko‘rinishdagi ko‘rkam xonadonlar, mahalliy kofeshop va do‘konlar, shinam kutubxona va hattoki, qishloqning o‘z tarixiy muzeyi ham barpo etildi.

Qishloqning mahalla idorasi ham e'tiborni tortadi. Aholi uchun maxsus kutubxona aynan shu yerda joylashgan. Shuningdek, qishloqning tarixiy-madaniy muzeyi Xitoyning o‘tmishiga sayohat qilish imkonini beradi. Taqdimotlar, ma'ruzalar o‘tkazish uchun ham alohida katta xonalar mavjud. Bu mahalliy aholi uchun juda ham qulay. Endilikda shahar markaziga uzoq yo‘l bosib, borishga hojat yo‘q.

Mahalla idora xodimi bilan suhbatda bo‘lganimizda shu narsa ma'lum bo‘ldiki, mazkur loyiha «Smart villages» (Aqlli qishloqlar) innovatsion g‘oyasi ostida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, qishloqlarda qurilish ekologik toza shahar andozalariga xos tarzda davom etadi.

Bu yerda faqatgina bir narsa sayohatchilarga biroz noqulaylik tug‘dirishi mumkin: muzeydagi barcha eksponatlar xitoy tilida. Agar yoningizda xitoylik do‘stingiz yoki gid bo‘lmasa, qishloq bilan yaqinroq tanishish qiyin bo‘ladi.

Biroq muhimi bu emas. Eng asosiysi, mahalliy fuqarolar va kelajak avlodlar uchun obod qishloqni yaratishdir.

Feruza Avazova,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid