Jamiyat | 16:19 / 05.11.2019
20954
15 daqiqa o‘qiladi

«Oltinboshlar» yo‘lini qog‘ozga ko‘mib tashlash qanchalik mantiqli?» - Ekspertlar bilan suhbat 

Bir necha yildan beri «innovatsion yechim», «innovatsion g‘oya», «innovatsion taklif» iboralarini bot-bot eshityapmiz. Bir qarashda barcha jabhalarda o‘zgarishlar, yangiliklar qilinyotgan ekan, deb o‘ylash mumkin. To‘g‘ri, ishlash uslubi, yondashuv oldingiday emas, jamiyat hayotidagi ijobiy siljishlar buning isboti bo‘la oladi. Ammo bir savolni o‘rtaga qo‘ymasak bo‘lmas: innovatsiya deganda faqat ichki imkoniyatlar asosida yangilanishni tushunish kerakmi yoki...? Innovatsiya deymiz-u, uni amalga oshiradigan kadrlar yetarlimikin? Mutaxassis tanqisligi hamma joyda og‘riqli nuqta ekani hech kimga sir emas. Afsuski, shunday vaziyatda ham xorijdan qaytmoqchi bo‘lgan «oltinbosh»ni byurokratizm botqog‘iga botirish qanchalik to‘g‘ri?

Mana bu maqolada xorijda olingan ilmiy darajalarni tan olishdagi ortiqcha ma'muriy to‘siqlar haqida fikrlar bildirilgan edi. Unda ekspertlar «Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risida»gi Nizom ancha eskirgani va talabga javob bermasligi haqida o‘z mulohazalarini bildirishgan. Oliy attestatsiya komissiyasi ekspertlarning asosli e'tirozlarini hisobga olib, yangi nizom loyihasini ishlab chiqib, muhokamalar portaliga joylashtirdi. Uning mazmuniga e'tibor berilsa, xorijda olingan ilmiy darajalarni tan olishdagi ma'muriy to‘siqlar kamaymagan, aksincha ko‘payganiga guvoh bo‘lasiz. Bunday mantiqsiz «yurish»dan biror maqsad bormi? Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Baxshillo Xo‘jayev va Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri Otabek Narziyev yangi nizom loyihasidagi kamchiliklar, tizimdagi ma'muriy to‘siqlar qanday salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga munosabat bildirishdi.

«Aksariyat olimlarimiz haliyam iste'molchilik kayfiyatida yuribdi»

Nizom loyihasidagi kamchiliklarni gapirishdan avval xorijdan kadrlarni jalb qilish, xorijda olingan ilmiy darajalarni tan olish O‘zbekiston uchun qanchalik zarurligini tushuntirishdan boshlash ma'qul.

Hozir oramizdagi ayrim olimlarda iste'molchilik kayfiyati haliyam saqlanib turibdi, ya'ni yarim tayyor mahsulot ustida ishlaydi, yangilik yaratmaydi, chet el texnologiyasini shu yerda amaliyotga tatbiq etadi. Afsuski, innovatorlik muhitini shakllantirish qiyinchilik bilan kechyapti. Agar olimlarda innovatorlik kayfiyati uyg‘onsa, bu jamiyat hayotini farovonlashtirishga xizmat qiladi. Xalqaro tashkilotlar mamlakatlarni rivojlangan yoki rivojlanayotgan, degan toifalarga emas, balki iste'molchi, ishlab chiqaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi jamiyatlarga ajratishyapti. Biz so‘nggi ikki bosqichga o‘tolmayapmiz. Yaponiya, Singapur, Koreya davlatlarida allaqachon xizmat ko‘rsatuvchi qatlam vujudga kelgan. Ular bunga qay tariqa erishdi? Albatta, ilmiy salohiyatni yuqori bosqichga ko‘tarishdan. Milliy miqyosda olib qaraganda esa bizda islohotlarga javob beroladigan kadrlarni yetishtirishda ichki imkoniyatlar yetishmaydi. Xorijda tahsil olgan «yangi nafaslar»ga muhtojmiz. Ularning tajribasi, bilimi bugun har qachongidan ko‘ra ko‘proq kerak.

«Mahalliy OTMlarda xalqaro ilmiy daraja olgan professorlar deyarli yo‘q, bu xalqaro reytinglarga kirishni qiyinlashtiryapti»

Oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida universitetlarni xalqaro reytinglarga bosqichma-bosqich kiritish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Biz nima uchun shu paytgacha bunaqa nufuzli ro‘yxatlarga kira olmaganimizni o‘rganib chiqdik. Ma'lum bo‘ldiki, OTMlarda xorijda ilmiy unvon olgan professor-o‘qituvchilar deyarli yo‘q ekan. Biz qachon kuchli mingtalikka kira olamiz? Qachonki chet elda ilmiy daraja olib, o‘z bilimi va tajribasini O‘zbekistonga olib kirmoqchi bo‘lganlarga to‘siqlar kamayganida. Vatanga qaytib o‘z ilmiy salohiyatini sarflashga tayyor bo‘lgan o‘zbek diasporasi xorijda biz o‘ylagandan ham ko‘p. Ular prezident Shavkat Mirziyoyevning yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishga bo‘lgan chorloviga labbay, deb javob qaytarish niyatida bo‘lsa-yu, ichki to‘siqlarimiz ularga to‘g‘anoq bo‘layotganiga tushunish qiyin.

«Ma'muriy to‘siqlar sababli o‘z shaxsiy mablag‘i evaziga tahsil olib xorijda ilmiy daraja olgan tayyor kadrni ham qabul qilolmayapmiz»

Biz qachongacha chet el ilmiy natijalari importyori bo‘lamiz? Ko‘pgina ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bu yerda faqat yig‘iladi, xolos. Yangicha ilmiy texnologiyamiz yo‘q. O‘zbekistonda haqiqiy innovatsion muhitni yaratish uchun harakat ham bo‘lishi zarur. Xorijda yurgan ziyoli vatandoshlarimiz qatlami bor. Ular 90-yillar boshida «mozgovaya utechka» natijasida chetga ketib, hozirgi kunda ma'lum soha mutaxassislari bo‘lib yetishishdi. Siz bilan yuqoridagi gaplashgan nizomdagi to‘siqlar shu oqim yanayam kuchayishiga olib keladi. O‘zim guvohi bo‘lgan holatni gapirib beraman: universitetga xorijda ilmiy daraja olgan do‘stimizni ishga taklif qilmoqchi edik. Kadrlar bo‘limi professorning ilmiy darajasi nostrifikatsiya qilinmaguncha tan olinmasligi, shuning uchun oddiy o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritishini aytdi.

Masalaning ikkinchi tomoniga e'tibor bering: «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan vazirlik va davlat idoralarida xorijiy ekspertlarga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganilgan. Aniqlandiki, 1000ga yaqin xorijiy ekspertlarga ehtiyoj bor ekan. Bu jamg‘arma har yili 4 ming nomzod ichidan 300 nafariga stipendiya beryapti. Shu stipendiya uchun ham budjetdan qancha mablag‘ ketyapti, bu xarajatlar qachon o‘zini oqlashi ham noma'lum. «Mutaxassis o‘z bilimini vatan uchun sarflaydimi qachondir?», degan savol ham bor. Endi yaxshilab o‘ylab ko‘ring: ikkinchi tomondan o‘z mablag‘i evaziga, davlat budjetidan bir tiyin olmasdan chet elda tahsil olib, ilmiy daraja olgan tayyor kadr o‘z xohishi bilan O‘zbekistonga kelmoqchi-yu, ammo ma'muriy to‘siqlar tufayli uni yo‘lini siqishga harakat qilishlariga nima deysiz? Bu qanchalik mantiqli holat? Budjet puli bilan 10-15 yilda tayyorlanadigan kadr qayoqda-yu, eshigingiz tagida turgan tayyor, salohiyatli, xorijiy diplomli kadr qayoqda?

«Nizom loyihasida kopseptual masala qolib, texnik soddalashtirishgina nazarda tutilgan»

2000 yildagi «Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risida»gi nizom ancha eskirgani sababli Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) yangi nizom ishlab chiqdi. Nizom loyihasida konseptual masala, ya'ni xorijiy ilmiy darajalarning (PhD, LLD, DSc va boshqalar) O‘zbekistonda tan olingandan keyingi huquqiy maqomi aniq belgilanmagan. Bu biz oldingi maqolada ko‘rsatgan muammo, ya'ni xorijiy PhD’ning milliy PhD’ga tenglashtirilishi va natijada mutaxassisning maqomi ma'muriy tarzda jahon standartlaridagidan pastga tushirilishi masalasi hal etilmagan. Misol uchun, xorijiy ilmiy daraja milliy darajaga tenglashtirib qo‘yilgan. Bu bo‘yicha hech narsa qilinmagan. Ularning alohida maqomi haligacha aniq belgilanmagan.

Nizom loyihasida xorijda olingan ilmiy darajalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olish tizimi taklif etilgani quvonarli hol. Ammo, bu jarayon o‘z mohiyatiga ko‘ra sodda bo‘lishi o‘rniga yangi ma'muriy bosqich kiritilishi orqali murakkablashtirilgan. Ya'ni, talabgor o‘zining xorijda olgan ilmiy darajasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi uchun endi faqat OAKga emas, balki undan oldin OTM/ITM kengashiga murojaat etib, uning tavsiyasini olishi kerak. Bu aslida hech qanday ortiqcha jarayonlarsiz amalga oshirilishi kerak bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olish tizimi mohiyatiga mutlaqo zid. Loyihaga ko‘ra, talabgor ikki karra vaqt yo‘qotish, ikki karra ovora bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Buning yechimi oddiy, ya'ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olishni OTM/ITM ilmiy kengashi yoki OAK vakolatida qoldirish. Unda ham OTMlarning xalqaro reytingi bo‘yicha eng yaxshi 1000talik OTM tomonidan berilgan ilmiy darajalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri (avtomat tarzda) ko‘pi bilan bir hafta muddat ichida tan olinishini nazarda tutish lozim. Nizom loyihasida ko‘rsatilgan muddat kamida 4 oyni tashkil etmoqda. Bu muddat qisqartilishi va jarayon soddalashtirilishi lozim.

«O‘zbekistonda xorijiy ilmiy darajani tan olish uchun yig‘im taxminan 140 AQSh dollari, Yaponiyada esa shunga o‘xshash davlat xizmati 40 dollar atrofida»

Nizomning 5-bandida xorijiy davlatlarda ilmiy darajalar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining (223 000 so‘m) 6 baravari miqdorida yig‘im undiriladi, deb belgilangan. Taqqoslash uchun aytaman: Yaponiyada shunga o‘xshash davlat xizmati 40 AQSh dollari evaziga ko‘rsatiladi. Yaponiyada o‘rtacha ish haqi o‘rtacha 4000 AQSh dollariga teng. O‘zbekistonda ham shundaymi?

Xorijda o‘z mablag‘i evaziga ta'lim olgan kadrdan byurokratizm uchun 140 AQSh dollari (BHMning 6 baravari) undirilishi qanchalik adolatli? Yig‘im undirilmasin, degan fikrdan yiroqmiz. Talabgor faqat real davlat xizmati uchun pul to‘lasin. Qolgani ortiqcha xarajat hisoblanadi. To‘lov olishdan maqsad nima? Pul ishlashmi? Ortiqcha to‘siq qo‘yishmi? Olim O‘zbekistonga ilm-fanni rivojlantirish uchun kelyapti. U investor yoki tadbirkor emas, fan fidoyisi. Undan yuqorida ko‘rsatilgan miqdorda yig‘im undirish qanchalik asosli? 

«Nizomning 6-bandi turlicha talqinni keltirib chiqarishi mumkin»

Nizom 6-bandida xorijiy ilmiy darajalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olish uchun talab etiladigan (holatlar) hujjatlar ro‘yxati talab etilayotgan hujjatlar qatori keltirilgan. Jumladan, «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali xorijiy davlatlarda mutaxassislarni maqsadli tayyorlash asosida, kuchli mingtalikka kirgan xorij OTMlari, vazirlik va idoralar yo‘llanmalari bilan xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvota (grant)lar hisobidan xorijiy davlatlarda mutaxassislarni maqsadli tayyorlash asosida olingan ilmiy darajalar haqidagi hujjatlar. Bu bandni qo‘llashda bir vaqtning o‘zida hujjatlarning hammasi talab qilinar ekan, degan noto‘g‘ri talqin bo‘lishi ehtimoli yuqori. Buning oldini olish maqsadida 6-bandga «quyidagi holatlarning birida» degan jumlani qo‘shish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

«Hujjatdagi kamchiliklar rad etishga asos bo‘lishi kerak emas»

Nizomning 13-bandida so‘rovnomaning elektron raqamli imzo yoki imzoni identifikatsiya qilishning boshqa vositalari bilan tasdiqlanmaganida davlat xizmatlari ko‘rsatilishi rad etilishi mumkin, deyilgan. Onlayn murojaat alternativ emas, yagona variant sifatida berilyapti. Arizachi an'anaviy tarzda ariza topshirolmaydi. U davlat xizmatlari agentligi yoki interaktiv xizmatlar portali orqali hujjatlarini onlayn topshirishi mumkin. Bunda raqamli imzosi bo‘lishi kerak. Xorijlik fuqarolarga elektron raqamli imzo berilmaydi. Ular qanday qilib ariza yuborishlari mumkin? Jarayon tobora qiyinlashtirilyapti. Har qanday holatda ham an'anaviy usul qolishi kerak. Bu band o‘zgartirilishi kerak. Murojaatchiga tanlov imkoniyati berilishi zarur, ya'ni murojaatchi xohlasa o‘zi bevosita vakolatli davlat organiga borib hujjat topshirishi yoki davlat xizmatlari agentligi orqali yoxud elektron portal orqali hujjatlar topshirishga haqli. Qolaversa, hujjatlardagi kamchilik rad etish uchun asos bo‘lmasligi kerak. Xalqaro tajribada bunday holat yuz bersa, hujjatlar qaytariladi, birdaniga rad etilmaydi. Arizachiga kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat beriladi. Hujjat to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad qilinsa, boshqa qabul qilinmaydi.

«Xorijda olingan ilmiy daraja O‘zbekistondagi dissertatsiyalarga qo‘yiladigan talablarga muvofiq bo‘lishi kerakmi?»

19-bandda dissertatsiya mazmuni tegishliligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyalarga qo‘yilgan talablarga muvofiq bo‘lishi xorijiy ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatni tan olish ijobiy xulosa berishga asos bo‘ladi. Ya'ni xorijda olingan ilmiy daraja O‘zbekistonda olingan ilmiy daraja talablariga mos bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda doktorlik dissertatsiyasi yozayotgan olim xorijda shunday dissertatsiyalarga qo‘yiladigan talablarga rioya qilmaganidek, chet elda tayyorlangan dissertatsiyada ham O‘zbekistondagi doktorlik dissertatsiyalarga qo‘yiladigan talablar, dissertant xohlasa ham, inobatga olinmaydi. Bu tabiiy hol, har joyning o‘z qonuni, o‘z talabi bor. Bundan tashqari, xorijiy ilmiy darajani jahon tan olib turgan bir paytda OAK tomonidan bunday asossiz to‘siqlar qo‘yilishi tushunarsiz.

Bularning barchasi biz yuqorida ta'kidlagan konseptual masalaning, ya'ni xorijiy va milliy ilmiy darajalarning huquqiy maqomi aniq belgilanmaganiga borib taqaladi. Buning yechimi juda oson, ya'ni xorijiy ilmiy darajalarni milliy ilmiy darajalarga bog‘lamasdan, ularni jahon standartlariga muvofiq tan olish tizimini yaratish. Butun dunyo fan doktori sifatida tan olib turgan mutaxassisning ilmiy darajasi O‘zbekistonda tan olingandan keyin ham fan doktori maqomida qolishini ta'minlash. Ishonamizki, OAK va boshqa mutasaddi tashkilotlar mazkur masalaga yetarlicha e'tibor qaratishadi va mamlakatimiz uchun muhim masala hisoblangan salohiyatli kadrlar yo‘lidagi ma'muriy to‘siqlarni bartaraf etishadi. 

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi

Mavzuga oid