Jahon | 20:46 / 05.11.2019
4442
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Meksikaga narkokartellarga qarshi kurashishda yordam taklif qildi

Meksika prezidenti Lopes Obrador AQShning yordamini muhokama qilishga tayyorligini, ammo bunga zarurat yo‘qligini bildirdi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika rahbariyatiga narkokartellarga qarshi kurashishda yordam taklif qildi.

"Yutalik ajoyib oila va ularning do‘stlari bir-birlarini otayotgan ikki shafqatsiz narkokartel orasida qoldi, natijada ko‘plab amerikaliklar, shuningdek, bir nechta bola halok bo‘ldi, bir necha kishi yo‘qoldi. Agarda Meksika bu maxluqlardan qutulish uchun yordamga ehtiyoj sezsa yoki yordam so‘rasa, AQSh bu ishni tez va sifatli bajarishga tayyor", - deb yozdi u Twitter sahifasida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, "kartellar shu darajada yirik va qudratli bo‘lib ketganki, ba'zan bu armiyani yengish uchun armiya kerak bo‘ladi".

Meksika prezidenti Lopes Obrador AQShning yordamini muhokama qilishga tayyorligini, ammo bunga zarurat yo‘qligini bildirdi.

Voqea Chiuaua shtatidan Sonora shtatiga olib boruvchi yo‘lda sodir bo‘lgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 12 kishi halok bo‘lgan. Universal nashrining yozishicha, beshta bola qochishga muvaffaq bo‘lgan va ular hozirda bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

OAVning yozishicha, halok bo‘lganlar Meksika hududida yashovchi amerikalik mormonlar jamiyatiga mansub bo‘lgan.  

Mavzuga oid