Jahon | 09:35 / 06.11.2019
290218
2 daqiqa o‘qiladi

Qurollangan guruh Tojikiston-O‘zbekiston chegarasidagi chegara zastavasiga hujum qildi. 17 kishi halok bo‘ldi

20 kishidan iborat bo‘lgan qurollangan guruh Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida joylashgan chegara zastavasiga hujum qildi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlarining matbuot markazi tarqatgan xabarda aytiladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hujum chorshanba kuniga o‘tar tunda sodir bo‘lgan.

«2019 yil 6 noyabrga o‘tar tunda soat 03:23da 20 nafar noma'lum shaxs o‘qotar qurollardan foydalanib, «Sultonobod» chegara otryadi harbiy qismining Ishkoboddagi 4-sonli chegara zastavasiga hujum qildi», - deyiladi xabarda. 

Matbuot xabarnomasiga ko‘ra, hujum qilganlar 5 dona o‘qotar qurolni olib qo‘yishgan.

«RIA Novosti»ning Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari boshqarmasi matbuot xizmatiga asoslanib xabar qilishicha, hujum Dushanbedan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan «Ishkobod» 4-chegara zastavasiga amalga oshirilgan.

«Kuch tuzilmalarining amaliyoti natijasida qurshab olingan qurolli jinoiy guruhning 15 nafar a'zosi yo‘q qilindi, ulardan besh nafari qo‘lga olindi», - deyiladi Tojikiston MXDQ matbuot xizmati ma'lumotida.

Otishma oqibatida chegara qo‘shinlari askari va bir militsioner halok bo‘lgan.

Voqea joyida tezkor-tergov guruhi tuzilgan, surishtiruv ishlari davom etmoqda. 

O‘zbekiston rasmiylari ushbu holat yuzasidan hozircha rasmiy ma'lumot bergani yo‘q.

Mavzuga oid