Jamiyat | 12:54 / 07.11.2019
7707
3 daqiqa o‘qiladi

Krasnodarda YTHga uchrab, juda jiddiy jarohat olgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

O‘zbekistonning Rostov-Dondagi bosh konsulligi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasida mehnat migratsiyasida bo‘lgan 5 nafar fuqaro YTHga uchradi. 

YTHga uchraganlarning 2 nafari halok bo‘lgan. Ulardan bir nafari O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. 3 nafar fuqaro esa Temryuk kasalxonasiga yetkazilgan. Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur fuqarolarning 2 nafari biroz ahvoli yaxshilangach O‘zbekistonga qaytib kelishgan. 

Biroq, 1985 yil Namanganda tug‘ilgan Ravshan To‘xtamatov juda jiddiy jarohat olgan bo‘lib, unda suyak sinishlari, ichki a'zolarining lat yeyishi, miyasida jiddiy jarohat hamda gematoma borligi aniqlangan. “Yotoq” bemorini samolyotda O‘zbekistonga yetkazishni hech bir reys xohlamagan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi O‘zbekiston fuqarosi Ravshan To‘xtamatovni yurtimizga qaytarish yo‘lida birlashdi. Bemor 5 noyabr kuni O‘zbekistonga olib kelindi.

Bemorning turmush o‘rtog‘i E'zoza Mamatovaga ko‘ra, Ravshan To‘xtamatovga u O‘zbekistonga yetib kelgungacha bo‘lgan muddatda O‘zbekistonning Rostov-Dondagi bosh konsulligi yordam ko‘rsatgan, vaziyatni nazoratga olgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bemorning O‘zbekistonga qaytarilishida “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tomonidan, istisno tarzida, Ravshan To‘xtamatovga “yotoq” joy hamda uning hamrohlari uchun jami 9 ta o‘rin tashkilot hisobidan ajratib berilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorning ahvolini nazorat qiluvchi hamda parvoz payti unga hamrohlik qiluvi maxsus shifokorni safarbar etgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bemorni maxsus zambilda Toshkent aeroportidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markaziga yetkazgan.

Hamroh shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bemor parvoz mahali o‘zini yaxshi qilgan. Qon bosimida o‘zgarishlar kuzatilmagan.

Mavzuga oid