O‘zbekiston | 07:40 / 07.11.2019
116319
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy gvardiyaga qator huquqlar berildi

Foto: Norma.uz

Milliy gvardiya organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritildi.

 Norma’ning yozishicha, MJTKga yangi ikkita modda kiritildi. Ularda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik yoki uning o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun jarimalar nazarda tutilgan. Mazkur holatda Milliy gvardiya organlari tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuziladi, bunday ishlar ma'muriy sudlarda ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, huquqbuzarlikni sodir etish sabablarini hamda uni sodir etishga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan Milliy gvardiyaning yozma taqdimnomalarini bajarish choralarini ko‘rmaslik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi (MJTKning 196-moddasi).

 Idora xodimlariga quyidagi huquqlar berildi:

yuridik shaxslarning qo‘riqlanadigan obektlari va boshqa xil mol-mulkiga tajovuz qilgan huquqbuzarlarni Milliy gvardiya organlariga ushlab keltirish;

MJTKning 61- (Oz miqdorda talon-toroj qilish), 185-1 (Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi), 194-1 (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-1 (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish, 198- (Hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) va 210-1-moddalari (O‘ta muhim va toifalangan obektlarga kirish-chiqish rejimini buzish yoki ushbu obektlarning qo‘riqlanishini ta'minlashga doir majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha aybdorlarni ma'muriy yo‘l bilan ushlab turish;

shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish va ashyolarni ko‘zdan kechirish.

 Boshqa tuzatishlar qatori organning huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi vakolatlari aks ettirildi; xodimlarning siyosiy partiyalarga a'zo bo‘lishi taqiqlandi; Milliy gvardiyaning qo‘riqlash bo‘linmalari – yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini to‘lashdan, ularning xizmatlari esa QQSdan ozod etildi.  

Mavzuga oid