Jahon | 12:30 / 08.11.2019
84945
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston IIV: chegara zastavasiga hujum qilganlarning aksariyati tojikistonliklar, ular orasida ayollar ham bo‘lgan

Foto: Nozim Kalandarov/TASS

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining aniqlashicha, 6 noyabr kuni chegarachilarga hujum qilganlarning aksariyati mamlakat shimolidan kelgan Tojikiston fuqarolari bo‘lgan.

Bu haqda Asia-Plus’ga Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Umarjon Imomali ma'lum qildi. U hujum qilganlar mamlakat shimolining aynan qaysi viloyatidan ekanligiga aniqlik kiritmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ular orasida ayollar ham bo‘lgan.

«Tojikiston Bosh prokuraturasi tomonidan chegara zastavasiga hujum qilish holati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan», - dedi u. Ammo, Umarjon Imomali jinoiy ish qaysi moddalarga asosan ochilganini aytmagan.

Asia-Plus’ning Bosh prokuraturadagi manbasi ma'lum qilishicha, bugungi kunda ushbu ish «terrorizm, qotillik, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish» moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.

«Tergov jarayonida Tojikiston Jinoyat kodeksining boshqa moddalari bo‘yicha ham ish qo‘zg‘atilishi mumkin», - dedi manba.

Avvalroq, Kobuldagilar Tojikistonga IShID jangarilari Afg‘onistondan kirib kelganini inkor etishgandi.

O‘z navbatida, Tojikiston davlat xavfsizlik organlari faxriysi Davlatxo‘ja Nazirov IShIDning chegara zastavasiga hujumi haqidagi versiya ishonchsiz ekanini bildirdi.

2019 yil 6 noyabrga o‘tar tunda qurollangan guruh Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida joylashgan chegara zastavasiga hujum qildi. Hujum «Sultonobod» chegara otryadi harbiy qismining Ishkoboddagi 4-sonli chegara zastavasiga amalga oshirilgan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qilishicha, Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida joylashgan chegara zastavasiga hujum qilgan shaxslar IShID terrorchi guruhi jangarilari bo‘lgan. Ular Tojikistonga Afg‘oniston tomondan o‘tib kelishgan.

Mavzuga oid