Jamiyat | 23:13 / 09.11.2019
18590
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda budjetga tushishi lozim bo‘lgan 800 mln so‘mdan ortiq pulni o‘zlashtirib yuborganlarga hukm o‘qildi  

Joriy yilning 27 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva shahar sudida sudlanuvchilar Atabek Eshchanov, Zilola Matyakubovalarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ma'lum bo‘lishicha, Atabek Eshchanov «TURONBANK» omonat kassa nazoratchisi Zilola Matyakubova bilan 2017 yilning fevral oyidan 2019 yil mart oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Xorazm viloyat IIB YHXB ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlariga avtomototransport vositalariga qayd etish guvohnomalari olish, ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, davlat raqami olish va texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun murojaat qilishga borgan fuqarolar tomonidan to‘langan 805 mln 414 ming 900 so‘m mablag‘ni bankka kirim qilmay soxta kvitansiyalar berib firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib yuborishgan.

Sud taraflarni tingladi, barcha og‘irlashtiruvchi, yengillashtiruvchi tomonlarni hisobga oldi va sud hukmini o‘qidi. 

Unga ko‘ra, sudlanuvchi Atabek Eshchanov Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topildi va to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Zilola Matyakubova tayinlangan olti yil-u olti oy ozodlikdan mahrum qilish jazosidan shartli ozod qilindi va unga uch yil sinov muddati berildi. Unga mazkur sinov muddatining dastlabki olti oyi mobaynida yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash vazifasi yuklatildi.

Sud hukmiga ko‘ra, jinoyat ishiga jalb etilgan «TURONBANK»ni fuqaroviy javobgar deb e'tirof etish rad etildi.

Sudlanuvchilar Atabek Eshchanov va Zilola Matyakubovalardan solidar tartibda davlat foydasiga 762 mln 324 ming 175 so‘m moddiy zarar undirilishi ko‘rsatib o‘tildi. Qolgan zararlarni undirish ularning bankdagi pullari va boshqa mablag‘lariga qaratilishi belgilandi.

Mavzuga oid