O‘zbekiston | 20:19 / 09.11.2019
22854
3 daqiqa o‘qiladi

«Zagranpasport» vaqtincha propiska qilingan joydan ham berilishi mumkin

Faqatgina xorijga chiqish hujjati vaqtincha hisobga olish joylaridan berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Faxriddin Tursunov 7 noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, eski namunadagi pasportni biometrik pasportga almashtirishda, shuningdek, 16 yoshga to‘lganda yoki amal qilishi muddati tugaganda biometrik pasport olishda fuqarodan doimiy ro‘yxatga olingan joyiga borish talab etiladi.

Faxriddin Tursunov
Foto: Kun.uz

“Masalan, Qoraqalpog‘istonda doimiy ro‘yxatda turadigan fuqaro Toshkent shahrida vaqtincha yashab, vaqtincha ishlayapti deylik. U xizmat safari, dam olish yoki davolanish uchun xorijga chiqadigan bo‘lib qoldi. O‘sha odam Chilonzor tumanida turadigan bo‘lsa, shu yerda vaqtinchalik ro‘yxatga olingan bo‘lsa, u xorijga chiqish hujjatini Qoraqalpog‘istonga bormasdan Chilonzordagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limidan olishi mumkin bo‘ladi. Ayni paytda qonun hujjatlariga shu bo‘yicha tegishlik o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda”, deya Faxriddin Tursunovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Matbuot anjumani davomida nima uchun biometrik pasportni olishda  hududiy cheklovni olib tashlanmayotganiga ham oydinlik kiritildi.

Faxriddin Tursunovning ta'kidlashicha, biometrik pasportga fuqaroning doimiy yashash joyi haqidagi shtamp bosiladi, xorijga chiqish hujjatiga esa doimiy yoki vaqtincha propiskaga qo‘yilgan joyi haqidagi shtamp bosilmaydi. Shu sababga ko‘ra biometrik pasport faqatgina fuqaroning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududdan beriladi.

IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Nodir Ziyayev pasportni propiskadan qat'i nazar istalgan hududdan olish tartibi ko‘zda tutilgan hujjat loyihasi tayyorlanib, 2 noyabr kuni vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborilganini ma'lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, loyiha jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ham joylashtirilgan.

Nodir Ziyayev
Foto: Kun.uz

«Loyihaga ko‘ra, nafaqat doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan fuqarolar, balki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tib yashayotgan fuqarolar ham rasmiylashtirish mumkinligi nazarda tutilgan. Tez kunda ushbu loyiha tasdiqlanib, ommaga batafsil, sodda tilda tushuntirish beriladi», deb aytgan Nodir Ziyoyev.

Avvalroq nafaqat “zagranpasport”ni, balki fuqarolik pasportini propiskadan qat'i nazar istalgan hududdan olish tartibi joriy etilishi haqida xabar qilingan edi.

Mavzuga oid