O‘zbekiston | 20:00 / 10.11.2019
87789
16 daqiqa o‘qiladi

YeOIIga a'zo bo‘lish migrantlar hayotini yengillashtirishi haqida bong urilmoqda. Aslida-chi?

So‘nggi haftalarda O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) qo‘shilishi masalasi borasida yuqorida prinsipial qaror berilganini ko‘rsatuvchi alomatlar paydo bo‘ldi.

Turli davlat arboblari va ekspertlarning YeOIIga kirish afzalliklari haqidagi asosan bir tomonlama fikrlari OAVda keng yoritilishi shunday xulosa qilishga asos bo‘ladi. Ittifoqqa a'zolik tarafdorlarining eng asosiy va «ishonarli» argumentlaridan biri bu – go‘yo O‘zbekiston YeOIIga a'zo bo‘lsa, Rossiyada yurgan millionlab o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining sharoitlari keskin yaxshilanishi haqidagi fikrdir. Ittifoqqa a'zolik afzalligi bo‘yicha keltirilayotgan boshqa siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni qo‘yib turaylik, keling, aynan shu asosiy argument sifatida keltirilayotgan «migrantlarimiz hayoti yaxshilanishi» fikri qanchalik to‘g‘ri ekanligini ko‘rib chiqamiz. Bunda YeOIIga 2015 yilda a'zo bo‘lib kirgan, Rossiyada 600 mingdan ortiq mehnat migranti yashayotgan va etno-madaniy jihatdan o‘zbeklarga yaqin bo‘lgan qirg‘izistonlik fuqarolar misolidan foydalanamiz.

YeOII tovar, kapital, xizmatlar va mehnat kuchining a'zo mamlakatlar o‘rtasida erkin harakatlanishini ko‘zda tutadi. Demak, tashkilot nizomi bo‘yicha fuqarolar ittifoqqa a'zo mamlakatlar hududida mahalliy aholi bilan bir xil huquqlarda mehnat qilishi mumkin. Darhaqiqat, qirg‘izistonliklar Rossiya hududida patent olmay mehnat qilish huquqiga ega. Patent olish har oylik to‘lov (hozirgi kunda Moskvada 5000, Sankt-Peterburgda 3800 rubl) amalga oshirishdan tashqari, uni qo‘lga kiritish uchun rus tili, Rossiya tarixi va huquqiy asoslari bo‘yicha test topshirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tishni taqozo etadi.

Bundan tashqari, qirg‘izistonliklar Rossiya hududiga kirgandan keyin ittifoqqa a'zo hisoblanmaydigan boshqa MDH davlatlari (masalan, O‘zbekiston yoki Tojikiston) fuqarolaridan farqli ravishda yetti kunda emas, balki o‘ttiz kun ichida yashash joylarini qayddan o‘tkazishlari kerak (registratsiya – sovet davridan qolgan propiska institutining yangi shakli hisoblanadi).

Yuqoridagi tilga olingan afzalliklar xaqiqatan jozibador va millionlab o‘zbekistonlik migrantlar uchun YeOIIga kirish uchun yetarli asos bo‘lib ko‘rinishi tabiiy. Aslida-chi? Rossiya qonunchiligida va ittifoq nizomlarida aks etgan bu qoidalar amalda qanday ishlaydi?

Migrantlar soni bo‘yicha dunyoda eng katta besh davlat orasiga kirishiga qaramasdan, Rossiyada mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmasdan faoliyat olib borish juda keng tarqalgan. Umuman, MDH hududida, shu jumladan Rossiyada, norasmiy, «soyadagi iqtisodiyot»ning ulushi katta. Bu ayniqsa mehnat migrantlari faoliyat olib boradigan sohada juda katta salmoqqa ega. Rossiya rasmiylari 2018 yilda mamlakatda taxminan 2 million «noqonuniy» (tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan) migrant borligini rasman e'tirof etishgan. Aslida haqiqiy raqamlar bundan yuqori bo‘lishi mumkin. Buni quyidagi sonlarda ham ko‘rsa bo‘ladi. Rossiya IIV rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda mamlakatga tashrif buyurgan 17,8 million xorijlikdan 5 million kishi mehnat qilish uchun kirgan. Ulardan 4,5 million kishi MDHga a'zo mamlakatlardan (2 million kishi O‘zbekistondan), 750 ming kishi YeOIIga kiruvchi Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari (bu raqamga quyida yana aniqlik kiritiladi). Demak, qolgan 3,7 milliondan ortiq kishi patent rasmiylashtirib mehnat qilishi kerak. Vaholanki, 2018 yilda Rossiyada 1,7 million patent rasmiylashtirilib, Rossiya Federatsiyasi sub'yektlari mahalliy budjetiga 57 milliard rubl kelib tushgan. Bu kamida ikki million kishi patensiz, ya'ni norasmiy ishlaydi, degani.

Endi YeOIIga 2015 yil aprelida a'zo bo‘lgan bevosita Qirg‘iziston fuqarolariga kelsak. Yuqorida 2018 yilda YeOIIga a'zo barcha mamlakatlardan (Armaniston – 208 ming, Belarus – 135 ming, Qozog‘iston – 111 ming va Qirg‘iziston – 352 ming) 750 ming kishi Rossiyada rasman ishlashi aytildi. Vaholanki, Qirg‘iziston rasmiy manbalari ham, Rossiya rasmiy manbalari ham Qirg‘izistondan Rossiyaga kelib ro‘yxatdan o‘tganlarning soni 600 mingdan ko‘pligini qayd etadi. Bu raqamdan talabalar (16 ming), vaqtincha (13 ming) yoki doimiy yashash (14 ming) huquqiga egalar, Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritganlarni (9 ming) chiqarib tashlasak ham ko‘p sonli qirg‘izlar mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmasdan, ya'ni norasmiy ishlab kelayotganini bilish mumkin. 2016 yildagi tadqiqot ham, 2017 yilgi tadqiqot ham qirg‘izistonliklarning faqat 60-61 foizigina mehnat shartnomalari tuzib ishlashini e'lon qildi.

Demak, YeOIIga a'zo mamlakat fuqarolari bo‘lishlariga qaramay kamida ikki yuz ming nafar qirg‘izistonlik Rossiyada mehnat shartnomalarisiz ishlashga majbur. Shartnomasiz ishlash degani va'da qilingandan kam oylik berish yoki ayrim hollarda bermaslik, belgilangan soatlardan ortiq ishlatish, sog‘lik yomonlashganda ijtimoiy himoya va tibbiy sug‘urta imkonsizligini anglatadi. Ya'ni Rossiyadagi qirg‘izistonliklarning 1/3 qismiga o‘z mamlakatining ittifoqqa a'zoligi hech qanday naf keltirmadi, deyish mumkin. Ayni paytda Rossiyada o‘zbekistonliklarning soni 2 million nafardan ko‘pligini inobatga olsak, O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilgan taqdirda ham 700 mingga yaqin kishiga a'zolik ortidan patent bekor bo‘lishi hech qanday ta'sir ko‘rsatmasligi mumkin.

Qolaversa, mehnat shartnomasi tuzilishi, ya'ni rasmiy ishlash ham Rossiya qonunchiligida ko‘zda tutilgan va mahalliy aholiga nisbatan qo‘llanadigan barcha imtiyozlarni kafolatlamaydi. Men gaplashgan ko‘p qirg‘izistonliklar mehnat shartnomasi rasmiylashtirilgan taqdirda ham ko‘p hollarda qog‘ozda ko‘rsatilgan va amalda olinadigan oylik maoshlar o‘rtasida farq borligini aytishadi. Co‘nggi tadqiqotlar qirg‘izistonlik migrantlarning ijtimoiy himoya va tibbiy cug‘urtadan qonunda ko‘rsatilgan tartibda foydalana olmasliklarini ko‘rsatmoqda. Shaxsan o‘zim Rossiyada qullikka tushib qolgan, mehnat va hatto fuqarolik huquqlari toptalgan o‘zbekistonliklar bilan birga qirg‘izistonliklarni ham uchratdim.

Rossiya mehnat qonunchiligiga ko‘ra, mamlakat soliq rezidentlari 13 foizlik daromad solig‘i to‘laydi (NDFL). Rezident bo‘lmaganlar (masalan, o‘zbekistonliklar) patent narxi bilan hisoblaganda 30 foiz daromad solig‘i to‘lashadi. Qirg‘izistonliklar Rossiya soliq rezidenti bo‘lishlari uchun bu mamlakatda 183 kun, ya'ni yarim kalendar yili mehnat qilishlari va soliqlarni to‘lab borishlari kerak. Ya'ni, YeOIIga a'zo mamlakatlar fuqarolari 30 emas, 13 foiz daromad solig‘i to‘lashlari uchun o‘sha mamlakatda kamida olti oy rasmiy mehnat qilishlari kerak bo‘ladi. Migrantlarimizning aksariyati bo‘lmasa ham, katta qismi bahorda Rossiyaga ketib mavsumiy ishlarda ishlab kuzda O‘zbekistonga qaytishlarini hisobga olsak, shuncha migrant uchun YeOIIga a'zo mamlakatlari fuqarolari uchun ko‘zda tutilgan soliq afzalligi ta'sir ko‘rsatmaydi (ya'ni patent olib to‘lash ham, 30 foizlik daromad solig‘i to‘lash ham bir xil xarajatga aylanadi). Demak, ushbu holatni va bir necha yuz ming o‘zbekistonlik shusiz ham patent puli to‘lamasdan mehnat qilayotganini hisobga olsak, O‘zbekiston telekanalida professor tili bilan aytilganidek, ittifoqqa a'zolik migrantlarimizning mamlakatga qo‘shimcha 33-34 trillion so‘m olib kelishi to‘g‘risidagi da'voda hech qanday asos yo‘q. Xuddi, YeOIIga kirishga ikki qo‘lni ko‘tarib tarafdor bo‘layotgan senator Odiljon Iminov ham ittifoqqa kirish orqali tejaladigan mablag‘ni 4 mlrd dollarga baholaganida asos yo‘q bo‘lgani kabi.

Endi yashash joyidan ro‘yxatdan o‘tish (registratsiya) masalasiga kelsak. Rossiya qonunlariga ko‘ra, har bir xorij fuqarosi yashash joyidan qayddan o‘tishi kerak. Yaqin-yaqingacha migrantlar yoppasiga biror hostel yoki ish beruvchining manzilini (bu ofis, qurilish maydoni yoki zavod-fabrika bo‘lishi ham mumkin) o‘z yashash joyi sifatida qayddan o‘tkazib qo‘yardi. 2-3 yil avval qabul qilingan yangi qoidalarga ko‘ra, hozir xorijliklar faqat ayni yashash joyidan qayddan o‘tishlari kerak. Lekin amalda rossiyaliklarning aksariyati o‘z uyida xorijliklarni ro‘yxatdan o‘tkazishni xohlamaydi. Demak, aksariyat xorijlik migrantlar, shu jumladan YeOIIga a'zo mamlakatlar fuqarolari ham «registratsiya»ni sotib olishadi, amalda esa o‘zlari ishlayotgan joyda yashashga moslashtirilgan xona yoki baraklarda yoki ijaraga olingan kvartirada bir necha kishi bo‘lib yashashadi. Bundan tashqari, YeOIIga a'zo mamlakatlar fuqarolari ham, MDHning boshqa mamlakatlari fuqarolari ham Rossiya hududidan chiqib qayta kirganida (masalan, o‘z yurtiga borib kelganida), avvalgi registratsiyasi bekor bo‘lib, yangidan qayddan o‘tish kerak bo‘ladi.

Qayddan o‘tmasdan yashash yoki asl yashash joyi bilan qayd etilgan joyi to‘g‘ri kelmasligi YeOIIga a'zo mamlakatlar fuqarolari uchun ham, boshqa MDH mamlakatlari fuqarolari uchun ham bir xil ma'muriy huquqbuzarlik hisoblanadi. Ikki marta ma'muriy huquqbuzarlik barcha fuqarolar uchun Rossiyadan deportatsiya qilinish va ism-sharifi mamlakatga kirish taqiqlangan «qora ro‘yxat»ga kiritilishini anglatadi. 2014-2016 yillarda Rossiya Ichki ishlar vazirligi va boshqa davlat muassasalari 145 ming qirg‘izistonlikni «qora ro‘yxat»ga kiritgan, shu davrning o‘zida 55 ming kishi bu ro‘yxatdan chiqarilgan. 2018 yil sentyabrida Rossiyaga kirishi taqiqlanganlar ro‘yxatida 70 ming qirg‘izistonlik bor edi. Demak, YeOIIga a'zo mamlakatlar fuqarolari uchun yashash joyidan ro‘yxatdan o‘tishga nisbatan ko‘proq vaqt berilgan bo‘lsa-da (7 kun emas, 30 kun), amalda bu boshqa mamlakatlar fuqarolari bilan bir xil to‘siq va muammolarga duch keladi.

Moskvada migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi «Tong jahoni» nodavlat tashkiloti rahbari Valentina Chupikning so‘zlariga ko‘ra, unga yordam so‘rab murojaat qiluvchilar asosan politsiya xodimlarining noqonuniy harakatlaridan shikoyat qilishadi. Murojaatlarning aksar qismi kuch ishlatar organlar tomonidan noqonuniy ushlab turish, milliy va diniy motivlarda haqorat qilish, jismoniy kuch ishlatish hamda noqonuniy ishga olish, ishga haq to‘lamaslik va boshqa shikoyatlarga nisbatan tegishli organlarning chora ko‘rmasligiga taalluqli bo‘ladi. Bunday harakatlar Rossiya qonunlarida jinoiy ish sifatida malakalanishi kerak.

Bundan tashqari, huquqshunoslarning so‘zlariga ko‘ra, politsiya xodimlari «Migrant-jiloy sektor», «Chistyy gorod», «Ostanovi i dosmotri» kabi doimiy reydlar tashkil qilib, og‘zaki topshiriqlar asosida slavyan ko‘rinishiga ega bo‘lmagan shaxslarni to‘xtatishadi. Bunday «tadbirlar» natijasida aksariyat hollarda Markaziy Osiyodan kelgan fuqarolar politsiya tomonidan ushlanishi, qo‘yib yuborish evaziga pora talab qilinishi va ko‘p hollarda uchastkaga keltirilishi mumkin.

Chupikning so‘zlariga ko‘ra, huquqiy yordam so‘rab murojaat qiluvchilarning orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bilan bir qatorda Qirg‘iziston fuqarolarining ulushi ham ancha katta. Masalan, 2018 yil sentabr oyidan 2019 yil may oyigacha huquqiy yordam so‘rab murojaat qilganlarning 17 foizi (3318 murojaat) qirg‘izistonliklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, ushbu mamlakat fuqarolarining Rossiyadagi umumiy xorijliklar orasidagi ulushi 7 foizni tashkil qiladi (bu ko‘rsatkich tegishli ravishda O‘zbekiston fuqarolari uchun 38/32, Tojikiston fuqarolari uchun 36/16 foizni tashkil qiladi). Demak, YeOIIga a'zo bo‘lish Qirg‘iziston fuqarolarining huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan huquqlari poymol etilmasligini kafolatlay olmaydi.

Yana bir gap. Davlatlar o‘zaro yaqinlashib, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy omillar sababli ittifoq tashkil qilishga, integratsiyalashuvga qaror qilarkan, bunday intilish asosida o‘zaro hurmat va tenglik yotishi kerak. Ya'ni, a'zo mamlakatlar fuqarolari bir-birini yaqin ko‘rishi yoki hech bo‘lmaganda neytral munosabatda bo‘lishi taqozo etiladi. Bunday munosabatlar davlatlarning siyosiy manfaatlaridan kelib chiqib emas, tom ma'noda xalqlarning yaqinlashuviga sabab bo‘ladi. Va bunday ittifoqlar o‘z-o‘zidan mustahkam va bardavom bo‘ladi. Lekin taassuf bo‘lsinki, Rossiyada Markaziy Osiyodan kelgan insonlarga past nazar bilan qarash, mensimaslik kayfiyati ancha yuqori. So‘nggi o‘n yil davomida «Levada» markazi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, aksariyat rossiyaliklar mamlakatda imkon qadar Markaziy Osiyo vakillari kamroq bo‘lishi tarafdori. So‘nggi ijtimoiy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo vakillarining Rossiyaga kirishini cheklash tarafdorlari 72 foizni tashkil etgan.

Kondopaga, Manejnaya maydoni, Biryulevodagi kabi to‘polonlar, ksenofobiya va rasizm motivlarida onda-sonda bo‘lsa-da ro‘y berib turadigan zo‘ravonlik va hatto qotillik holatlari ham mamlakatda aksilmigrant kayfiyatlar yuqoriligini ko‘rsatadi. Uzoqqa bormay, 2019 yil mart oyida Yoqutistonda bo‘lgan voqealarni esga olaylik. Go‘yoki mahalliy qizni uch qirg‘izistonlik zo‘rlagani haqidagi xabar Yakutsk ahlini junbishga keltirdi: mitinglar tashkil qilindi, Markaziy Osiyodan kelganlar ishlaydigan kafelar, do‘konlar va xonadonlarga hujumlar uyushtirildi, bir necha kishi kaltaklandi, migrantlarni Yoqutistondan yoppasiga chiqarib yuborishga chaqiriqlar bo‘ldi. Vaholanki, mahalliy aholi chiqarib yuborishni talab qilgan migrantlarning aksariyati Qirg‘iziston fuqarolari edi. Demak, Qirg‘izistonning YeOIIga a'zo bo‘lishi rossiyaliklarning ijobiy yoki hech bo‘lmaganda neytral munosabatda bo‘lishini bildirmaydi.

Albatta, har qanday jinoyatga huquqiy baho berilishi va tegishli jazo belgilanishi kerak. Bundan tashqari, oddiy rossiyaliklar orasida og‘ir mehnat orqasidan pul topayotgan muhojirlarga nisbatan iliq munosabatda bo‘luvchilar ham yo‘q emas. Lekin bunday kishilar ovozi qarshi ovozlar ummonida deyarli eshitilmayapti.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni xulosa qilish mumkinki, O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishida asosiy argument sifatida ko‘rsatilayotgan «mehnat migrantlarimizning hayoti keskin yaxshilanishi, mamlakatning ittifoqqa a'zoligi ortidan ular orttirgan trillionlab so‘mlar O‘zbekistonga kelishi» to‘g‘risidagi fikrlar, yumshoq qilib aytganda, yetarli asosga ega emas. To‘g‘ri, YeOIIga a'zo bo‘lish ko‘plab vatandoshlarimizning hayotini biroz bo‘lsa-da yengillashtiradi, ularning ma'lum bir toifasi xarajatlarini nisbatan qisqartiradi. Lekin buning samarasi boshqa yuz minglab migrantlarimiz hayotida deyarli hech qanday rol o‘ynamaydi.

Sherzod Eraliyev (PhD)

Xelsinki universiteti tadqiqotchisi

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamaydi

Mavzuga oid