Jahon | 17:14 / 14.11.2019
9567
2 daqiqa o‘qiladi

Hongkongda namoyishchilar politsiyaga kamonlardan o‘q uzdi

Foto: Tyrone Siu / Reuters

Hongkong politsiyasi namoyishchilar politsiya xodimlariga kamonlardan o‘q uzishgani va gul ekilgan tuvaklarni uloqtirishgani haqida ma'lum qildi, deb xabar berdi Bloomberg. Politsiyachilar bunga javoban ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llashgan.

Hongkongda to‘rt kundan buyon namoyishlar va politsiya bilan to‘qnashuvlar davom etmoqda. Namoyishchilar shahar transporti harakatini to‘xtatib qo‘yishga urinishmoqda. OAVning xabar berishicha, keyingi kunlarda namoyishchilar orasida kamonlar, nayza va arbaletlar bilan qurollanganlar paydo bo‘lgani haqida xabar bermoqda.

Shaharda bog‘chalar va maktablar hafta oxiriga qadar yopildi. Universitetlarda ham dam olish kunlariga qadar o‘qishlar bekor qilindi.

Hongkongdagi Xitoy universiteti kampusi namoyishchilarning asosiy lagerlaridan biriga aylangan. Bu yerda talabalar va politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lishi natijasida yaqin-atrofdagi temir yo‘l stansiyasiga zarar yetdi. Talabalar universitet oshxonalaridan birini egallab olishdi va namoyishchilarga taom tayyorlab berishmoqda, deb yozadi South China Morning Post. 

Politsiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilarning o‘zlarini tutishlari terrorizmga yaqin kelmoqda. Uning aytishicha, Xitoy universiteti hududida yonuvchi aralashmali idishlar, kamonlar, nayza va katapultalar tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid