O‘zbekiston | 19:17 / 14.11.2019
3911
3 daqiqa o‘qiladi

Statistikani rivojlantirish strategiyasi ijrosi uchun 52 mln dollar ajratilishi mumkin

O‘zbekistonda 2020-2025 yillarda statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi ishlab chiqilib, uning ilk varianti 14 noyabr kuni jamoatchilikka taqdim etildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, strategiyani amalga oshirish 52,2 mln dollarga tushishi mumkin.

Strategiya Davlat statistika qo‘mitasi va Jahon banki ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan. Hujjat mamlakatni sifatli va tez yangilanuvchi statistikalar bilan ta'minlashni ko‘zda tutadi.

«Bunda mamlakatning iqtisodiy raqobatbardoshligini oshirish, biznes muhitini yaxshilash, ish o‘rinlari soni tez o‘sishi uchun infrustrukturani yaxshilashga e'tibor qaratmoqda.

Mana shu islohotlarni kuchaytirish uchun hukumat, turli tegishli idoralar va xalqaro tashkilotlar ham ishonchli va qulay ma'lumotlarga suyanadi.

Qisqacha aytganda, ma'lumot va statistik tahlillar shunday qurolki, ular xalqni boy qilish uchun ishlatiladi. Shuning uchun ham hamma tashkilot birgalikda mamlakatni tez yangilanuvchi, sifatli rasmiy statistikalar bilan ta'minlab borishga harakat qilishi zarur», – deydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i Xideki Mori.

Xideki Mori / Foto: Davstatqo‘m

«Statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi (2020-2025)»ning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • tashkiliy, huquqiy infrastrukturani yaxshilash;
  • statistik strukturani yaxshilash;
  • yetkazib beruvchi va qabul qiluvchi aloqalarini yaxshilash; 
  • ma'lumot olish jarayonini va fizik infrastrukturani yaxshilash;
  • metodlarni rivojlantirish.

«Har bir yangilik va tizim, albatta, amaliyotda qo‘llashdan oldin sinovdan o‘tkaziladi. Har bitta yo‘lga qo‘yilishi lozim bo‘lgan sistema parallel ravishda yana bir varianti mavjud bo‘lgan holda so‘rovnomalar, tadqiqotlarga asoslanib joriy qilinadi», – deyiladi hujjat matnida.

Foto: Davstatqo‘m

Kutilayotgan natijalarga 5 bosqichda erishiladi:

  1. Foydalanuvchilarga ko‘proq ma'qul bo‘lish.
  2. Ma'lumot yetkazuvchilardagi motivatsiyaning oshishi.
  3. Hukumat va boshqa hamkorlarning ko‘proq qo‘llab-quvvatlashi.
  4. Xodimlarning ruhlanishi va malakasi oshib borishi.
  5. Milliy statistika tizimining yaxshilanishi.

Strategiya loyihasi dekabr oyida tasdiqlanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid