Jamiyat | 22:00 / 14.11.2019
61961
15 daqiqa o‘qiladi

«Zamhokim» va muxbir ishi: shahar prokuraturasi o‘z qarorini himoya qilmoqdami yoki Vahobovni?

13 noyabr kuni Toshkent shahar prokuraturasida jurnalistlar uchun brifing tashkil etildi. Tadbirda Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov hamda Kun.uz sayti xodimlari o‘rtasida sodir bo‘lgan holat bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasi haqida axborot berildi. Quyida voqealar xronologiyasi va unda bildirilgan fikrlar keltiriladi.

Tadbirda Abdurasul Vahobov bilan Kun.uz tahririyati xodimlari o‘rtasida yuzaga kelgan holat haqida internetda e'lon qilingan maqola yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazgan Toshkent shahar prokuraturasi ijtimoiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi katta prokurori Sayyod Jumaboyev hodisa tarixi va tergovga qadar tekshiruv natijalari haqida qisqacha ma'lumot berdi. Jumaboyevning hisobotida yangragan ayrim jumlalar jurnalistlarning e'tirozlariga sabab bo‘ldi.

Shahar prokurori o‘rinbosari A.Po‘latovning aytishicha, bu holatda qonun talablarini faqat sobiq hokim o‘rinbosari emas, balki jurnalist ham buzgan. U «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasida jurnalistlar kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya qilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgani, mazkur qonunga ko‘ra har bir holatda avvalambor shaxsning roziligi bilan uni tasvirga olish, qadr-qimmat masalalari aks ettirilganini ta'kidladi.

Brifingda jurnalistlar nima uchun tergovga qadar tekshiruv jarayonida Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarining Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati va «MY5» telekanaliga bergan intervyusida aytgan gaplari tasdig‘ini topmagan bo‘lsada, uning R.Isroilov haqida aytgan gaplari uchun chora ko‘rilmagani sabablari bilan qiziqdi.

«Tergov sohasida shunday bir narsa borki, bir og‘iz gap bilan, bir og‘iz so‘z bilan birovning taqdirini, birovning javobgarlik masalasini hal qilib bo‘lmaydi. Agar unaqa zamon bo‘lsa, kechirasiz-u boshboshdoqlik bo‘lib ketadi. Har bir jinoyat bo‘ladimi, har bir huquqbuzarlik bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv bo‘ladimi, bunaqa paytda har bir holatga to‘plangan hujjatlar, dalillar, isbotlar majmui bilan u yoki bu shaxsning harakatiga qonuniy baho beriladi. Shuning uchun ham mazkur holatda qonun buzilmaganini shahar prokuraturasining qarorida ko‘rsatganmiz», dedi A.Po‘latov.

Jurnalistlar savollarga berilayotgan javoblardan kelib chiqib shahar prokuraturasi tomonidan tashkil etilgan mazkur brifing yuzaga kelgan holatga aniqlik kiritish uchun emas, balki «Vahobov ishi» bo‘yicha chiqarilgan qarorni himoya qilish maqsadida tashkil etilganga o‘xshayotganini aytib, prokuratura organlari ro‘yi-rost ko‘rinib turgan qonunbuzarlikka nega adolatli huquqiy baho berilmayotgani bilan qiziqishdi.

Jurnalistlarning bu kabi savollariga A.Po‘latov javob berdi.

«JPKning 23-moddasiga ko‘ra ham, unga asos bo‘lgan Konstitutsiyada ham biror masalada sudning qonuniy qarorisiz aybli deb topilishi mumkinmasligi belgilab qo‘yilgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida hech kim bunaqa so‘zni ishlatishga haqqi yo‘q. Hatto jinoyat ishi tergovida ayblanuvchi sifatida jalb qilinganda ham, JPKning 361-moddasiga asosan shaxsga ayb e'lon qilinib aybdor deb topilganda ham bu faqatgina tergov organi fikri hisoblanadi va sudning hukmi qonuniy kuchga kirgunga qadar biror bir shaxs aybli deb hisoblanmaydi», deydi shahar prokurori o‘rinbosari.

U har bir shaxsning daxlsizlik huquqi borligi, u prokuror bo‘ladimi, hokimiyat vakilimi, jurnalist bo‘ladimi, videoga olish uchun odamning roziligi olinishi kerak, deb hisoblashini bildirdi.

Quyida matbuot anjumanida bo‘lib o‘tgan savol-javoblarning ahamiyatga molik qismlari keltiriladi.

Musulmonbek Ibrohimov, «Daryo.uz» muxbiri:

– Bu «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunga zid bo‘ladi. Videodagi holat bu odamning (Vahobov) shaxsiy hayotimas. Ruxsat to‘g‘risida qayta-qayta gapiryapsiz, lekin ko‘chada ikki kishi bir kishini urayotgan bo‘lsa, men jurnalist sifatida suratga olishdan oldin ulardan janjalni to‘xtatib turishni so‘rab, ruxsat olishim kerakmi? Shunday holatlar ham bo‘ladiki, jurnalist o‘zini tanishtirishga ham ulgurmaydi. Qolaversa, nega jurnalistning o‘zini tanishtirmaganiga qayta-qayta urg‘u berilyaptiyu, hokim o‘rinbosarining tajovuzi e'tibordan chetda qoldirilyapti?

Aliakbar Po‘latov, shahar prokurori o‘rinbosari:

– Men sizlarga qonundagi normani aytyapman. Qonundagi norma asosida jurnalist ruxsatsiz birovning shaxsiy daxlsizligini buzishga haqi yo‘q.

Sayyod Jumaboyev, shahar prokuraturasi bo‘lim katta prokurori:

– Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Abdurasul Vahobov tushuntirish xati bergan. O‘zini kelib tanishtirmagani uchun, ya'ni bostirib kelib videoga olib turgan holatda ularga nisbatan o‘sha video ko‘rsatilgan voqea yuz bergan.

Abror Zohidov, «Kun.uz» muxbiri:

– Hokim o‘rinbosari muxbirni avvaldan taniganmi-yo‘qmi?

Aliakbar Po‘latov, shahar prokurori o‘rinbosari:

– Xodim taniganinimas, tanishtirmagani haqida aytyapti-ku?

Sayyod Jumaboyev, , shahar prokuraturasi bo‘lim katta prokurori:

– Siz hozir tanimaganlik bilan tanishtirmaganlikni adashtirayapsiz.

Dilafro‘z Jo‘rayeva, «MY5» telekanali muxbiri:

– Tanimaganman degan. Bizda video bor.

Jurnalistlar Rahmatillo Isroilov hokim o‘rinbosaridan yer talab qilgani tergovga qadar tekshiruv davomida tasdig‘ini topgani yuzasidan izoh berishni so‘rashdi.

Sayyod Jumaboyev, shahar prokuraturasi bo‘lim katta prokurori:

– Bu holatga izoh berib ketaman. Ya'ni sizlar aytayotgan holatda pora berish haqida, pul miqdori haqida umuman hech qanaqa gap-so‘z bo‘lmagan. Pul miqdori, siz aytayotgan bir million dollar, ular faraz qilingan masala. Bu haqda mana o‘zidan ham so‘rasangiz bo‘ladi. Ya'ni, pul haqida umuman gap bo‘lmagan, mukofot va'da berish holatlari bo‘lmagan. Vahobov bergan tushuntirish xatiga ko‘ra, 2019 yil yanvar oyida, G‘alaba bog‘i qurilishi rejalashtirilgan Sobir Rahimov haykali oldida muxbir 1 gektar bo‘sh turgan yer maydonini ajratib berishda yordam so‘ragan. Ana shu yordam evaziga ular tomonidan keyin biron bir pul mukofoti, boshqa bir holat bo‘lmagan.

Abror Zohidov, «Kun.uz» muxbiri:

– Muxbir yer so‘raganiga isbot bormi?

Sayyod Jumaboyev, shahar prokuraturasi bo‘lim katta prokurori:

– Vahobov tushuntirish xatida shunday deyapti: «Keldi, iltimos qildi, iltimos, shuni hal qilib bering, hal bo‘lgandan keyin men sizni rozi qilaman, degan gaplar bo‘lgan».

Vahobov bu masala uning vakolatiga kirmasligi, bu Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshirilishini tushuntirib javobini berganini aytgan. U bergan tushuntirishga ko‘ra, muxbir iltimos bilan chiqqan, lekin summa haqida gap bo‘lmagan. «Aka, yordam bering, shu masalani hal qilib bering, iltimos» deb aytgan. Tushuntirish xatida bu gap bo‘lishidan oldin Samarqand viloyatidan kelgani, moddiy ahvoli qiyinligi, oylik ish haqi kamligini ta'kidlab o‘tganini ko‘rsatgan.

Jurnalist Isroilovdan tushuntirish olganimizda esa u bu holat umuman bo‘lmagani, Vahobovni 2019 yil avgust oyida birinchi marta ko‘rganini ta'kidladi.

Abror Zohidov, «Kun.uz» muxbiri:

– Sizning fikringiz so‘ralyapti, tergovga qadar tekshiruv olib borgansiz. Shunaqa holat bo‘lganmi-yo‘qmi?

Sayyod Jumaboyev, shahar prokuraturasi bo‘lim katta prokurori:

– Bu holatni o‘rtada boshqa odamlar ko‘rmagan. Dalil-isboti yo‘q. Bu kishi (A.Vahobov) o‘zining fikrida turibdi, ular (R.Isroilov) o‘zining fikrida turibdi. Summa haqida gap yo‘q. JKning 211-moddasini o‘qisangiz ham aniq o‘sha mansabdor shaxs vakolatiga kirgan muayyan harakatni bajarishi yoki bajarmasligi evaziga moddiy manfaatdor bo‘lish jinoyat tarkibi alomatlari bo‘lganda, demak, muxbirga nisbatan pora berish bilan biz ayblasak bo‘lardi, lekin bu holat yo‘q. Chunki summa haqida gap yo‘q. Biz JKning 139-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat tarkibi alomatlarini aniqlamadik.

Jamshid Niyozov, «Kun.uz» muxbiri:

– Agar jurnalist pora taklif qilgani isbotlanganda, u javobgarlikka tortilgan bo‘lardi, to‘g‘rimi? Mana yuqorida aytilyaptiki, tergovga qadar surishtiruv davomida uning pora taklif qilgani isbotini topmadi. Lekin pora taklif qilgani haqida da'vo bor. Isbotini topmagandan keyin da'vo asossiz. Asossiz da'vo qilgan, ya'ni tuhmat qilgan odamga qonuniy tartibda chora ko‘rilish kerak emasmi?

Aliakbar Po‘latov, shahar prokurori o‘rinbosari:

– Qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv davomida shahar prokurorining Toshkent shahar hokimiga kiritgan taqdimnomasi asosida bevosita hokimlik tomonidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilgan va Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari shu taqdimnoma asosida o‘z vazifasidan ozod qilingan. Bizning tekshiruvimiz yakuni bo‘yicha shunday xulosaga kelganmizki, mana shu lavozimidan ozod qilinishi davlat organlarida 20 yildan beri xizmat qilayotgan xodim uchun, menimcha, undan ortiq jazo ham nimamas. Prokuraturaning pozitsiyasini sizlarga yoritdim.

Ikrom Narimov, shahar prokurori birinchi o‘rinbosari:

– Hozir bu yerda aytib o‘tildiki, kechirim so‘rash to‘g‘risida. Mana hozir hammamiz shuncha gap aytdik, bular (A.Vahobov) o‘zlari kelgan ekanlar, bularning o‘zining vijdoniga havola. Biz bularning o‘ziga qo‘yib beramiz. Bitta narsani tushuntirib o‘tay, taqdimnomayam prokuror ta'sir chorasi hisoblanadi. Prokuror ta'sir chorasi oqibatida 20 yildan beri ishlagan shaxs hokimiyat organidan ishdan bo‘shatildi. Bu qaysidir tomonning yonini olishmas, umumiy obektiv holatga baho berilgan ta'sir chora oqibatida kelib chiqqan jazo turi. Bu – ish beruvchining o‘zining jazo turi. Buni shunaqa deb qabul qilinglar-da. Ikkinchidan, muxbirimiz haqiqatan eshitgan gaplaridan ezilayotgan bo‘lsa, iztirobda bo‘lsa, u kishining huquqi bor. O‘zining huquqi asosida bemalol murojaat qilishi mumkin bizga. Biz uni ko‘rib chiqamiz, keyin bahosini beramiz. [Hozirgi qarorda] umumiy holatga baho berilgan. Shaxsiy haqoratlangan degan ma'noga olib kelayapsizlar-da.

Aliakbar Po‘latov, shahar prokurori o‘rinbosari:

– Toshkent shahar prokuraturasining qarori yakuniy emas. Qaror hali nazorat tartibida o‘rganiladi. Jurnalist bu bo‘yicha murojaat qiladi bizga yo Bosh prokuraturaga. Bu qaror yuqori turuvchi prokuror tomonidan yana bir marta o‘rganiladi.

Musulmonbek Ibrohimov, «Daryo.uz» muxbiri:

– Demak, tadbirdan xulosa qiladigan bo‘lsak, Kun.uz muxbiri jurnalistik etika qoidalariga zid harakat qilganmi?

Aliakbar Po‘latov, shahar prokurori o‘rinbosari:

– Mazkur holatda tergovga qadar tekshiruv davomida faoliyatlaringni tartibga soluvchi qonunning men yuqorida aytgan moddasi bo‘yicha haqiqatda jurnalistlik etikasiga amal qilmagan. Yana bir marta takrorlayman. Qaror nazorat tartibida o‘rganiladi yuqori turuvchi prokuror tomonidan va bekor qilinishi mumkin.

Qisqa xulosa va ma'lumotlar:

  • Matbuot anjumani atayin ayni shu masalaga aniqlik kiritib olish uchun tashkil etilgani aytilgan bo‘lsa-da, jurnalistlarning fikriga ko‘ra aytarli biror masalaga aniqlik kiritilmadi.
  • Yig‘ilishda shahar prokurori o‘rinbosari A.Po‘latov jurnalistlarga huquqshunos emasliklari, tushunmagan narsasi haqida fikr bildirmasliklarini tushuntirib qo‘ydi.
  • Keskin bahs va munozaralar bilan o‘tgan mazkur anjumanda Vahobov tuhmat qilganmidi yoki yoki Isroilov tamagirlik qilganmi, degan savolga aniq javob berilmadi.
  • Yig‘ilishda, bu qabul qilingan qaror yakuniy emasligi, manfaatdor shaxslar shikoyat bildirsa, Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida ko‘rib chiqilishi mumkinligi eslatib o‘tildi.
  • Ma'lum bo‘lishicha, muxbir R.Isroilov shahar prokuraturasi qabul qilgan mazkur qarordan norozi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nomiga shikoyat yo‘llagan.
  • Mazkur shikoyat Bosh prokuraturada ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq jarayonlarni kuzatishda davom etamiz.

Eslatib o‘tamiz, Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov shu yilning 14 avgust kuni Kun.uz sayti xodimlariga tahdid qilgach, bu voqea ijtimoiy tarmoqda rezonans keltirib chiqargandi.

Avvaliga Toshkent shahar prokuraturasi Vahobovning sayt xodimlariga nisbatan xatti-harakatlari yuzasidan tekshirish o‘tkazib, yakunda biror bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan edi.

Keyinroq, Vahobov lavozimidan ozod etilgani, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qaror Bosh prokuraturasi tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha o‘rganish uchun shahar prokuraturasiga yuborildi. 19 oktabr kuni holat yuzasidan o‘tkazilgan qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari yakuni bo‘yicha Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari A.Vahobov va Kun.uz muxbiri R.Isroilovning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Prokuraturaning Vahobov bo‘yicha qaroridagi paradoks haqida tahliliy materialda pora taklif qilgani rost bo‘lsa, muxbir javobgarlikka tortilishi kerakligi, sobiq hokim o‘rinbosarining muxbir haqida aytgan gaplari isbotlanmasa, unda u javobgarlikka tortilishi lozimligi ta'kidlangan edi.

Mavzuga oid