Jahon | 19:40 / 17.11.2019
71075
3 daqiqa o‘qiladi

«Bizga bunday ittifoqning nima keragi bor?»: Lukashenko Rossiya bilan birlashish borasida o‘z fikrini bildirdi

EPA

17 noyabrda Belarusda parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda va mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko saylov uchastkasida ovoz bergach, Rossiya bilan birlashish istiqbollariga baho berdi.

Lukashenko Rossiya bilan har yillik savdo defitsiti 9 mlrd dollarni tashkil qilishini va Belarus mahsulotlarining Rossiya bozorlariga qo‘yilmasligi bu defitsitni kamaytirishga yordam bermasligini aytib o‘tdi.

«Sen biror birlashmaga kirayotganingda, bundan har oy va yil tobora yaxshiroq bo‘lishini kutasan. Bizda-chi, nima sodir bo‘lmoqda? Bizga har yil yangi shartlar qo‘yilmoqda. Natijada biz iqtisodiyotda nimadir yo‘qotganimiz-yo‘qotgan», deb aytgan Belarus yetakchisi.

«Bizga bunday ittifoqning nima keragi bor? Men sizlarga oddiy, dehqonchasiga aytmoqdaman!», deb qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Lukashenko Belarus Rossiyadan hech narsa so‘ramasligi, biroq xo‘jalik sub'yektlari uchun teng sharoitlarni talab qilayotganini aytgan. 

Minsk va Moskva kelishuvi

Minskda ta'kidlanishicha, hozirda Moskva ikki davlat o‘rtasida 1999 yilda tuzilgan ittifoq haqidagi kelishuvning bajarilishini talab qilmoqda.

Belarus va Rossiya prezidentlari integratsiya hujjatlarini 8 dekabrda, ittifoq tashkil etilganining 20 yilligida imzolashni rejalashtirmoqda.

«Agar hujjatlar konstitutsiyaga va jamiyatimizning asosiy tamoyillariga zid bo‘lsa, men tomonimdan imzolanmaydi. Bu borada xavotir qilmang», deb aytgan Belarus prezidenti.

Lukashenko, shuningdek, 2020 yilda o‘tadigan navbatdagi prezident saylovlarida ishtirok etishini ma'lum qilgan.

«Agar odamlar meni biror saylovlarda qo‘llab-quvvatlashmasa, xafa bo‘lmayman. Men yetarlicha ancha vaqt ishladim. Bu saylovlarga mening nomzodimni ilgari surish haqida siz o‘ylang. Agar barqarorlikni, davlat ravnaqini qadrlasangiz, sizni sotmasliklari va biror burchakka tiqishlarini istamasangiz, unda kelib, «eshit, prezident, san hali baquvvatsan», deb aytinglar», deya ta'kidlab o‘tgan Lukashenko.

Belarus prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u «agar xalq iltimos qilsa», 2025 yilda 7-muddatga nomzodini ilgari surishni ham rejalashtirayotgani kelib chiqmoqda.

Mavzuga oid