O‘zbekiston | 13:00 / 17.11.2019
19964
3 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi: shahar hokimi insoniylikka to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlarni bildirgan

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarni yo‘q qilish tahdidi aks etgan audioyozuv bo‘yicha munosabat bildirdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

“Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli audio va matnli axborot keng tarqaldi. Agar unga ishoniladigan bo‘lsa, shahar hokimi so‘z erkinligi va jurnalistlar sha'niga nisbatan, nafaqat egallab turgan lavozimiga, balki umuman insoniylikka to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlarni bildirgan.

Jurnalistlarimiz Uyushma tomonidan “Telegramm” kanalida ochilgan “O‘zbekiston Jurnalistlari guruhi” sahifasida ham ijtimoiy tarmoqlarda J. Ortiqxo‘jayevga tegishli ana shu audio va matnli axborot paydo bo‘lgan paytdan boshlab bunday munosabat madaniyatsizlik ekani haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirishmoqda.

Qo‘shimcha qilib shuni alohida ta'kidlaymizki, Jurnalistlar uyushmasi tegishli huquq-tartibot idoralari ushbu holat yuzasidan o‘zlarining adolatli xulosalarini bildirishlari zarur, deb hisoblaydi. Inson sha'ni, jumladan jurnalist sha'ni va haq-huquqi himoyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan va uning har qanday buzilishlari qonuniy baholanishi lozim”, deyiladi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bayonotida.

16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarni yo‘q qilish tahdidi aks etgan audioyozuvi tarqaldi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi birinchilardan bo‘lib ushbu audioyozuvga munosabat bildirdi va bu holatni inson huquqlari va uning sha'ni, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlarining buzilishi deb hisoblab, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasidan ushbu holat yuzasidan himoyaviy chora ko‘rilishini so‘radi.

Xalq demokratik partiyasi esa Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga tahdidini xalq va davlatga hurmatsizlik deb baholadi.

Keyinroq AOKA audioyozuv bo‘yicha o‘rganish olib borilayotgani hamda o‘rganish natijasida tegishli choralar ko‘rilishini ma'lum qildi.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov feysbukdagi sahifasida kun mavzusi yuzasidan munosabat bildirib, audioyozuv haqiqiyligi isbotlanmaguncha ushbu vaziyatga izoh berish noto‘g‘riligini aytib o‘tdi.

Mavzuga oid