O‘zbekiston | 12:30 / 17.11.2019
37288
3 daqiqa o‘qiladi

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari jurnalistlarga tahdid haqidagi audioyozuv haqqoniyligiga shubha bildirdi

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov feysbukdagi sahifasida kun mavzusi yuzasidan munosabat bildirib, audioyozuv haqiqiyligi isbotlanmaguncha ushbu vaziyatga izoh berish noto‘g‘riligini aytib o‘tdi.

«Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ovozi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan audioyozuvning haqiqiyligi tasdiqlanmagunicha ushbu masalada fikr bildirishni to‘g‘ri deb hisoblamaymiz.

Mavzu bo‘yicha birinchi bo‘lib izoh yoki bayonot berish Jahongir Ortiqxo‘jayev va xabarning muallifiga tegishlidir.

Shu o‘rinda jamiyat axborot iste'mol madaniyatining piramida shaklidagi uchta darajasi haqida aytib o‘tmoqchiman:

Birinchi, eng quyi va eng ko‘p qatlam - axborotni eshitadi va shundayligicha iste'mol qiladi;

Ikkinchi, o‘rta-o‘zgaruvchan, kamayishga moyil qatlam - axborotni eshitadi, o‘zini darajasida tahlil qiladi, munosabat bildirmaydi;

Uchinchi, eng kam, jamiyatni siyosiy tafakkurini ko‘rsatadigan qatlam - axborotni eshitadi, tekshirib-tahlil qiladi va munosabat bildiradi.

Jamiyatning mafkuraviy va siyosiy immunitet darajasi uchinchi qatlamning darajasiga tengdir», — deb yozadi Alisher Qodirov o‘z sahifasida.

16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarni yo‘q qilish tahdidi aks etgan audioyozuvi tarqaldi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi birinchilardan bo‘lib ushbu audioyozuvga munosabat bildirdi va bu holatni inson huquqlari va uning sha'ni, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlarining buzilishi deb hisoblab, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasidan ushbu holat yuzasidan himoyaviy chora ko‘rilishini so‘radi. 

Xalq demokratik partiyasi esa Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga tahdidini xalq va davlatga hurmatsizlik deb baholadi.

Keyinroq AOKA audioyozuv bo‘yicha o‘rganish olib borilayotgani hamda o‘rganish natijasida tegishli choralar ko‘rilishini ma'lum qildi.

Mavzuga oid