Light | 14:44 / 20.11.2019
27683
11 daqiqa o‘qiladi

Nike, Starbucks, Apple va boshqalar. Siz qaysi mashhur brend bilan tengdoshsiz? (2-qism)

Jahon darajasidagi kompaniyalar orasida bir necha o‘n yillik tarixga ega brendlar oz emas. Quyida 1961-1980 yillar oralig‘ida tashkil etilgan mashhur kompaniyalar haqida qisqacha so‘z boradi.

Ro‘yxatga qarab, 28-49 yosh oralig‘idagi insonlar o‘zlari tug‘ilgan yilda dunyo miqyosida dovruq qozongan qaysi brendga asos solinganini bilib olishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, birinchi maqola 1945-1960 yillarda tug‘ilganlar uchun atalgan edi.

1961 yil – Luxottica

Milanda tadbirkor Leonardo Del Vekkio tomonidan asos solingan ko‘zoynaklar ishlab chiqaruvchi dunyodagi yirik kompaniya. Ray-Ban, Persol va Oakly brendlariga egalik qiladi, shuningdek, Chanel, Prada, Versace, Dolce & Gabbana uchun ko‘zoynak va gardishlar ishlab chiqaradi.

Kompaniya 2018 yil oktyabrida linzalar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yirik kompaniya Essilor bilan birlashdi. Natijada jami bozor kapitalizatsiyasi 57 mlrd yevro bo‘lgan EssilorLuxottica xoldingiga asos solindi.

1962 yil – Walmart

Ulgurji va chakana savdo tarmog‘i. Fortune 500 ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan. Uning daromadi 2019 yilda 514 mlrd dollarni tashkil etdi.

Kompaniyaga Arkanzas shtatida Sem Mur Uolton asos solgan. Ilk do‘konni u franshiza asosida 1945 yilda Ben Franklin tarmog‘idan sotib olgan.

1950-yillarning oxiriga kelib, Uolton tarmoqning to‘qqizta do‘koniga egalik qilardi. Tadbirkor Ben Franklin`ga kichik shaharlarda ulgurji narxlarga yaqin bo‘lgan yirik savdo markazlarini ochishni taklif qildi, biroq taklifi rad etilgach, 1962 yilda o‘zining Walmart Discount City korxonasiga asos soldi.

1963 yil – Comcast

AQShdagi kabel televideniyesi va internetga keng polosali ulanish bo‘yicha yirik operator, shuningdek, pulli televideniyening dunyodagi yirik operatori. 2019 yilda Comcast jahonning eng katta kompaniyalari ro‘yxati – «Forbes Global 2000»da 32-o‘rinni egalladi.

Ralf Robers, Deniyel Aaron va Julian Brodskiy tomonidan tashkil etilgan. Ular American Cable kichik kabel operatori, keyin esa Missisipidagi bir necha operatorlarni sotib olishgan.

Kompaniya kichik shaharlardagi boshqa operatorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularni o‘z tarkibiga birlashtirib kengaya bordi. 1977 yilda Comcast yirik shaharlarda o‘z xizmatlarini taklif qila boshladi, 1983 yilda esa Yevropa bozoriga chiqdi.

1964 yil – Nike

Blue Ribbon Spors nomli kompaniyaga yugurish bilan shug‘ullanuvchi Fil Nayt va uning treneri Bill Bauerman asos solgan. Dastlab kompaniya yugurish uchun kiyiladigan Onitsuka Tiger yapon oyoq kiyimlarini qayta sotish bilan shug‘ullangan, biroq 1971 yilda o‘z nomini Nike (grek g‘alaba ilohasi sharafiga) deb o‘zgartirdi va o‘z krossovkalarini ishlab chiqara boshladi.

Nike – Forbes`ga ko‘ra 15,9 mlrd dollarga baholangan dunyodagi eng qimmat sport brendi sanaladi.

1965 yil – Dolby Laboratories

Ovozni qayta ishlash texnologiyalari ishlab chiqaruvchisi. 1965 yilda muhandis Rey Dolbi Londonda ilmiy laboratoriyaga asos solgan. U kassetalarga ovoz yozish uchun Dolby shovqinni bostirish tizimini kashf etgan. 1969 yilda texnologiyani AQShda patentlagan.

1966 yil – MasterCard

Kaliforniya banklari konsorsiumi BankAmericard (Visa) bank kartlari bozorining bir qismini egallash maqsadida muqobil variant – Master Charge: The Interbank Card’ga asos solish uchun birlashgan. Tizim 1979 yilda MasterCard deb qayta nomlangan.

191 million mijozi bilan Visa`dan keyin ikkinchi o‘rinda.

1967 yil – Southwest Airlines

Texaslik tadbirkorlar Gerbert Kellexer va Rollen King tomonidan tashkil etilgan dunyodagi yirik loukoster.

2008 yildan boshlab, Southwest Airlines – AQSh ichida yo‘lovchi tashish bo‘yicha eng yirik aviakompaniya. 2019 yilda kompaniya turistik mavsumda kuniga 4000ga yaqin reyslarni amalga oshirdi.

1968 yil – Intel

Fizik kashfiyotchi, Mur qonuni muallifi Gordon Mur tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya o‘z faoliyatini yarimo‘tkazgichli xotira va mikrochizmalarni ishlab chiqishdan boshlab, keyin mikroprotsessorlarni ishlab chiqara boshladi.

Intel nomi «integratsiyalashgan elektonika» (INTegrated ELectronics) so‘z birikmalaridan kelib chiqqqan. 2019 yilda kompaniya Fortune 500 ro‘yxatida 43-o‘rinni egalladi.

1969 yil – Gap

Kiyim-kechaklar do‘konlari tarmog‘i. Savdolar xajmi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rindi. Kompaniyaga oilaviy juftlik Donald va Dorish Fisherlar asos solgan. Ular o‘g‘illari Robertning o‘qishi uchun jamg‘arilgan 63 ming dollarni biznesga tikishgan edi.

Ilk do‘kon San-Fransiskodagi Oushen-avenyuda joylashgan va Pad deb nomlangandi. Do‘konda Levi's jinsilari, plastinka va audiokassetalar sotilardi. Shuning uchun ham yoshlar orasida ommalashib ketgan.

1972 yilda do‘konga Generation Gap (avlodlar o‘rtasidagi bo‘shliq) deb nom berishni rejalashtirishgan, yakunda uni Gap deb qisqartirishgan. 1974 yilda Gap o‘zining shaxsiy kiyimlar liniyasini ochgan.

1970 yil – Urban Outfitters

Asosiy urg‘uni yoshlar – muqobil moda va xipsterlar ishqibozlariga qaratgan kiyim-kechaklar bilan chakana savdo qiluvchi tarmoq.

Brend Richard Xeyn, Judi Uiks va Skott Beleyr tomonidan Free People nomi asosida tashkil etilgan.1976 yilda Urban Outfitters deb qayta nomlangan.

1971 yil – Starbucks

Ilk qahvaxona San-Fransisko universiteti talabalari Jyerri Bolduin, Gordon Bouker va Zev Zigl tomonidan ochilgan. Ular qahva donalari, choy, ziravorlar va idish-tovoqlar bilan savdo qilishgan.

Ta'sischilar 1987 yilda kompaniyani Hovard Shulsga sotishgani brend tarixidagi muhim nuqta bo‘ldi. Hozirda dunyoda 30 mingdan ortiq Starbucks qahvaxonalari ishlab turibdi.

1972 yil – Atari

Videoo‘yinlar ishlab chiqish sohasidagi eng birinchi kompaniyalardan. O‘yinlar yaratish, o‘yin avtomatlari va konsollar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Atari 1984 yil inqiroziga qadar videoo‘yinlar va konsollar bo‘yicha dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchi bo‘lgan. U 1970-yillarda o‘yin sanoatining rivojlanishiga ta'sir ko‘rsatgan.

Kompaniya o‘yin avtomatlari va Computer Space o‘yini ishqibozlari – Nolan Bushnell va Ted Debni tomonidan tashkil etilgan.

1973 yil – Patagonia

Faol xordiq ishqibozlari uchun kiyimlar va tovarlar brendi. Qayta ishlangan materiallardan ekologik kiyim-kechak ishlab chiqarish bo‘yicha ilk kompaniya.

Patagonia asoschisi – ekolog va mashhur alpinist Ivon Shuinar.

Shuinarga bo‘yinni himoya qiluvchi baland yoqali regbi futbolkalari yoqardi va bu tamoyilni shaxsiy kiyimlar liniyasini yo‘lga qo‘yish uchun moslashtirishga qaror qilgan.

1974 yil – Zara

Kiyim-kechaklar bilan chakana savdo qiluvchi yirik Inditex kompaniyasining asosiy savdo tarmog‘i. «Tezkor moda» asoschisi.

Tadbirkor Amansio Ortega tarmog‘ining ilk do‘koni Ispaniyada ochilgan. Unda moda uylaridagi kiyimlarning nusxalari arzon narxlarda sotilgan.

1980-yillarning o‘rtalarida Ortega «tezkor moda» modelini ishlab chiqqan. Unga asosan, dizayn ishlab chiqilishidan to yangi kiyimlar liniyasining do‘konlarga kelishigacha ikki hafta vaqt yetarli.

1975 yil – Microsoft

Dunyodagi eng yirik va eng qimmat texnologik kompaniyalardan biri. Dasturiy ta'minot, qurilmalar va ularga tegishli xizmatlarni ishlab chiqaradi, litsenziyalaydi, qo‘llab-quvvatlaydi va sotadi. Uning eng qimmat mahsulotlari – Windows, Office, Xbox konsollari, Surface kompyuterlari va Azure bulutli servisi.

Kompaniyaga Bill Geyts va Pol Allen tomonidan Altair 8800 kompyuterlari uchun BASIC interpretatorini ishlab chiqish vaqtida asos solingan.

1976 yil – Apple

2019 yil 1 noyabr holatiga dunyodagi eng qimmat texnologik kompaniya. Ilk Apple II ommabop shaxsiy kompyuter asoschilari.

Stiv Jobs, Ronald Ueyn va Stiv Voznyak tomonidan tashkil etilgan.

1977 yil – Elliott

Investitsiyalarni boshqarish sohasidagi eng yirik Amerika kompaniyalaridan.

Pol Elliot Singer tomonidan asos solingan korporatsiya jahondagi eng katta aktivist fond hisoblanadi.

1978 god – Versace

Kiyim-kechak, atir, aksessuarlar ishlab chiqaruvchi italyan kompaniyasi. Janni Versache ilk do‘konni Milanda ochgan. U brendga tegishli barcha narsa – kiyimlar dizaynidan tortib, chakana savdoning nozik jihatlarini ham nazorat qilgan.

2018 yilda Amerikaning kiyim-kechak va sumkalar ishlab chiqaruvchi Michael Kors kompaniyasi Versace`ni 2,1 mlrd dollarga sotib oldi.

1979 god – Activision

Konsol va kompyuterlar uchun o‘yinlarni mustaqil ishlab chiqqan kompaniya. Dunyodagi videoo‘yinlar ishlab chiquvchi yirik kompaniyalar beshligidan o‘rin olgan. Kompaniyaning ilk mahsuloti Atari 2600 uchun kartrijlar bo‘lgan.

Kompaniyaning mashhur o‘yinlari orasida Call of Duty, Spider-Man, Wolfenstein (2009 yilgacha), Doom 3, Spyro the Dragon, Tony Hawk kabilar bor.

1980 yil – Whole Foods Market

Konservantlar, bo‘yoqlar, ta'm kuchaytirgichlarsiz ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini sotuvchi supermarketlar tarmog‘i.

Asoschilari – Jon Makki va Rene Louson. 1978 yilda ular vegetarianlar uchun Safer Way tabiiy mahsulotlar do‘konini ochishga harakat qilishgan, biroq mahsulotlarni xonadonda saqlashgani uchun ularni uydan ko‘chirib yuborishgan. Tadbirkorlar vaqtincha do‘konda yashash va idish-yuvish mashinasi yordamida yuvinishga majbur bo‘lishgan.

Amazon 2017 yilda Whole Foods Market`ni sotib oldi. Kelishuv qiymati 13,7 mlrd dollarni tashkil etdi.

Ro‘yxatning yakuniy 3-qismida 1981-2001 yillar oralig‘ida asos solingan yirik brendlar haqida so‘z yuritiladi.

Mavzuga oid