Sport | 12:10 / 20.11.2019
11827
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sport murabbiylarining oyligi oshirilyapti

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda O‘zbekiston Respublikasida trenerlik faoliyatlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, hujjat O‘zbekistonda trenerlik faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma berish mexanizmini soddalashtirish, sport turlari bo‘yicha trenerlar mehnatiga haq to‘lashning bazaviy miqdorini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab respublikada faoliyat yuritayotgan trenerlar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda uning filiallari bazasida har 5 yilda attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Shuningdek, qaror bilan bolalar va o‘smirlar sport maktabi, ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar va o‘smirlar sport maktabi, oliy mahorat sport maktabi, oliy sport mahorati maktabi, respublika oliy sport mahorati maktablarining direktorlari, direktor o‘rinbosarlari, trener, instruktor-metodistlari hamda olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlarining trener, instruktor-metodistlari mehnatini munosib rag‘batlantirish belgilandi.

Unga ko‘ra, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha sport maktablari hamda maktab-internatlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

direktor va direktor o‘rinbosarlariga – 1,35 baravarga;

trenerlar, instruktor-metodistlariga – 1,35 baravarga oshirildi.

Qaror orqali barcha sport maktablari va maktab-internatlari xodimlarining maoshlari sezilarli darajada oshirildi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bitiruvchilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri trenerlik sertifikatiga ega bo‘lishadi. Endi trenerlar attestatsiyadan har besh yilda o‘tishadi. 

Mavzuga oid