Jahon | 22:36 / 20.11.2019
24413
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Range Rover’ning 10 marta arzon turuvchi nusxasi yaratildi

Xitoyning Hanlong Auto avtomobilsozlik kompaniyasi tashqi ko‘rinishidan Range Rover Sport yo‘ltanlamasiga o‘xshash modelni yaratdi. Hunkt Canticie deb nomlangan yangi modelning xitoychi nomi “Kuanshi” bo‘lib, u original Range Rover’dan 10 marta arzonroq turadi. Modelning e'lon qilingan suratlari uning tashqi tomondan Range Rover Sport’ga o‘xshashligini ko‘rsatmoqda.

«Original» va «nusxa» tashqi tomondan bir-biriga o‘xshash bo‘lsa-da, ularning farqlanuvchi jihatlari ham bor. Jumladan bu farqlarni faralar, old panjara va orqa chiroqlarda ko‘rish mumkin. Biroq agar yangi modelga Range Rover belgilari o‘rnatilsa, ko‘pchilik “Kuanshi”ni Range Rover’ning yangi modeli deb qabul qilishlari mumkin.

Mashina 2 litrli, 218 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan. Bu borada yangi model Range Rover Sport SVR’dan ancha kuchsizroq, chunki britan modelida 5 litrli, 8 silindrli dvigatel o‘rnatilgan. Shuningdek, Canticie’ning maksimal tezligi 185 km/soatni tashkil qiladi, vaholanki Range Rover modellarida bu ko‘rsatkich ancha yuqori.

Shu bilan birga, Range Rover’ning xitoycha varianti intereri bilan “original”dan ancha farq qiladi. Canticie’da asboblar paneli to‘liq raqamlashtirilgan.

Narxlarga kelsak, Canticie ancha hamyonbop bo‘lib, u 126 ming yuan (taxminan 18 ming dollar) turadi. Xitoyda Range Rover’ning eng arzon modelini esa 1,22 mln yuan (170 ming dollar), ya'ni 10 marta qimmatroqqa sotib olish mumkin.

Mavzuga oid