Sport | 11:35 / 24.11.2019
9431
2 daqiqa o‘qiladi

Deontey Uaylder chempionlik kamarini himoya qildi

Foto: AP Photo/John Locher

Amerikalik bokschi Deontey Uaylder kubalik Luis Ortisga qarshi ikkinchi jangida ham g‘alaba qozonib, og‘ir vazndagi WBC chempionlik kamarini himoya qila oldi. Amerikalik 7-raundda raqibini nokautga uchratib, muddatdan avval g‘alabaga erishdi.

Ushbu bokschilar o‘rtasidagi birinchi jang 2018 yil martda bo‘lib o‘tgandi va o‘shanda Uaylder 9-raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozongandi. Keyinroq 40 yoshli Ortis o‘sha jangdan to‘g‘ri xulosalar chiqarib, 34 yoshli Uaylderdan revansh olishga va'da bergandi.

Joriy jangda Uaylder ochiqcha jangga kirishmaslikka qaror qilgan, Ortis esa jang davomida tobora faollashib borgan. Amerikalik jangni bir zarba bilan yakunlash imkonini kutayotgandek ko‘rinib, oxir-oqibat 7-raund so‘ngida raqibini dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Kubalik zarbadan ringga qulab, belgilangan soniyalar ichida o‘rnidan turolmagach, jang yakun topdi.  

Uaylder chempionlikni o‘zida saqlab qolgan va endi 2020 yil 22 fevralga belgilangan keyingi jangida britaniyalik Tayson Fyuriga to‘qnash keladi.

 

Mavzuga oid