Jahon | 17:40 / 25.11.2019
65527
13 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning uyg‘urlar bo‘yicha siyosatiga oid hujjatlar OAVga sizdirildi

Zamonaviy Xitoy tarixida ichki hujjatlar OAVga sizdirilishi bilan bog‘liq eng yirik voqealardan biri ro‘y berdi. The New York Times nashri Chin yurtida hukmron kommunistik partiyaga tegishli ekani aytilayotgan yashirin hujjatlarni e'lon qildi.

Jami 403 sahifadan iborat hujjatlar Xitoyning Shinjondagi siyosatiga yana bir bor jahon hamjamiyati diqqatini tortdi.

Kun.uz jahonning eng nufuzli gazetalaridan birida chiqqan insayder ma'lumotlarning bir qismi, bunga rasmiy Pekinning munosabati va mintaqadagi vaziyatga doir umumiy sharhni taqdim etadi.

Tayyorgarlik puxta – barcha savollarga javob hozirlangan

Semestr yakunida talabalar uylariga ketish uchun chipta buyurtirib qo‘yishgan, imtihonlardan keyin Xitoyning uzoq g‘arbiy mintaqasiga – oilalari bag‘riga qaytib, maroqli ta'til o‘tkazishni o‘ylab yurishgan edi.

Ammo ko‘p o‘tmay, ularga ota-onalari uyda emasligi, qarindosh-urug‘ va qo‘ni-qo‘shnilar ham yo‘qolib qolishganini aytishadi – ularning hammasi musulmon etnik ozchilikni tutqunlikda ushlab turish uchun qurilayotgan jamloqlarga olib ketilgandi.

Shinjon mintaqasi amaldorlari vaziyat porox to‘ldirilgan bochka misoli ekanidan xavfsirashgan, shu bois alohida tadorik ko‘rib qo‘yilgandi.

Markaziy hokimiyat mahalliy mutasaddilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilgan qo‘llanma tarqatib chiqadi. Yo‘riqnomada ta'til uchun uyiga qaytayotgan talabalarning savollariga qanday javob berish va ular ortiqcha muammo chiqarmay jim yurishlarini ta'minlash bo‘yicha batafsil tushuntirish berilgan edi.

Qo‘llanmadagi birinchi savol – «Oila a'zolarim qayerda?» Yo‘riqnomaga ko‘ra, bu savolning javobi quyidagicha boshlanadi: «Ular hukumat tomonidan tashkil etilgan qayta tayyorlash muassasasida...» Agar talaba tixirlik qilsa, unga yaqinlari jinoyatchi emasligi, lekin baribir bu «muassasa»ni tark eta olmasligini tushuntirish kerak bo‘lgan.

Savol-javob shaklidagi qo‘llanmada biroz tahdid ohangi ham yo‘q emas. Yo‘riqnomaga ko‘ra, talabalarga ularning xulq-atvori va o‘zini tutishi yaqinlarining «muassasa»da qolish vaqtini yo qisqartirishi, yo uzaytirishini aytib uqtirish lozim bo‘lgan.

«Ishonchim komil, sen ularni qo‘llab-quvvatlaysan. Chunki shunday qilsang, ularga ham, sening o‘zingga yaxshi bo‘ladi», deyish tavsiya etilgan mutasaddilarga.

2019 yil avgust. Yorkentdagi kafe. Devordagi bannerda Si Tszinpindan iqtibos keltirilgan:
«Har bir etnik guruh anor urug‘i kabi mahkam birlashmog‘i kerak»
Foto: Gilles Sabrié / The New York Times

«Mutlaqo shafqat qilinmasin»

Rasmiy Pekin Shinjondagi tutqunlar lagerlari bo‘yicha tanqidlarni rad etib, bu muassasalarda diniy ekstremizmga qarshi kurashning yumshoq metodlari qo‘llanishini aytib keladi. Ammo NYT qo‘lga kiritgan hujjatlar bu siyosatni yuritishdagi qattiqqo‘llik va keskinlikka ishora qilmoqda.

Jumladan, kommunistik partiya liderlari ekstremizmga qarshi kurash choralarini qo‘llashda radikal va ayovsiz usullarni qo‘llashga buyruq bergani haqida qaydlar bor.

Ota-onalar bolalarining ko‘z oldida olib ketilgan, o‘qish kontraktini endi kim to‘lashini o‘ylab talabalarning boshi qotgan, qishloqlarda ishchi kuchi yetishmasligi bois ekin ekish yoki hosilni yig‘ib olishda qiyinchiliklar kuzatila boshlagan... Shunday sharoitda ham amaldorlarga shikoyat qilganlarni «kommunistik partiyaning ko‘magidan minnatdor bo‘lish» va «tinchlik saqlash»ga chaqirish buyurilgan.

Nashrda ta'kidlanishicha, aksilterror choralarining keskinlik kasb etishi respublika raisi Si Tszinpinga borib taqaladi. U XXR Raisi etib saylanganiga bir yildan biroz ko‘proq vaqt o‘tgan payt – 2014 yil aprelida Shinjonga tashrif bilan borgandi. Davlat rahbari bu mintaqada to‘rt kun bo‘lgan, safarining so‘nggi kunida esa Urumchida terakt ro‘y berib, 80 kishi yaralangan edi.

2014 yil. XXR raisi Si Tszinpin Urumchi shahridagi masjidda
Foto: Xinhua / Reuters

O‘sha teraktdan bir necha hafta oldin esa, Kunmingdagi poyezd stansiyasida noma'lum shaxslar pichoq bilan hujum qilib, 31 kishini o‘ldirgan va 140dan ortiq kishini yaralagan edi. Rais tashrifidan bir oy ham o‘tmay, Urumchidagi bozorda ro‘y bergan portlashlar oqibatida 39 kishi halok bo‘lib, yuzga yaqin odam jarohatlangandi.

Si Tszinpinning Shinjonga birinchi va oxirgi tashrifi bo‘lib qolayotgan safar davomida u mamlakatda «terrorizm, infiltratsiya va separatizmga qarshi keng ko‘lamli kurash» boshlanishini e'lon qilgan, bunda «mutlaqo rahm-shafqat qilinmasligi»ni ta'kidlagan.

Jamoatchilikka ochiqlanmagan o‘sha yig‘ilishda Xitoy yetakchisi ommaviy qo‘lga olishlarga buyruq bermagan bo‘lsa-da, mintaqada diniy radikallashuvni cheklash uchun «diktatura qurollari»dan foydalanilishini aytgan.

Qoshg‘ar shahri. Ramazon hayiti arafasida (harbiylarni suratga olish taqiqlangan)
Foto: Al-Jazira

Avval xavfsizlik, keyin inson huquqlari

The New York Times’ning yozishicha, o‘tgan yillar mobaynida xorijiy mamlakatlarda kuzatilgan teraktlar va Afg‘onistonda Amerika harbiylari sonining qisqarishi Xitoy rahbariyatidagi qo‘rquvlarni yanada oshirgan, bu esa yana ham qat'iylashgan aksilterror choralarda o‘z aksini topgan.

Nashr ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra, Xitoy hukmron doiralari Britaniyadagi teraktlarni «inson huquqlari xavfsizlikdan ustun qo‘yilgan siyosatning oqibati» deb baholagan. Si Tszinpin, shuningdek, o‘z partiyasini 11 sentabr voqealaridan keyingi urushda AQSh qo‘llagan ba'zi usullardan foydalanishga chaqirgan.

Sizdirilgan fayllardan ayon bo‘lishicha, 2016 yil avgustida Shinjon kommunistik partiyasi bosh kotibi lavozimiga Chen Tsyuango kelganidan so‘ng, mintaqadagi jamloqlar soni keskin oshib ketgan. Muxtor o‘lkaning yangi serg‘ayrat rahbari bu kampaniyasini asoslash uchun Xitoy rahbarining nutqlarini tarqatgan va 2017 yilda mahalliy mutasaddilarga «qo‘lga olinishi kerak bo‘lganlarning barchasini qo‘lga olish»ni buyurgan.

Chen Tsyuango kommunistik partiyaning Pekindagi kongressida, 2017 yil.
Foto: Etienne Oliveau / Getty Images

Chen Tsyuangoning bu siyosati Shinjon rasmiylari qarshiligiga uchragan. Ayrim mahalliy rahbarlar bu ketishda etnik nizolar avj olishi va iqtisodiy o‘sishga soya solinishi vajidan mazkur choralarni qo‘llab-quvvatlamagan. Partiyaning mintaqaviy bosh kotibi esa unga to‘siq bo‘lganlarni yo‘ldan olib tashlagan.

O‘yindan chiqarilib, hibs etilganlar orasida Yorkent tumani rahbari, lagerlardan 7 mingdan ortiq tutqunni imi-jimida qo‘yib yuborgan Vang familiyali amaldor ham bor edi.

Anonim manba – «eng yuqori doira vakillaridan»

NYT’ga jami 24ta hujjat sizdirilgan bo‘lib, ularning ayrimlarida ayni material takrorlangan. Fayllar orasida rais Si Tszinpin va boshqa amaldorlarning 200 betga yaqin nutq so‘zlari bor.

Shuningdek, Shinjonda uyg‘urlar ustidan o‘rnatilgan nazoratga doir buyruq-ko‘rsatmalar va hisobotlar 150 sahifadan ortadi. Ularda islom dini Xitoyning boshqa qismlarida ham tarqalishining oldini olish rejalari haqida ham so‘z boradi.

Nashrning qayd etishicha, jami 403 betdan iborat hujjatlarni shaxsi sir qolishini istagan «Xitoy oliy siyosiy doirasi a'zolaridan biri» taqdim etgan. Anonim manba shu orqali partiya yetakchilari, shu jumladan rais Si Tszinpinning «qilmishlari yopiq qolib ketmasligiga umid qilishini» bildirgan.

2019 yil bahori. Ho‘tan shahri chekkasidagi qayta tayyorlash muassasasi deb taxmin qilinadigan joy
Foto: Greg Baker / AFP / Scanpix / LETA

Rasmiy Pekin reaksiyasi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Geng Shuang AQSh nashrida chop etilgan hujjatlar haqiqiyligini inkor etgani yo‘q. Shu bilan birga, u gazetani «ataylab noto‘g‘ri talqin qilish»da aybladi.

«Nashr «ichki hujjatlar» deb ataluvchi materiallarni haddan ortiq bo‘rttirib ko‘rsatish maqsadida turli-tuman joylardan olingan ma'lumotlarni qorishtirib tashlash yo‘li bilan faktlarni buzib ko‘rsatgan hamda Xitoyning terrorizm va radikallashuvga qarshi sa'y-harakatlariga nisbatan tuhmat yog‘dirgan. Ular bundan qanday maqsadni ko‘zlagan?» – dedi xitoylik diplomat dushanba kungi matbuot anjumanida.

Geng Shuang / Foto: Xitoy Tashqi ishlar vazirligi

Geng Shuang radikallashuvga chek qo‘yishda mamlakat katta yutuqlarga erishganini ta'kidlagan.

«Shinjondagi masalalar – Xitoyning mutlaqo ichki ishi. Shinjon duch kelayotgan muammo etnik, diniy yoki inson huquqlari bilan bog‘liq emas. Aksilterror va deradikallashtirish choralari tufayli mintaqada so‘nggi uch yilda birorta ham qonli terrorchilik akti ro‘y bermadi», – deb ta'kidladi Xitoy TIV rasmiysi.

Shinjon hukumatining bayonotiga ko‘ra, The New York Times maqolasi «ichki va tashqi adovatkor kuchlar tomonidan boshdan oyoq to‘qib chiqarilgan» va «yolg‘onlarga to‘la».

«G‘arbdagi Xitoyga qarshi kuchlar Shinjondagi barqarorlik va uyg‘un taraqqiyotni ko‘rishni istashmaydi. Ular muntazam ravishda feyk-yangiliklarni o‘ylab topib, Shinjonga nisbatan bo‘hton chiqarib kelishgan», deyiladi muxtor mintaqa hukumati rasmiy munosabatida.

25 millionga yaqin aholiga ega hudud

Shinjon-Uyg‘ur muxtor mintaqasi – Xitoyning eng yirik hududiy birligi. Rasman avtonom maqomga ega. Ma'muriy markazi va eng katta shahri – Urumchi.

Aholisi 25 million kishiga yaqin. Qariyb yarmini musulmon uyg‘urlar tashkil etadi. Hududdagi xitoyliklarning ulushi ham 40 foizdan oshadi.

Shinjon-Uyg‘ur – Xitoyning eng ko‘p tabiiy gaz yetkazib beruvchi mintaqasi. So‘nggi o‘n yilliklarda hududda neft va mineral resurslarga boy konlar topilgan.

Sharqiy Turkiston nomi bilan ham yuritiladigan hududda so‘nggi o‘n yilliklarda bir nechta marta terroristik xurujlar kuzatilgan, ayirmachilar va hukumat kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan, berilgan qurbonlar soni mingga yaqinni tashkil etadi.

Oqibatda 2014 yilga kelib, uyg‘ur, qozoq va boshqa musulmon etnik ozchiliklarni maxsus lagerlarda «qayta tayyorlash», ularning siyosiy ongi va diniy dunyoqarashini isloh qilish amaliyotlari boshlandi.

2018 yilda BMT ishchi guruhi Xitoy shimoli-g‘arbidagi jamloqlarda 1 milliondan 2 milliongacha mahkum ushlab turilganini ma'lum qilgandi.

Rasmiy Pekin millionlab musulmonlarni mahkamaga tortmasdan yirik lagerlarda saqlab turgani, inson huquqlari oyoqosti qilinayotgani haqidagi da'volarni rad etib keladi. Hukumat bu muassasalarni «ta'lim-tarbiya markazlari» deb ataydi, mintaqadagi radikalizmga qarshi choralardan biri sifatida ko‘rsatadi.

Chin rasmiylarining tushuntirishicha, «diniy ekstremizm tuzog‘iga tushib qolganlar qayta tarbiyalanishi lozim».

Ammo, inson huquqlari faollariga ko‘ra, lagerlarda tutib turilganlar Xitoy raisi Si Tszinpinga sodiq bo‘lish uchun qasam ichishga va kommunistik partiya shiorlarini baland ovozda aytishga majburlanadi.

Matbuotda, shuningdek, Shinjonda yashovchilarning ommaviy kuzatilishi, transport vositalariga GPS-datchiklari o‘rnatilgani va 16-65 yosh oralig‘idagi fuqarolarning DNK namunalari yig‘ilishi haqida ma'lumot tarqatilgan. Mintaqada masjidlar buzilayotgani ham aytiladi.

Shu yil oktabr oyida AQSh uyg‘urlarni tahqirlashdagi ehtimoliy ishtiroki uchun Xitoyning 28ta kompaniyasini qora ro‘yxatga kiritgan, mamlakat hukumati va kommunistik partiyasining qator rasmiylariga nisbatan viza cheklovlarlarini joriy etgan edi. Qo‘shimcha qilish joiz, tomonlar o‘rtasida savdo urushi boshlanganiga 1 yildan oshdi.

Mavzuga oid