Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan qanday yangiliklar joriy qilinmoqda?
Qonunchilik palatasida Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi yuzasidan qizg‘in muhokamalar ketmoqda. Unda belgilangan har bir norma muhokama etilib, tegishli taklif va tavsiyalar bildirilmoqda.
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan keyin Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasi ko‘rib chiqish ehtiyoji tug‘ilgan, deyiladi parlament saytida.
Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi parlament quyi palatasiga kelib tushgan kundan boshlab, loyihani birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash ishlariga mas'ul qo‘mita — Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi huzurida deputatlar, parlament quyi palatasining Davlat budjeti boshqarmasi mutaxassislari, ekspertlar, hukumat va Davlat soliq qo‘mitasi vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi hamda uning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
2019 yil 23 noyabrdan boshlab ish guruhi yig‘ilishlarida loyiha konseptual jihatdan ko‘rib chiqilmoqda. Muhokamalar davomida soliq to‘lovchilar qamrovini optimallashtirish hisobiga soliq yukini kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish hamda kodeks normalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlariga zid kelmasligini ta'minlash, ayniqsa, insofli soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjatga aylanishi lozim. Shu bois, loyihani parlament quyi palatasining majlisida birinchi o‘qishga tayyorlash ishiga mas'uliyat bilan yondashilmoqda.
Loyihaga soliq stavkalarini tartibga soluvchi qonunosti hujjatlari qoidalari ham singdirilgan. Hujjatda amaldagi Soliq kodeksining umumiy (soliq ma'muriyatchiligi masalalari) va maxsus (soliqlarni hisoblash va to‘lashning asosiy qoidalari) qismlarga bo‘linishini ko‘zda tutadigan tizim saqlab qolingan.
Loyihada sakkizta yo‘nalish, shu jumladan, umume'tirof etilgan xalqaro me'yorlar va soliq standartlari, boshqa mamlakatlar tajribasini hisobga olgan ilg‘or, sinovdan o‘tgan usullar, shuningdek, mahalliy va xalqaro ekspertlarning xulosalari inobatga olingan. Qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) va uni hisoblashdagi yangiliklarga alohida e'tibor qaratilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari uchun qo‘shimcha qiymat solig‘i O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan to‘lanar edi. Kiritilayotgan yangi qoidalarga binoan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari mamlakatimiz hududida amalga oshirgan oborotlaridan mustaqil ravishda QQS to‘lovchilari sifatida qatnashadigan tartib o‘rnatilmoqda. Yangi tahrirdagi loyiha bilan, shuningdek, QQS to‘lashga o‘tayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar QQS to‘lovchilari sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilishi taklif etilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, amalda mulkni (xizmatlarni) tekin berish QQSga tortilar edi. Kiritilayotgan yangilikka binoan, endilikda mulkni (xizmatlarni) tekin berish QQSga tortilmaydi (agar tekin berish iqtisodiy asoslangan bo‘lsa). Ya'ni, mulkni (xizmatlarni) beg‘araz ravishda topshirish bo‘yicha QQS to‘lanmaydigan tartib joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida soliq solinadigan baza borasida ham yangilik kiritilmoqda. Unga ko‘ra, soliq solinadigan bazani bozor narxlari asosida aniqlash tartibi joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, amaldagi asosiy vositalar bo‘yicha QQS summasi 12 yoki 36 oy ichida hisobga olinishi ko‘zda tutuvchi tartib chiqarib tashlanib, endilikda asosiy vositalar bo‘yicha bir martalik QQS hisobga olinishi joriy etiladi.
Yana bir muhim yangilik shuki, endi nogironlarning jamoat birlashmalari ishtirok etadigan yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar va xizmatlar qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Ya'ni, nogironlarning birlashmalari tomonidan ta'sis etilgan korxonalar realizatsiya qiladigan tovarlarni (xizmatlarni) QQSdan ozod qilish taklif etilmoqda.
Loyihada qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytarish tartibi bo‘yicha ham yangiliklar kiritilyapti. Ma'lumki, amaldagi kodeksga binoan, hisobga olinadigan qo‘shimcha qiymat solig‘i summasining hisoblangan soliq summasidan oshib ketsa, QQS bo‘yicha kelgusidagi to‘lovlar hisobiga qoplanar edi. Taklif etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, endi soliq to‘lovchilarga QQS bo‘yicha hisobga olingan istalgan ortiqcha to‘lovlarni qaytarish tartibi belgilanmoqda.
Kiritilayotgan yangiliklarga ko‘ra, xorijiy sayyohlar uchun QQS «Tax free» tamoyili asosida qaytariladi. Ya'ni, chet ellik sayyohlar O‘zbekistonda sotib olingan tovarlarga hisoblangan QQSni qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirilgani ham mustahkamlanmoqda.
Mavzuga oid
13:26 / 30.03.2024
Senatorlar turizmni rivojlantirishga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan qonunni ma’qulladi
07:24 / 13.04.2022
Soliq kodeksiga foyda solig‘i bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritiladi
08:40 / 31.12.2021
Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i kamaytirildi
07:44 / 28.12.2021