Jamiyat | 17:00 / 27.11.2019
65240
4 daqiqa o‘qiladi

«36 yoshda ilk bor ota bo‘lgandim». Tirnoqqa zor bo‘lib, so‘ng 2 yilda 4 farzand ko‘rgan bekobodlik oila hayoti

Olam turfa hodisalar, kutilmagan ajoyibotlarga boy. Unda yashayotgan insonlar esa bu turfalikning mazmuni desak adashmaymiz. Har bir inson hayoti o‘zgacha bir olam: bunda baxt ham, qiyinchiliklarga sabr-bardosh ham mujassam.

Murojaatlar asosida navbatdagi manzilimiz – Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi Zafar shahri Mallaboy qishlog‘iga yo‘l oldik. Bu yerda Avaz Abdullayev xonadonida bo‘lib, oilaning turmush sharoiti bilan tanishdik.

«Biz tomonlar gaz va elektr bilan ta'minlangan. Chiroq deyarli o‘chmaydi, gaz esa qishloq oxiri bo‘lgani uchun pasayib qoladi. Ichimlik suvini asosan sotib olib ichamiz. Imkoni borlar uzoqroqdan tashib ichishadi», deydi xonadon egasi.

Ko‘p yillar farzand kutib tirnoqqa zor bo‘lgan bu inson oilasi havas qilgulik kutilmagan baxtga muyassar bo‘lgan. Birinchi farzandi tavalludidan ikki yil o‘tib-o‘tmay, uch egiz farzandli bo‘lishgan.

«36 yoshimda birinchi farzandimiz tug‘ilgandi, oradan ikki yil o‘tib uch egiz farzandli bo‘ldik. Chaqaloqlarga tug‘ilganlik haqida guvohnoma olishga borganimda FHDYo xodimlari anchadan beri tumanda uch egizak tug‘ilmaganini aytishdi. Oxirgi marta 1989-90 yillarda bo‘lgan ekan. Murojaat qilishim boisi, bizning ham ahvolimizni ko‘rishsa va e'tibor qaratishsa».

Mehnatkashlik – xalqimizning azaliy xislati. Shu jumladan, qahramonimizning ham. Avaz aka kunduzi ustachilik qilib, kechki vaqtda idora qorovuli bo‘lib ishlaydi.

«Aholi bandligiga ko‘maklashish markazida qorovul bo‘lib ishlayman, kunduz kunlari – qurilishda: qo‘limda hunarim bor. Ota-onam pensioner. Hovlimizdagi yerda o‘zimiz iste'mol qilgani mahsulot yetishtiramiz, qolganiga makkajo‘xori ekamiz.

Erta bahor va kech kuzdan yana ham unumli foydalanish uchun issiqxona qilishni reja qilib turibmiz, lekin buning ham o‘zi bo‘lmaydi».

Farzandlariga ism qo‘yilishi haqida so‘raganimizda buning o‘z tarixi borligini so‘zlab berdi.

«Ko‘pchilik nega hozirda «moda» bo‘lgan ismlarni qo‘ymagansiz, deb savol berib qolishadi. Bilmadim, bu haqda o‘ylab ham ko‘rmaganman. Avvaldan Muhammad, Robiya degan ismlarni yaxshi ko‘rardim. Qizlarimning biriga qo‘shnimiz ham do‘stim Ra'no deb ism qo‘yishni taklif qildi. Egizaklarning ismi shu tarzda qo‘yilgan».

Albatta, bugungi kun zamonaviy kishisini internet tarmog‘isiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Internet nafaqat axborot olish va yangiliklardan boxabar bo‘lish uchun kerak, balki Avaz aka bilan suhbatdan amin bo‘ldikki, huquqiy-siyosiy ongning oshishiga ham xizmat qiladi. Shu bilan birga, suhbatda Avaz aka anchayin kitobxon ham ekaniga guvoh bo‘ldik.

Internet nashrlarida asosan qanday xabarlarni o‘qiysiz va fikr bildirasiz, deganimizda shunday javob berdi:

«Asosan, siyosatimiz haqida, yana jahon xabarlarini kuzataman. Tabiatan ko‘p ham gapiravermayman, lekin deputatlarning chiqishlariga munosabat bildirganman.

Hozirgi parlament saylovlarida avvalgidek duch kelganini emas, o‘zim faoliyati bilan tanishgan va ishongan nomzodga ovoz beraman».

Yigitali Mahmudov tayyorladi,
tasvirchi — Mirvohid Mirrahimov

Mavzuga oid