Sport | 14:20 / 28.11.2019
28845
16 daqiqa o‘qiladi

Messida yangi rekord va hali pley-offni hal qilmagan Klopp. YeChLda kun o‘yinlari

Chorshanba oqshomida Chempionlar ligasining guruh bosqichi 5-turi doirasida yana 4 guruhda 8ta o‘yin bo‘lib o‘tdi.

F guruhi
Messi va Lukakuning benefisi

«Barselona» — «Borussiya» D — 3:1
Gollar: Suares, 29. Messi, 33. Grizmann, 67 — Sancho, 77

Chorshanba kuni Messi yubileyini nishonladi, u katalonlar libosida 700-o‘yinini o‘tkazdi. Xavining mutlaq rekordiga yetish uchun yana 67 o‘yin qoldi, agar Leo «Barsa»ni yana ikki yildan keyin tark etishi haqidagi xabarlar haqiqatga aylansa ham, unda yana bir rekord o‘rnatishga imkoniyatlar yetarli.

Bu oqshom yubilyari gol urib qatorasiga o‘ninchi marta bir kalendar yilida urgan gollari sonini 45taga yetkazdi. Bu zerikarli hodisa bo‘lishi mumkin, lekin u Chempionlar ligasidagi 34-raqibga gol urgani noyob hodisa bo‘ldi, ungacha hech kim bu natijaga erisha olmagan. Shu vaqtgacha Messi bilan birga 33tadan raqibga gol urib turgan Raul va Krishtianu Ronaldu — ortda qoldirildi.

Shu bilan birgalikda argentinalik futbolchi xasislik qilmayapti. Dortmund klubiga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida Messi ko‘proq Suares gol urishiga yordam berishga harakat qildi. Urugvaylik futbolchining birinchi goli ofsayd holati tufayli inobatga olinmagan bo‘lsada, u maqsadiga erishdi va 184-goli bilan «Barselona» tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida to‘rtinchi o‘ringa chiqdi.

Bundan tashqari, Messi simulyatsiya uchun sariq kartochka oldi va yana bir ajoyib pasi bilan Grizmannga gol urishga imkoniyat yaratdi. Jarohat tufayli maydonni tark etgan Dembele o‘rniga tushirilgan boshqa bir fransuz YeChLda «Barsa» raqiblari darvozasiga ham, jamoaning o‘ziga ham gol urgan yettinchi futbolchiga aylandi.

O‘yin oxirida Sancho bitta javob goli urdi, ammo nemislarning bundan ortig‘iga qurbi yetmadi. Katalonlar bu g‘alaba evaziga 1/8 final yo‘llanmasini naqd qildi, Dortmund esa endi so‘nggi turda o‘z maydonida «Slaviya» ustidan g‘alaba qozonsa ham pley-off taqdiri parallel uchrashuv natijasiga («Inter»-«Barselona») bog‘liq bo‘ladi.

«Slaviya» Pr — «Inter» — 1:3
Gollar: Souchek, 37, penalti — Lautaro Martines, 19, 88. Lukaku, 81

O‘tgan turda pragaliklar «Kamp Nou»da matonat ko‘rsatishgandi (0:0), lekin bu safar ular Lukaku — Lautaro Martines tandemiga qarshi tura olishmadi. O‘yinda belgiyalik futbolchining sa'y-harakatlari evaziga hisobni ochgan argentinalik hujumchi YeChLda qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda gol urdi va bu bo‘yicha Eto'O, Veri hamda Krespo tomonidan qayd etilgan klub rekordini takrorladi. Keyin esa Martines Lukakuga assistentlik qildi, ammo bu goldan keyin hisob 0:2 ko‘rinishini olish o‘rniga tabloda ikkita bir raqami porladi. Bu vaziyatga VAR aralashdi va mehmonlar gol urgan hujum boshlanishidan oldin jarima maydonida qoida buzilgani uchun penalti belgilanib, uni Souchek aniq ijro etdi. Chempionlar ligasida bunaqasi hali bo‘lmagandi.

O‘yinning qolgan qismida «Inter»ning omadi kelavermadi. Ikkinchi bo‘lim davomida Lukaku va Brozovich bergan zarbalar darvoza to‘sinidan qaytdi. Lekin o‘yin oxirida belgiyalik gigant milanliklarga baribir g‘alaba keltirdi, raqib himoyachisi yiqilib tushganidan foydalangan Lukaku darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borib, imkoniyatidan foydalandi. Bu gol uning uchun professional faoliyatidagi 250-gol bo‘ldi, o‘yin yakunida u tovoni bilan Martinesga pas berib, uchinchi golga ham sababchi bo‘ldi. Milanliklar endi ikkinchi o‘rinda, ular endi «San-Siro»da «Barselona»ni mag‘lub etishi kerak.

H guruhi
Lempard g‘alabani va eng yaxshi bombardirini yo‘qotdi

«Valensiya» — «Chelsi» — 2:2
Gollar: Soler, 40. Vass, 82 — Kovachich, 41. Pulishich, 50

«Ko‘rshapalaklar» shu vaqtgacha «Mestalya»da ingliz jamoalariga qarshi muvaffaqiyatli o‘ynab kelishgan. O‘z navbatida ko‘klar shu Ispaniyada faqat bir marta mag‘lub bo‘lishgan. Ikki tomon teng kuchliligi birinchi bo‘lim oxirida ikki tomon ham bittadan gol urgani bilan isbotini topdi. «Chelsi»da 71-o‘yinida maydonga tushgan Kovachich nihoyat gol urdi - birinchi golini.

Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalar davom etayotgan vaqtda London klubining asosiy to‘purari Temmi Abraham jiddiy jarohat olib, maydonni ko‘zda yosh bilan tark etdi va uning o‘rnini Mishi Batshuayi egalladi. Bu yo‘qotish Lempard jamoasi o‘yiniga ta'sir qilmay qolmadi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Pulishich gol urgan vaziyatda hakam hujum vaqtida qoidabuzarlik qildi deb topib golni bekor qilgandi, ammo videotakrordan keyin gol inobatga olindi..

Yana bir epizodda VAR aralashdi. Jorjinoning folidan keyin vaziyat 3 daqiqa davomida ko‘rib chiqildi va nihoyat Feliks Tsvayyer «nuqta»ni ko‘rsatdi, ammo «Valensiya»ning shtatdagi penaltichisi Dani Parexo Kepani alday olmadi. Ispaniya terma jamoasi posboni o‘yin qahramoni bo‘lishi kutilgandi, ammo Vass bunga yo‘l qo‘ymadi. Uning qanotdan yo‘llagan zarbasi avvaliga jarima maydoniga uzatmadek ko‘rindi, keyin u yuqorilab oshirilgani uchun darvozabon to‘pga sakramay qo‘yaqoldi, ammo to‘p birdan pastga sho‘ng‘idi va Kepaning ustidan o‘tgach darvoza burchagiga yo‘naldi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarning beshinchisida Rodrigo bo‘sh darvozani ishg‘ol eta olmadi, bu durangdan faqat «Ayaks» yutdi.

«Lill» — «Ayaks» — 0:2
Gollar: Ziyosh, 2. Promes, 59

Amsterdamliklar guruhda yakkapeshqadam bo‘lib olish imkoniyatini qo‘ldan boy berishmadi. Yaxshi formada bo‘lgan jamoa, bosh murabbiyi Kristof Galte YeChL o‘yinlari «Lill»ni charchatgani haqida aytgan vaqtda osonlik bilan g‘alabaga erishdi. O‘yinda hisobni ochgan Ziyosh o‘z qarshisidan chiqqan fransuzlarni ko‘rmagandek o‘tib ketdi. Bu vaqtda o‘yin boshlanganiga 1 daqiqayu 34 soniya bo‘lgandi va bu gol joriy turnirdagi eng tezkor golga aylandi.

O‘yin davomida maydon egalari bir necha bor 100 foizlik imkoniyatlarni yo‘qqa chiqarishdi, ikkinchi bo‘limda faqat Promesning zarbasi aniq chiqdi. Unga golda Ziyosh assistentlik qildi va bu juftlik Erik ten Xaagni turnir tarixiga olib kirdi. Ushbu mutaxassis Xosep Gvardiola va Lui van Gaalni ortda qoldirib, Chempionlar ligasida qatorasiga 9 o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan ilk murabbiyga aylandi. Shuningdek, shu vaqtgacha niderlandlarning hech bir jamoasi turnirning bir mavsumida begona stadionlarda buncha ko‘p gol urmagandi — 9. Lekin hali «N» guruhida deyarli hech narsaga oydinlik kiritilmadi.

Ye guruhi
«Liverpul»ni Zalsburgda jang kutmoqda

«Liverpul» — «Napoli» — 1:1
Gollar: Lovren, 65 — Mertens, 21

Bir yil muqaddam neapolliklar bo‘lajak chempionni guruhda qoldirib ketishiga bir baxya qolgandi. Anchelotti shogirdlari kuz boshida ham bu jamoaga o‘yin oxirida ikki gol urib nokaut qilgandi (2:0). Hozir ham, «Napoli»da inqiroz davom etayotgan, klub prezidenti Aurelio de Laurentis futbolchilarga yirik miqdorlarda jarimalar yozayotgan mahalda ham shu vaqtgacha hech qachon Angliyada g‘alaba qozona olmagan italyanlar «Liverpul»ga muammolar tug‘dira oldi. O‘yin boshida yevrokuboklardagi 100-o‘yinini o‘tkazayotgan Yurgen Kloppni Fabinoning jarohati ranjitdi. Keyin esa germaniyalik murabbiy va butun «Enfild» stadioni arbitr Mertensning golini inobatga olganida norozilik bildirdi. Holbuki bu hujum boshlanishida belgiyalik maydon markazida o‘zi istamagan holda bo‘lsada o‘z ortida turgan van Deykning qorin qismiga zarba bergan va niderlandiyalik himoyachi harakatdan to‘xtagandi. Shu tariqa, mersisaydliklarning o‘z maydonida 11 uchrashuv davom etgan «quruq» seriyasi to‘xtatildi.

Lekin qizillar yana bir bor xarakter ko‘rsatishdi. Lovren ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida burchak zarbasidan keyin boshi bilan gol urib hisobni tenglashtirdi. O‘tgan mavsumda bo‘lgani kabi bu yil ham «Liverpul» so‘nggi turda muhim va qiyin o‘yin o‘tkazadi - raqib hech narsadan tap tortmaydigan «Zalsburg».

«Genk» — «Zalsburg» — 1:4
Gollar: Samatta, 85 — Daka 43. Minamino, 45. Xvan Xi Chxan, 69. Holand, 87

Avstriyaliklar «Genk» darvozasiga yana gollar yomg‘iri yog‘dirishdi (jamoalarning birinchi o‘yinida 6:2 hisobi qayd etilgandi), norvegiyalik vunderkind Holand esa YeChL guruh bosqichida qatorasiga beshinchi o‘yinda gol urdi. Bungacha bunday start faqat Diyego Kosta va Del Pero tomonidan qayd etilgan, ammo, 19 yoshli skandinavdan farqli ravishda ular bu natijaga kechroq, 20 yoshida erishishgandi.

G guruhi
Forsberg mo‘jizasi

«Leypsig» — «Benfika» — 2:2
Gollar: Forsberg, 90, penalti, 90+5 — Pitssi, 20. Karlos Vinisius, 59

Birinchi bo‘lim o‘rtalarida nemislar himoyasidagi muammolar yaqqol ko‘rinib qoldi - ular Pitssiga gol sovg‘a qilishdi. Lekin «Leypsig»ning o‘zi qancha urinmasin gol urolmadi. Nkunku bir necha metrdan turib darvozabonni nishonga oldi, hakam esa ochiqchasiga qo‘pollik qilingan holatda mehmonlar darvozasiga penalti belgilashni istamadi. Ikkinchi bo‘limda «burgutlar» qarshi hujumda yana bir imkoniyatga ega bo‘lishdi va Karlos Vinisius yakkama-yakka vaziyatda jamoasining ikkinchi golini urdi.

Maydon egalarini qo‘shimcha vaqtlarda dubl qayd etgan Forsberg qutqardi. «Leypsig» bu durang evaziga pley-off yo‘llanmasini hal qildi, «Benfika» esa «Zenit» bilan o‘yin oldidan imkoniyat saqlab qolmoqda.

Yulian Nagelsmanning yutug‘ini alohida qayd etish mumkin, ayni vaqtda 32 yoshu 4 oylik va 4 kunlik bo‘lgan ushbu mutaxassis ilk marta YeChL pley-offida ishlaydi. U «Hoffenhaym» bilan bunday yuksak natijaga erisha olmagandi.

«Zenit» — «Lion» — 2:0 (1:0)
Gollar: Dzyuba, 42 (1:0). Ozdoyev, 84 (2:0).

Piterliklar hayot-mamot o‘yinida «Lion»ni mag‘lub etishdi, Dzyuba yana gol urdi va jamoa pley-off uchun imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishdi.

Endi agar 6-turda «RB Leypsig» Fransiyada «Lion»ga yutqazsa, Rossiya chempionlari esa Lissabonda g‘alaba qozonishsa, uchta jamoada 10tadan ochko bo‘ladi. Bu vaziyatda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisoblanadi – avvalo o‘zaro o‘yinlar. «Lion»da 7 ochko bo‘ladi (nemislar ustidan ikki g‘alaba va «Zenit» bilan durang), «RB Leypsig»da – 6 ochko («Zenit» ustidan ikki g‘alaba), ko‘k-oq-ko‘klarda esa – atigi 4 (fransuzlar bilan bir g‘alaba va bir durang).

Shu tariqa, ruslar faqat «RB Leypsig» futbolchilarining sportcha irodasidan umid qilishi kerak bo‘ladi, shuningdek, nemislarda g‘alaba orqali Chempionlar ligasida qo‘shimcha mablag‘ ishlab olish uchun ishtiyoq bo‘ladi, shuningdek guruhdagi birinchi o‘rin 1/8 finalda nisbatan kuchsizroq klub raqib bo‘lishini ta'minlashi mumkin. Agar Liondagi o‘yin durang natija bilan yakunlansa, Semak jamoasiga Lissabonda mag‘lub bo‘lmaslik kifoya qiladi. Agar «Lion» ham, «Zenit» ham o‘z o‘yinlarida mag‘lub bo‘lsa, 7 ochko bilan qoladigan fransuzlar va rossiyaliklarga «Benfika» ham yetib oladi. Yana o‘zaro uchrashuvlarga qaraladi. Bu holatda ikkinchi o‘rin «Zenit»ga tegadi (7 ochko), «Benfika» (6) va «Lion» (4) guruhda qolib ketadi. 

«RB Leypsig» o‘yin oxirida hisobni tenglashtirmaganida nima bo‘lardi? Portugallar Germaniyada g‘alabani saqlab qolsa, nemislar Lionga ko‘proq ishtiyoq bilan yo‘l olgan bo‘lardi. Yulian Nagelsmann jamoasi 9 ochkoga ega bo‘lib ham pley-offga chiqa olmasligi mumkin edi -nemislar Fransiyada mag‘lub bo‘lib, «Zenit» Portugaliyada g‘alaba qozonsa. 

Boshqa tomondan, «RB Leypsig» «Benfika» ustidan g‘alaba qozonib, birinchi o‘rinni muddatidan avval band etardi. Shunda barchasi «Lion» va «Zenit» o‘rtasida hal bo‘lardi, bu jamoalar hech qanaqasiga nemislarga yetib ololmasdi. Peterburgliklar o‘zaro uchrashuvlar natijasiga ko‘ra fransuzlardan ustun. Qolaversa, Semak jamoasi Lissabonga nisbatan kamroq ishtiyoqqa ega bo‘lgan raqibga qarshi o‘yinga yo‘l oladi, «Benfika» Yevropa Ligasiga yo‘llanmadan ham quruq qolish xavfi ostida. 

Nazariy jihatdan «Zenit» ham nafaqat ikkinchi o‘rindan, balki uchinchi o‘rindan ham quruq qolishi mumkin. Ruslar Portugaliyada 0:2 yoki undan yirikroq hisobda mag‘lub bo‘lsa, agar «Lion» «RB Leypsig»ga qarshi o‘yinda hech bo‘lmasa durangga erishsa, bu piterliklar uchun hukm o‘qilishi bo‘ladi. Bunday holatda «Benfika» ko‘k-oq-ko‘klarga ochkolar bo‘yicha yetib oladi, o‘zaro uchrashuvlarga ko‘ra ham lissabonliklar oldinda bo‘ladi.

Mavzuga oid