O‘zbekiston | 11:00 / 28.11.2019
37004
4 daqiqa o‘qiladi

TVda saylov debati vaqtida tok o‘chib qoldi. Hodisaga kabel tarmog‘i shikastlanishi sabab bo‘lgan (video)

27 noyabr kuni Xalqaro press-klubning Markaziy saylov komissiyasining Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan Xalqaro matbuot markazida tashkil etilgan, jonli efir orqali efirga uzatilayotgan press-koferensiyasi vaqtida elektr ta'minotida uzilish ro‘y berdi va tadbir ishtirokchilari taxminan 5 daqiqa davomida chiroqsiz qolib ketdi.

Xalqaro press-klub bosh prodyuseri G‘ulom Samadov «Daryo» muxbiriga bergan izohida ushbu holatni «energetika tizimi ma'murlarining saylov jarayonlariga munosabati» deb atadi.

«Fikrimcha, Toshkent shahridagi elektr ta'minotiga mas'ul rahbarlar saylovlar jarayoni ketayotganini, saylov jarayonlari boshlanganini sezishi kerak. 20 sentyabrdan beri Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazida Xalqaro press-klub to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqyapti, mas'ullarning bundan xabari bor. Ular jonli efirni ko‘ryapti, «Yoshlar» radiokanali orqali tinglayapti.

Tadbir joyini muqobil energiya yoki boshqa zaxira bilan ta'minlashga ular mas'ul bo‘lishi kerak. Biz ularga elektr energiya bilan ta'minlab berishlarini so‘rab rasman murojaat qilmaganmiz. Shunday bo‘lsa-da, mutasaddilar mas'uliyatni his qilishi kerak. Bugun kuzatilgan elektr ta'minotidagi uzilish haqida ular bizni ogohlantirmagan. Buni energetika tizimining saylov jarayonlariga, umuman, siyosiy voqealarga munosabati, deyish mumkin», deydi G‘ulom Samadov.

Energetika vazirligi 27 noyabr kuni Toshkent shahrida elektr ta'minoti uzilishi bo‘yicha izoh berdi.

«27 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar hamda saytlarda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo tufayli Toshkent metrosining «O‘zbekiston» yo‘nalishidagi «G‘afur G‘ulom», «Alisher Navoiy» bekatlarida yoritish uskunalarida nosozlik hamda eskalatorlar to‘xtab qolgani va «Toshkentda TV orqali jonli efirda ko‘rsatilayotgan saylov debati elektr o‘chgani sabab uzilib qoldi» sarlavhali materiallar e'lon qilindi. Ushbu holatlar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.

Ma'lum bo‘lishicha, 27 noyabr kuni soat 10:42da Shayxontohur tumanida joylashgan 35 kVli «Shayxontohur» podstansiyadagi yuqori kuchlanishli «Shayxontohur 1» yo‘nalishli kabel tarmog‘i shikastlanishi natijasida qisqa muddatli uzilish bo‘lgan hamda shu zahoti avtomatik ravishda zaxiradagi kabel tarmog‘iga ulangan. Soat 10:43da elektr energiyasi to‘la quvvat bilan uzatila boshlangan. 

Xuddi shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda «Toshkentda TV orqali jonli efirda ko‘rsatilayotgan saylov debati elektr o‘chgani sabab uzilib qoldi» sarlavhali materiallar e'lon qilindi. Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Milliy televideniyesi ham ushbu Shayxontohur tumanida joylashgan 35 kVli «Shayxontohur» podstansiya (ya'ni metropoliten bilan bitta podstansiya) orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanadi. Metropolitenda zaxiradagi kabel tarmog‘i borligi tufayli 1 daqiqada muammo bartaraf etilgan. 

Xalqaro press-klubning 27 noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan matbuot markazidagi efirga uzatilgan Press-koferensiyasi vaqtida elektr ta'minotida 5-7 daqiqa uzilish bo‘lgan.

Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», deyiladi izohda.

Mavzuga oid