O‘zbekistonning chet eldagi vakolatxonalari tomonidan mamlakat fuqarolariga pasport berish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda
Xorijdagi o‘zbekistonliklar pasportini almashtirish, yangisini olish uchun yurtga kelib-ketishi shart bo‘lmaydi
Bugun, 29 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi oldidan parlament yuqori palatasi qo‘mitalarining yig‘ilishlari o‘tkazilib, unda yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokama qilindi va mas'ullarning hisobotlari tinglandi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev xorijda o‘qiyotgan, ishlayotgan fuqarolar haligacha pasportini almashtirish, tiklash uchun O‘zbekistonga kelib-ketayotganiga e'tibor qaratdi.
«Janubiy Koreya yoki Rossiyada o‘qiyotgan talaba, ishlayotgan odamlarimiz pasportining amal qilish muddati tugaganda almashtirish uchun, yo‘qolganda tiklatish uchun albatta O‘zbekistonga, o‘zi ro‘yxatda turadigan tumaniga, qishlog‘iga kelib ketishi kerak. Buning uchun ularning qancha puli ketadi. Xorijda besh millionga yaqin o‘zbekistonlik bor. Nega ular O‘zbekistonning chet eldagi vakolatxonalari, konsullik idoralarida pasport ololmaydi yoki almashtirolmaydi», deya qo‘mita raisi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Faxriddin Tursunovning ma'lum qilishishicha, tez orada O‘zbekistonning chet eldagi vakolatxonalari tomonidan mamlakat fuqarolariga pasport berish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
«Hozirgi kunda chet elda yurgan 5 million o‘zbekistonlikka Davlat personallashtirish markazi tomonidan Tashqi ishlar vazirligiga jami bo‘lib 75ta qurilma berilishi kerak. Bugungi kunga qadar shundan 50 tasi chet eldagi elchixonalarimizga joylashtirildi. Ayni paytda xorijdagi vakolatxonalar tomonidan O‘zbekiston fuqarolarga pasport berilganda undiriladigan konsullik yig‘imi, davlatga to‘lanadigan davlat boji masalasi Tashqi ishlar vazirligida muammo bo‘lib turibdi. Shu bo‘yicha hozir TIV tomonidan loyiha ishlab chiqilgan. U hozir ko‘rib chiqilyapti. Shu masala hal etilgandan keyin xorijiy mamlakatlardagi hamma elchixonalarimizda O‘zbekiston fuqarolariga pasport berish boshlanadi», deydi Faxriddin Tursunov.
Qo‘mita raisi Farrux Dadaxo‘jayev xorijdagi vakolatxonalar tomonidan O‘zbekiston fuqarolarga pasport berilgani uchun undiriladigan konsullik yig‘imi miqdori baland qilib yubormaslik, bu bilan fuqarolarning ahvoli battar qiyinlashtirmaslik kerakligini ta'kidladi.
«Xorijda o‘qiyotgan bechora talaba tiyin-tiyinini hisoblab yashayotgan bo‘lsa, ishlashga ketgan ayrim fuqarolarimiz uyiga ko‘proq pul yuboray deb tushligini ham yemasdan ishlayotgan bo‘lsa, pasportini almashtirgani uchun borsa, otning kallasiday to‘lov to‘lab yurmasin-da. Ertaga bu masalani yalpi majlisdayam ko‘taramiz, Tashqi ishlar vazirligidan izoh so‘raymiz», deydi Farrux Dadaxo‘jayev.
Mavzuga oid
17:27 / 26.11.2024
Qozog‘iston pasporti Markaziy Osiyoda eng kuchli deb topildi
18:21 / 13.08.2024
“Shoh asar” - Kanadaning yangi pasporti dizayni haqida
08:35 / 20.07.2024
Aholi punktlarining xavfsizlik pasportlari tuziladi
11:29 / 13.07.2024