Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda tadbirkor va turkiyalik investor binodan ayrilishi mumkin. Muammo qanday hal qilinadi?
Kun.uz tahririyatiga Toshkent shahrining Yakkasaroy kichik sanoat zonasi hududidagi 52-blokda faoliyat yurituvchi «All Solar» xususiy korxonasi rahbari Muzaffar Tilavov murojaat yo‘lladi. Tadbirkorning aytishicha, u va turkiyalik investor Albayrak Ramazon rahbarligidagi «Asra prom textile» MChJ 2017 yildan buyon 10 yilga tuzilgan ijara shartnomasi asosida faoliyat yuritib kelayotgan bino O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 16 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi balansiga ko‘rgazma maydonchasi tashkil qilish uchun o‘tkazilmoqda.
Tadbirkorlar mazkur inshootning ta'mirlash ishlariga jami 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflab, endigina oyoqqa turgan va foyda ola boshlagan paytda bino olib qo‘yilayotganidan jiddiy tashvishda.
Eng ahamiyatli va kishini o‘ylantiradigan jihat shuki, prezident qarorida Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 44-b uy manzilida joylashgan uch qavatli bino unga tutash hududi bilan balans qiymatida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga topshirilishi qayd etilgan. Ammo «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi aynan qarorda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha emas, balki tadbirkorlar foydalanayotgan binoga, aniqrog‘i Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 53-b, 52-blokka da'vo qilmoqda.
Kun.uz muxbirlari mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishib, ayni masala bo‘yicha qator tashkilotlar munosabatiga qiziqdi.
«Nafaqat mening, balki turkiyalik investorning ham faoliyati to‘xtaydi»
Muzaffar Tilavov, «All Solar» xususiy korxonasi rahbari:
- 2013 yili mazkur korxonani ochib, o‘z faoliyatimni boshlaganman. 2017 yil fevral oyida yurtboshimiz ilk bor Toshkent shahridagi tadbirkorlar bilan uchrashganida men ham suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgandim. O‘shanda davlatimiz rahbari menga bu sohani yanada rivojlantirish kerakligi, ishlab chiqarish qismlarini iloji boricha mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriq berdilar.

Shundan so‘ng, Toshkent shahar davlat aktivlarini boshqarish markaziga hujjatlarimizni topshirib, ushbu binoni, ya'ni Shota Rustaveli ko‘chasi, 53-b, 52-blokni 10 yil muddatga ijaraga oldik. Bu inshoot bizga investitsiya kiritish va ta'mirlash shartlari bilan berildi. Bu shartlarni ikki yil ichida to‘liq bajardik. Ta'mirlash uchun 2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ketdi. Chet eldan 310 ming dollarlik uskunalar xarid qilib, olib keldik. Ayni paytda ishlab chiqarish ishlari boshlangan.
Bu binoda quyosh suv isitgichlarining aksariyat qismini, fotoelektrik stansiyalar yig‘ishni, quyoshdan ko‘cha yoritgichlarni ishlab chiqaryapmiz. Korxonamizda 22 nafar odam ishlaydi. Yakkasaroy kichik sanoat zonasiga joylashganimizdan beri budjet to‘lovlarini 1,5 milliard so‘mga bajardik.
Faoliyatimiz quyosh energetikasidan foydalanib uskunalar ishlab chiqarish bo‘lgani uchun bu O‘zbekistonda yangi soha, yurtimizda endi kengayib, xalqimiz tomonidan qiziqish ortib boryapti.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 200dan ziyod quyosh suv isitgichlari ishlab chiqardik. «Qishloqqurilishinvest» tashkiloti bilan shartnoma tuzdik va ayni paytda 340dan ortiq fotoelektrik stansiyalarni o‘rnatish jarayoni ketyapti. Korxonamiz 10 oy ichida 300 million so‘mga yaqin daromad topdi.


2019 yil 16 sentabr kuni PQ-4453 sonli to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori chiqdi. Ushbu qarorning 11-bandida biz joylashib turgan binoni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga ko‘rgazma zali uchun berish haqida topshiriq berilgan.
Qaror e'lon qilingach, «O‘zto‘qimachiliksanoat» raisi va vakillari bir necha marta kelishib, binoni bo‘shatish talabini qo‘yishyapti. Biz ikki yil ichida uskunalarimizni o‘rnatib, qulay shart-sharoitlarni yaratgan paytimizda bu joydan ko‘chishimiz ishlab chiqarish ishlari to‘xtashiga olib keladi.
2017 yilning fevralida davlat mulkini ijaraga berish markazi bilan 2026 yil 31 dekabrgacha shartnoma tuzganmiz.

Bu binoda ikkita tadbirkor faoliyat yuritamiz. Inshootni bo‘shatsak, nafaqat mening ishim, balki 30 nafarga yaqin ishchisi bor turkiyalik investorning faoliyati ham to‘xtaydi.
Prezident qarorida Bobur ko‘chasi, 44-b uy manzilida joylashgan uch qavatli bino berilsin degan. Vaholanki, binomizning kadastr bo‘yicha manzili Shota Rustaveli ko‘chasi, 53-b bino hisoblanadi. Agar qaror loyihasini tayyorlayotganlar bino Yakkasaroy kichik sanoat zonasida joylashganini aniqlab yoki davlat mulkini ijaraga berish markazidan ma'lumotlar olinganida, bu binoda tadbirkorlar mavjudligi, ta'mirlashni ular bajargani va ishlab chiqarish jarayonlari ketayotganidan xabardor bo‘lishardi.
Turkiyalik investor ham xavotirda
Tadbirkor Muzaffar Tilavov bilan birga mazkur binoda faoliyat yuritib kelayotgan «Asra prom textile» MChJ direktori, turkiyalik Albayrak Ramazon ham inshoot olib qo‘yilishi va faoliyati to‘xtab qolishidan xavotirda.

«12 yildan beri O‘zbekistondaman. 3 yildan buyon shu binoda faoliyat yurityapmiz. Ta'mirlash ishlariga 2 milliard 150 ming so‘m atrofida mablag‘ ketdi. 25 nafar ishchim bor. 400 ming dollarga Turkiyadan zamonaviy texnikalar olib keldim. Endi esa bu yerni bizdan olib qo‘yishmoqchi. Bu muammo bo‘yicha Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qilganman. Lekin ulardan hali aniq javob kelmadi», deydi u.
«Yuridik manzili Shota Rustaveli ko‘chasi»
Ishbilarmonlar fikrlarini eshitgach, «Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri» davlat korxonasi Yakkasaroy tuman filialida bo‘ldik. Ushbu tashkilot xodimi Ravshanbek Po‘latov savollarimizga javob berdi.
«All Solar» MChJ bugungi kunda ijara shartnoma asosida foydalanib kelayotgan bino «Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK balansida bo‘lib, uning yuridik manzili Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 53-b uy etib belgilangan.
Bizga «Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK tomonidan bino manzili Bobur ko‘chasi, 44-b uy deya murojaat qilinmagan va uning yuridik manzili yuqorida aytganimdek Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 53-b uy deb ko‘rsatib o‘tilgan», deydi tashkilot xodimi.
«Shartnomalar bekor qilinmagan»
Surishtiruv davomida Toshkent shahar davlat mulkini ijaraga berish markazida bo‘lib, markazning Yakkasaroy tumani bo‘yicha mas'ul xodimi Muhiddin Meliqulov bilan ham suhbatlashdik.
«All Solar» MChJ 2017 yil 15 fevralda «Toshkent shahar ijara markazi» DUK va «Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi» DUK tomonidan uch tomonlama ijara shartnomasi tuzilgan. Investitsiya majburiyatlari bilan 10 yilga tuzilgan shartnoma muddati 2026 yil 31 dekabrgacha.
Ikkinchi firma - «Asra prom textile» MChJ ham 2017 yil 3 dekabr kuni 10 yilga uch tomonlama ijara shartnoma tuzib, faoliyat yurityapti.
Hozirda har ikki korxona bilan ham tuzilgan shartnoma kuchda va u bekor qilinmagan. Biz tomondan ularni bekor qilish rejalashtirilmagan. Shartnomani bekor qilish bo‘yicha ham markazimizga hech qanday xat-hujjat kelib tushmagan», deydi u.
«Ikki tomonga ham ma'qul keladigan variantni o‘ylayapmiz»
Shundan so‘ng «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga tashrif buyurdik. Tashkilot raisi o‘rinbosari Baxtiyor Muhammadsaidov vaziyat yuzasidan izoh berdi.
«Qaror loyihasini tayyorlash O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 14 dekabrdagi farmoni asosida 2019 yil boshida boshlangan. Bu borada 20dan ortiq vazirlik va idoralar bilan kelishilgan. Bundan tashqari, iyul oyida my.gov.uz sayti orqali umumxalq muhokamasiga ham qo‘yilgan.

Bu bino avval «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati mulki bo‘lgan. Keyinchalik esa samarali foydalanish maqsadida davlatga qaytarib berilgan. Xuddi shunday to‘qimachilik kombinati ham. E'tibor bergan bo‘lsangiz bu Yakkasaroy tumanida to‘qimachilik korxonalari yo‘nalishlariga moslab qurilgan hudud hisoblanadi.
Hozirgi kunda bu binoda ijara asosida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar takliflarini oldik. O‘zimiz ham ularga taklif bilan chiqdik. Ayni paytda ushbu vaziyatni ijobiy hal etish bo‘yicha o‘rganilyapti. Ikki tomonga ham ma'qul keladigan variantni o‘ylayapmiz», deydi mutasaddi.
Ko‘rib turganingizdek, vaziyat biroz chigal, tadbirkorlar esa sarosimada. Umid qilamizki, mavjud vaziyat vakolatli davlat organlari e'tiboridan chetda qolmaydi. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Mirolim Isajonov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
13:03 / 20.05.2025
Tadbirkorlarga modulli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya ajratiladi
22:10 / 13.05.2025
Toshkentda ko‘p qavatli uy tomiga o‘zboshimchalik bilan restoran qurilgani aniqlandi
23:43 / 05.05.2025
Toshkentda Lacetti urib ketgan piyoda vafot etdi
16:17 / 03.05.2025