O‘zbekiston | 00:52 / 30.11.2019
75623
20 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Toshkentdagi uchrashuvda nimalarga kelishib olishdi?

29 noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston prezidenti Sooronboy Jeenbekov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovlar ishtirok etdi.

Davlat rahbarlarining uchrashuvlari

Birinchi bo‘lib 28 noyabr kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov amaliy tashrif va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga keldi.

Oliy martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Tantanali kutib olish marosimidan so‘ng Turkmaniston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.

Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga amaliy tashrifi 28 noyabr kuni ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi bilan boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar va ularni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muzokaralar chog‘ida amaliy hamkorlik masalalariga, jumladan, o‘zaro savdoni ko‘paytirish, mashinasozlik, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

Hududlar o‘rtasida, shuningdek, madaniy-gumanitar sohada faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari Toshkentda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi xususida yakdil fikr bildirdilar.

Shu kuni Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Faxriy akademigi unvonini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

 

Mamlakatimiz Fanlar akademiyasi ushbu qarorni Turkmaniston prezidenti xalqaro ilmiy doiralarda keng tanilgan va e'tirof etilgan olim, zamonaviy tibbiyot, farmakologiya, iqtisodiyot, arxitektura va fanning boshqa sohalarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoning boy tabiatini o‘rganishga bag‘ishlangan qator ilmiy qomusiy asarlar muallifi ekanligini inobatga olgan holda qabul qildi.

Marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqib, ushbu qaror Turkmaniston prezidentining ilm-fan sohalarini rivojlantirish, qardosh o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlariga ulkan hurmat ifodasi ekanini ta'kidladi.

Davlatimiz rahbari oxirgi yillar ko‘p asrlik aloqalar tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgani va bugungi kunda Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma asosida tobora rivojlanayotganini qayd etdi.  

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, o‘z navbatida, prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga ko‘rsatilgan yuksak e'tibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi, bu Turkmanistonga hurmat-ehtirom ifodasi, mamlakatning fan va ta'lim sohalaridagi yutuqlari e'tirofi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik mustahkamligidan dalolat ekanini ta'kidladi.

Turkmaniston rahbari ko‘p asrlik tarixiy-madaniy aloqalar bog‘lab turgan mamlakatlarimizning yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan hamkorligi o‘zaro manfaatlarga ham, butun mintaqa farovonligi yo‘lidagi maqsadlarga ham mos ekanini qayd etdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov prezident Shavkat Mirziyoyevning ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlash, unga yangi sur'at bag‘ishlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi. O‘zbekiston rahbari bilan muntazam va samarali uchrashuvlar doimo do‘stona va ishonch ruhida o‘tayotgani va aniq kelishuvlarga erishishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Tadbirda ilm-fan va madaniyat namoyandalari, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turkman millati vakillari so‘zga chiqib, Turkmaniston prezidentini yuksak unvon bilan tabrikladi.

Marosimda ikki mamlakatning rasmiy delegatsiyalari a'zolari, akademik doiralari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 28 noyabr kuni kechqurun Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Ikkinchi maslahatlashuv kengashi majlisida ishtirok etish uchun Toshkentga keldi va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiyot, energetika, transport, ta'lim, madaniyat va sarmoyalar sohasidagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari ikki davlatning ko‘plab sohalardagi hamkorligidan mamnun ekanligini bildirdi.

Tojikiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Dushanbe shahriga rasmiy tashrif bilan borishga taklif qildi.

28 noyabr kuni, shuningdek, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga yetib keldi.

29 noyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga keldi.

29 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevni O‘zbekistonga tashrifi bilan samimiy qutlab, unga O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari yetakchilari uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi.

Elboshi Nursulton Nazarboyev, o‘z navbatida, prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk bor 2018 yil Ostona (ayni paytda – Nur-Sulton) shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani hamda sheriklikning amaliy loyihalarini ilgari surish uchun samarali maydon bo‘layotganligini ta'kidladi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid, shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronboy Jeenbekov bilan ham uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari izchil kengayib, mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Turli darajalardagi aloqalar faollashgani, tovar ayirboshlash ortayotgani, gumanitar almashinuvlar jadallashgani alohida ta'kidlandi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Tomonlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Toshkentdagi maslahat uchrashuvi mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish hamda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdilar.

Muhim tashabbuslar ilgari surildi

Sammit ishida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev,  Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronboy Jeenbekov,  Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.

Delegatsiyalar rahbarlarining birgalikda suratga tushish marosimi bo‘lib o‘tdi.

So‘ng davlat yetakchilarining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari hamkasblarini samimiy qutlab, ushbu uchrashuv hayot talabi, tomonlarning yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va sheriklikni kengaytirishga intilishi ifodasi ekanini ta'kidladi. 

– Yaratganning inoyati bilan biz qo‘shnilarmiz. Xalqlarimizning tarixi va taqdiri, kelajagi chambarchas bog‘liq. Bu esa mintaqamizni birlashtiruvchi katta kuchdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha yagona nuqtai nazarni kelishish zarurligini ta'kidlab, uning asosiy yo‘nalishlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi, qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Bu, avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirishdir. Katta bozorga ega, tabiiy xomashyo va inson resurslari salmoqli bo‘lgan mintaqamizning raqobatdosh ustunliklarini imkon qadar to‘liq ishga solish muhim. Qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish, mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish, ish o‘rinlarini yaratish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi imkoniyatlarni aniqlash va kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish lozim.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, agrar tarmoqda faol hamkorlik qilishga tayyor ekani bildirildi.

Prezident shu maqsadda Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari investitsiyaviy forumini tashkil etish, savdo-sanoat palatalari rahbarlari uchrashuvlarini har yili o‘tkazishni taklif qildi.

Ikkinchi muhim yo‘nalish – mintaqaning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish.

Markaziy Osiyoning transport tizimi yaratilayotgan zamonaviy logistika infratuzilmasidan foydalangan holda mintaqa ichida uzluksiz kommunikatsiyani ta'minlashi, shuningdek, tobora ortib borayotgan tranzit oqimlariga samarali xizmat qilishi lozimligi ta'kidlandi.

Transport kommunikatsiyalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzilishini, Markaziy Osiyo transport tizimini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha dastur va bitimning kelishilishini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.

Uchinchidan, mintaqaning uzoq muddatli manfaatlarini hisobga olgan holda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligi, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish, zamonaviy energetika infratuzilmasini yaratish borasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekani ta'kidlandi.

Mamlakatlarning ulkan turizm salohiyatini amalga oshirish yana bir istiqbolli yo‘nalishdir. Davlat rahbari buning uchun Markaziy Osiyoning yagona, ko‘pchilik taniydigan turizm brendi, mintaqa uchun umumiy bo‘lgan jozibador turizm mahsulotlarini shakllantirish lozimligiga e'tibor qaratdi.

Shu maqsadda prezident “Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat” xalqaro turizm konferensiyasini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev suvdan foydalanish borasidagi muammolarni hal etishga doir o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishni taklif etdi, Afg‘onistonda tinchlik, milliy murosa va iqtisodiy tiklanishga erishishga ko‘maklashish yo‘lida mintaqa mamlakatlarining sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish muhim ekanini ta'kidladi.

Mirziyoyev: Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro yaqinlashuvi - ortga qaytmaydigan jarayon

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muzokaralari kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev majlis ishtirokchilarini qutlar ekan, ikkinchi Maslahat uchrashuvining o‘tkazilishi manfaatlarning o‘zaro mushtarakligi, mamlakatlarimiz mintaqaviy taraqqiyotning eng dolzarb masalalari bo‘yicha ochiq muloqot va birgalikda qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlashini ta'kidladi.

– Siyosiy iroda va amaliy qadamlarimiz tufayli biz hamkorlikning yanada yuqori bosqichiga ko‘tarilmoqdamiz, – dedi davlat rahbari. – Bizning hamjihatligimiz va faol sa'y-harakatlarimiz ko‘pqirrali mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi. Biz qisqa muddatda birgalikda, amalda oldinga siljishga erishdik.

Xususan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi yillarda 2 barobarga, qo‘shma korxonalar soni 4 barobarga o‘sdi. Birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan chegaralarning huquqiy rasmiylashtirish ishlari yakunlanish arafasida, oltmishga yaqin o‘tish punktlarining to‘laqonli faoliyati ta'minlandi, vizalar bekor qilindi. Ishbilarmonlik va hududlararo aloqalar, transport qatnovlari, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

O‘tgan yili O‘zbekistonda birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi hamda mamlakatlarimizning bosh vazirlari o‘rinbosarlari darajasida Ishchi guruhning dastlabki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bularning barchasida barqaror bir tendensiya – davlatlarimizning mustaqil roli va umumiy kelajak uchun mas'uliyati kuchayib borayotgani namoyon bo‘lmoqda, deb ta'kidladi prezident Shavkat Mirziyoyev. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha tobora ko‘proq umumiy pozitsiyadan turib fikr bildirayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Bizning mintaqadagi o‘zaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz – bu zamon talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon ekanini ta'kidlamoqchiman. U qat'iy siyosiy qarorga asoslangan bo‘lib, chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas, – dedi prezident.

Davlat rahbari uchrashuv ishtirokchilarini savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi vazifalarni amalga oshirish uchun butun kuch va imkoniyatlarni safarbar etishga chaqirdi.

Shu munosabat bilan, Markaziy Osiyo investitsiya forumi va mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalarining ilk yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, Transport kommunikatsiyalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzishni tezlashtirish, “Bir sayohat bilan butun mintaqa bo‘ylab” tamoyili asosida qo‘shma dasturlarni ilgari surish uchun Xalqaro turizm konferensiyasini tashkil etish taklif etildi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari Parlamentlararo do‘stlik guruhini ta'sis etish hamda “Markaziy Osiyo – yagona o‘tmish, umumiy kelajak” shiori ostida madaniy-gumanitar almashuv platformasining yaratilishi bizning barcha xalqlarimiz manfaatlariga javob berishi ta'kidlandi. 

Prezidentimiz ilm-fan, madaniyat va san'at sohalarida erishilgan salmoqli yutuqlar uchun Markaziy Osiyo mukofotini ta'sis etish, shuningdek, universitetlar forumlari va mintaqaviy sport o‘yinlarini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

– Har yili Navro‘z bayrami arafasida navbati bilan har bir mamlakatda Markaziy Osiyo madaniyat kunlarini o‘tkazishni muhim deb hisoblaymiz. Bularning barchasi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Suvdan birgalikda foydalanishning dolzarb masalalarini,  mintaqaning murakkab suv va ekologik muammolarini hal qilishning barcha uchun maqbul yechimini izlash o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni talab etadi. Innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini tatbiq etish, cho‘llashishni bartaraf qilish va boshqa kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida O‘zbekiston prezidenti BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Trast fondi imkoniyatlarini samarali ishga solishni taklif etdi.

Eng muhim ustuvor vazifa – mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlashdan iborat ekanini hisobga olib, davlatimiz rahbari O‘zbekiston zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga keng miqyosda qarshi turish uchun mamlakatlarimizning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari va maxsus xizmatlarining operativ hamkorlik qilishi bo‘yicha ishchi mexanizmlarni yaratish tarafdori ekanini ta'kidladi.

– Afg‘oniston mintaqamizning uzviy bir qismidir. Ushbu diyorga tinchlik va taraqqiyot yo‘liga qat'iy qadam qo‘yishi uchun yordam berish – barchamizning umumiy manfaatlarimizga to‘liq mos keladi. Muammoni siyosiy yo‘l bilan hal qilish borasidagi asosiy tamoyillarga amal qilish zarur deb hisoblaymiz. Avvalambor, bu – zo‘ravonlikdan voz kechish, o‘t ochishni to‘xtatish, muloqot va murosaga tayyorlikni namoyon etishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, davlat rahbari Afg‘onistonda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga faol jalb etishga qaratilgan kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish o‘ta muhimdir.

Prezidentimiz bu ustuvor vazifalar Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Yagona qarash hujjatida o‘z aksini topishiga ishonch bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuv ishtirokchilarini o‘zaro hamkorlikning asosiy maqsad va tamoyillarini kelishib olishga, inson, kapital, tovar va xizmatlarning harakati, shuningdek, keng madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratib berish, Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikni mustahkamlashning amaliy mexanizmlarini shakllantirish va yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.

Turkmaniston prezidentining taklifiga binoan davlat rahbarlari Qozog‘istonning birinchi prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyevni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvining Faxriy raisi etib bir ovozdan sayladilar.

Navbatdagi Maslahat uchrashuvi Qirg‘izistonda o‘tkaziladi

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev muzokaralar an'anaviy do‘stlik va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tganini, davlat rahbarlarining mintaqada ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini yanada mustahkamlashga bo‘lgan intilishi va qat'iy siyosiy irodasining yaqqol ifodasi bo‘lganini ta'kidladi.

– Biz o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildik. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish yo‘lida butunlay hamfikr ekanimizni yana bir bor tasdiqladik. Uchrashuv dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha bizning qarash va yondashuvlarimiz, o‘zaro juda yaqin ekanini namoyish etdi, – dedi davlatimiz rahbari.

Uchrashuvda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va mintaqaning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgani ma'lum qilindi.

Tomonlar hududlar darajasida faol almashinuvlar va  muloqotni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ilm-fan, ta'lim, turizm, madaniyat va sport sohalarida qo‘shma tadbirlarni muntazam o‘tkazishga kelishib oldilar.

Muzokaralar chog‘ida mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash uchun ko‘p tomonlama hamkorlik masalalariga jiddiy e'tibor qaratilgani aytildi.

Kunning birinchi qismida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan keyin Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ko‘ksaroy qarorgohidagi faxriy mehmonlar xiyoboniga ko‘chatlar o‘tqazdi. Shundan keyin siyosatchilar Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurishdi va O‘zbekistonning birinchi prezidenti haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimida ishtirok etishdi.

Sammit yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi hamda Maslahat uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish reglamenti ma'qullandi.

– Bizni mushtarak tarix va madaniyat, yagona muqaddas din, o‘xshash mentalitet, ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va an'analar, hamda ajralmas do‘stlik chambarchas bog‘lab turadi. Bularning barchasi, xalqlarimiz farovonligi va ravnaqi yo‘lida Markaziy Osiyo davlatlari salohiyatini birlashtirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli hamkorligimizga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi, – deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi.

Delegatsiyalar rahbarlari aeroportga birgalikda keldilar. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlatlari rahbarlarini shaxsan kuzatib qo‘ydi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kelgusi yili Qirg‘izistonda o‘tkaziladi.

Mavzuga oid