Jamiyat | 15:22 / 04.12.2019
49640
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida portlash sodir bo‘ldi. 8 kishi kasalxonaga yotqizildi

Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida yong‘in yuz berdi.

Bugun, 4 dekabr kuni soat taxminan 14:00larda Andijon viloyati Andijon shahrining 2-kichik dahasida joylashgan 7-sonli ko‘p qavatli uylarning birida qo‘lbola usulda tayyorlangan gazni tortish moslamasida yuzaga kelgan chaqnash natijasida yong‘in sodir bo‘lgan, yong‘indan uyning 4 ta xonadoni zarar ko‘rgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lgan joyda 8 nafar fuqaro kasalxonaga murojaat qilgan, qurbonlar yo‘q.

«Hurmatli fuqarolar! Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, Sizdan, xonadoningiz va boshqa binolarda faqat davlat standartlariga javob beradigan uskunalardan foydalanishni va gaz anjomlarida gaz sizib chiqish holatlari bor yoki yo‘qligiga e'tiborli bo‘lishingizni hamda ulardan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilishingizni so‘raymiz», - deyiladi Tergov departamenti ma'lumotida.

Andijon FVB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi ham yong‘in bo‘yicha ma'lumot berdi.

Ma'lumotga ko‘ra, viloyat Yong‘in xavfsizligi boshqarmasiga 4 dekabr soat 14:13da  yong‘in bo‘layotgani haqida xabar berilgan. Voqea joyiga 4ta jangovar ekipaj yetib borgan. Tabiiy gazni so‘rib oluvchi moslamasidagi elektr chaqnashi sodir bo‘lgan 7-ko‘pqavatli uyning 38-kvartirasidagi yong‘in o‘chirilib, 8ta xonadonda yashovchilar qutqarilgan.

Hodisa oqibatida 37, 38 va 39-ko‘pqavatli uylarning ajratib turuvchi devor ora yopmalari, to‘siqlar chaqnash zarbi tufayli shikastlangan, derazalar qulab tushgan. Yong‘in soat 14:46da bartaraf qilingan.

Chaqnash va o‘t ketishi oqibatida 7-ko‘pqavatli uyda yashovchi aholi orasida kuygan, tan jarohati olgan va jabr ko‘rganlar yo‘q. 6 kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.   

 

Mavzuga oid