Jahon | 15:08 / 04.12.2019
95556
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev nima uchun uning o‘rniga Nazarboyev Toshkentga kelganini aytdi

Nursulton Nazarboyev va Qosim-Jomart To‘qayev/Foto: REUTERS

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Germaniyaga safar qilishdan oldin Deutsche Welle’ga intervyu berdi.

Jurnalist amaldagi davlat rahbari va birinchi prezident vazifalari o‘rtasida qandaydir tafovut bor-yo‘qligi haqida so‘radi.

- Toshkentga (29 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi), masalan, Nazarboyev tashrif buyurdi. Bunda vazifalarning qandaydir taqsimlanishi bormi? - deb so‘radi jurnalist.

- Nazarboyev haqiqatdan ham Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. U bir vaqtlar ushbu formatni o‘zi yaratgandi, 2000-yillarning boshida esa butun bir tashkilot - Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati mavjud edi. Keyin, turli sabablarga ko‘ra, bu hamjamiyat tarqatib yuborildi, ammo endi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘rtasida bunday norasmiy maslahatlashuvlarga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Axir, ushbu mintaqa geosiyosat nuqtai nazardan juda muhimdir. Davlat rahbarlari o‘rtasida norasmiy maslahatlashuvlar o‘tkazish juda kerak bo‘lgan narsa. Nursulton Nazarboyev Elboshi sifatida shu bilan shug‘ullanmoqda, - deya javob qaytardi To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi faxriy raisi maqomi berildi.

Mavzuga oid