O‘zbekiston | 20:30 / 08.12.2019
53089
12 daqiqa o‘qiladi

Londondagi sammit, Gulnora Karimovaga yangi ayblov, OAVdan minnatdor bo‘lgan prezident va haftaning boshqa xabarlari

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

O‘zbekistonda energetika muammolari

O‘tgan haftalarda O‘zbekistonning turli hududlaridagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida turnaqator navbatlar kuzatildi va bu holat davom etmoqda. Kun.uz muxbiri vodiydagi holat bo‘yicha reportaj uyushtirdi. 

Mutasaddilar bu holatni sovuq kunlarda birinchi navbatda aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uylar, strategik va ijtimoiy soha obektlariga tabiiy gaz yetkazib berilishini ta'minlash maqsadida viloyatdagi barcha AGTKShlarga tabiiy gaz berishni vaqtincha cheklanishi bilan izohlamoqda.

«O‘zneftgazinspeksiya» gaz to‘ldirish shoxobchalari gaz ta'minoti korxonasiga 30,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazgani, shuningdek, pishgan g‘isht sexlari, issiqxonalar va boshqa korxonalarda gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani haqida ma'lumot berdi. «Jomboytumangaz» filialida ham aholi uchun ajratilgan suyultirilgan gaz ballonlarini talon-toroj qilish holati aniqlandi. 

Bu orada Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida qo‘lbola usulda tayyorlangan gazni tortish moslamasida yuzaga kelgan portlash natijasida yong‘in sodir bo‘lib, 8 kishi jarohatlandi. Toshkentda yangi uylar aholisi o‘z-o‘zicha aylanaveradigan gaz hisoblagichlaridan shikoyat qilmoqda.

Turkmanistondan elektr energiyasi importi ham bir tekisda ketmayapti. 

30 noyabr kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» «Turkmanenergo» bilan elektr energiyasini import qilish yuzasidan bir yillik kelishuvga erishilgani, 1 dekabr kunidan buyon O‘zbekistonda elektr energiyasi ta'minotida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berib, tarmoqdagi cheklovlar keskin kamayishini ma'lum qilgandi.

4 dekabr kuni «Serdar» va «Qorako‘l» podstansiyalarini bog‘lovchi havo elektr uzatish tarmog‘ida favqulodda o‘chish holati sodir bo‘ldi va Navoiy, Buxoro hamda Surxondaryo viloyatlari tarmoqdan uzildi. Bir kun o‘tib elektr uzatish tarmog‘i ta'mirlanib, import amaliyoti tiklandi. 

6 dekabr kuni «Talimarjon» IESda 800 mVtli 1-energoblok texnologik himoya ishlashi sababli avariya holatda o‘chdi. Natijada Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida avariyaga qarshi avtomatika tizimi orqali iste'molchilar vaqtincha tarmoqdan uzildi.

NATOdagi bahslar va xafagarchiliklar

Turkiya Boltiqbo‘yi davlatlarini Rossiyadan himoya qilish rejasiga qarshi bo‘ldi, Makron ham Turkiyaga, ham Trampga qarshi bo‘ldi, Tramp o‘z odatiga ko‘ra barchaga qarshi bo‘ldi. London yaqinidagi Uotford shaharchasidagi NATOning 70 yilligiga bag‘ishlangan sammit arafasida alyansdagi muhitni yubiley muhit deb bo‘lmasdi.

Avvaliga Emmanuel Makron «NATO miyasining o‘limi» haqida gapirib, alyansni isloh qilish kerakligi haqida gapirgandi.

Makron NATOning strategik qarorlar qabul qilish borasida oqsayotgani va Turkiyaning Suriyadagi harakatlariga nisbatan chora ko‘rmagani, g‘oyalar boshqaruvini yo‘qotganini ta'kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO strategik maqsadlarini aniqlab olishi lozim, Yevropa jar yoqasida turibdi va qit'ani himoya qilish ishlarini boshlash zarur. 

Bu fikrlar yoqmagan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Makronga shifokorga uchrashni tavsiya qildi.

Erdo‘g‘an rasmiy Parij Turkiyani NATO a'zoligidan chiqarish borasida qaror qabul qilish vakolatiga ega emasligini eslatdi va  fransuz harbiylari Suriyada nima qilib yurgani borasida savol qo‘ydi. Turkiya prezidenti qo‘shni davlatda belgilangan muddatlarda mamlakat xavfsizligiga tahdidlar saqlanib qoladigan bo‘lsa, Anqara yana qat'iy choralar qo‘llashga kirishishini ma'lum qildi.

Tramp ham Makronning gaplarini «yoqimsiz bayonot» deb atadi (Makron NATO a'zolari AQShga harbiy himoya uchun to‘lov qilishdan oldin bu tashkilotning mohiyatini qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytgandi). Amerikaliklar prezidenti tvitlarida Fransiyada ishsizlik yuqoriligi, hukumat esa Amerika internet-kompaniyalarini katta soliqlarga tortishni istashi, u esa bunga javoban fransuz vinosi uchun boj joriy etishni rejalashtirayotgani haqida yozdi.

Yakunda NATO yetakchilari baribir Boltiqbo‘yi hamda Polsha masalasidagi rejalarda yakdil ekanliklarini bildirishdi va bu hududlarni Rossiyadan himoya qilish borasida kelishishdi.

Gulnora Karimova yana bir jinoyat ishi ishtirokchisiga aylandi

Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga nisbatan yangi jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakuniga yetganini xabar qildi. U jinoiy guruh tuzish, o‘lpon yig‘ish va qo‘rqitib, mulklarni tortib olishda ayblanmoqda.

Gulnora Karimovaning qamoq muddati uzaytirilgani haqida avvalroq, 3 dekabr kuni uning qizi Imon Karimova Instagram’da e'lon qilgan edi. Ayni vaqtda u jinoyat ishining maqomi «maxfiy» ekanini ma'lum qilgan edi.

«Fuqarolar va jurnalistlardan savollar oqimi ko‘payib borayotgani munosabati bilan, jamoamiz Gulnora Karimovaga qarshi siyosiy motivga ega ish bo‘yicha to‘liq axborotni e'lon qilib borishni boshlaydi», deb yozgandi Imon Karimova. U bu ishni rasmiylarning Gulnora Karimovaning «qamoq muddatini uzaytirish va uni to‘liq izolyatsiyada saqlab turish» yo‘lidagi beshinchi urinish deb atagandi.

2017 yilning yozida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ma'lumot bergan, unga ko‘ra Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, ya'ni birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgani va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani ma'lum bo‘lgandi.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma'lum qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

O‘zbekiston hukumati insonparvarlik nuqtayi nazaridan unga imkon berdi va jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtiriladi.

2018 yil yozidan 2019 yil bahorigacha o‘z qizi Imon Karimova bilan bir uyda yashagan Gulnora Karimova tartiblarni buzgani uchun yana qamoqqa qaytarildi. U 2019 yil martidan beri Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-son umumiy tartibdagi koloniyada saqlanmoqda. Avgust oyida Bosh prokuratura Karimova xonimga nisbatan davlat mablag‘larini talon-toroj qilish va O‘zbekistonning manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, shuningdek, tovlamachilik yo‘li bilan o‘zgalarning o‘ta yirik miqdordagi mulklarini egallab olish holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini ma'lum qilgandi.

Tramp impichmenti

4 dekabr kuni Kongress vakillar palatasi sud qo‘mitasi raisi Jyerrold Nadler AQSh prezidenti Donald Tramp impichmenti bo‘yicha tekshiruvlarning barcha uch qismi mavjud talablarga javob berishi va bu jarayonning o‘zi qonuniyligini ma'lum qildi.

5 dekabr kuni AQSh kongressi spikeri Nensi Pelosi Vakillar palatasi Donald Trampga qarshi rasmiy ayblov formulirovkasini muhokama qilishga tayyorligini e'lon qildi. Bu shuni anglatadiki, kongressdagi demokratlar Oq uy rahbarini hukumatdan ketkazish bo‘yicha jarayonni boshlashga yakuniy qarorni qabul qilishgan.

AQSh prezidenti impichmenti bo‘yicha ovoz berish yil oxirigacha o‘tkazilishi mumkin.

Tramp impichmenti masalasi ko‘tarilgandan beri uch oyga yaqin vaqt o‘tdi. So‘nggi vaqtlarda Pelosi xonim bir necha marta impichmentni e'lon qilishga shoshilmaslik ma'qulligini aytgandi.

Trampning hokimiyatdan chetlatilishi uchun nafaqat Vakillar palatasi qarori, balki respublikachilar ustunlik qiladigan Senat a'zolarining uchdan ikki qismi qo‘llab-quvvatloviga erishish talab etiladi.

Donald Tramp Nensi Pelosining chiqishidan avvalroq demokratlarning qaroriga munosabat bildirgandi.

«Agar menga impichment e'lon qilishga taraddudlangan ekansiz, buni hozir va tezroq qiling, biz Senatda haqqoniy sud o‘tkazaylik va mamlakatimiz yana odatiy hayotga qaytsin», - deya yozgandi prezident tvitida.

Oq uy matbuot kotibi Stefani Grishemning fikricha, demokratlar bunday tashabbusidan uyalishlari kerak.

«Biz Senatda adolatli sud kutamiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

Yana bir munosabat Donald Trampning saylovoldi shtabi rahbari Bred Parskeyl tomonidan bildirilgan. Uning fikricha, demokratlar o‘z harakatlari bilan saylovchilarning nomzod haqidagi fikrini o‘zgartirib, 2020 yilgi saylovga ta'sir ko‘rsatishmoqchi.

«Spiker Pelosi, qo‘mita rahbari Shiff va Xanter Bayden ham ko‘rsatma berishi kerak», degan Parskeyl.

O‘zbekistonda OAVga tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqining bir qismini qonun ustuvorligi va jamoatchilik nazoratini ta'minlashga bag‘ishladi.

Prezident shuningdek, O‘zbekistonda OAV vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligini ta'kidladi:

Katta rahmat, ommaviy axborot vositalari va blogerlarga. Ko‘p-ko‘p narsalar O‘zbekistonda ochiq aytilyapti, hamma buni ko‘rib turibdi. Lekin bitta narsani bilinglar, bu ochiqlik hech qachon orqaga qaytmaydi!

Qancha ko‘p ochiqlik bo‘lsa, ommaviy axborot vositalari odamlarimizga haqiqiy muammolarni qancha ko‘p yetkazsa, men rahbar sifatida ulardan minnatdor bo‘laman

Tanqid albatta kerak. Mana tanqid bo‘lyapti, xulosa ham bo‘lyapti. Lekin biz hammamiz izlanishdamiz, o‘rganishdamiz. Yangi O‘zbekiston quryapmiz, bir-birimizga tayanib, xalqimizni rozi qilishimiz kerak. Yana bir marta takrorlayman, hamma bilishi kerak: O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Prezident o‘z ma'ruzasida prokuratura idoralari faoliyati tufayli ko‘plab kishilar jabrlangani haqida gapirdi va kelgusi yildan boshlab prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etilishini ma'lum qildi.

Prezident inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta'minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e'zozlash biz barpo etayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyati ekani, bunday prinsip asosiy qonunda qat'iy belgilanganini ta'kidlab o‘tdi.

Prezident qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yishning yangi tartibi haqida gapirdi.

Mavzuga oid