Jahon | 21:33 / 10.12.2019
75244
9 daqiqa o‘qiladi

Kami 19 yil. Peterburg metrosidagi portlash bo‘yicha ayblanganlarga hukm o‘qildi

2017 yil aprelida Peterburg metrosida portlash ro‘y bergan: 15 kishi halok bo‘lib, yana 100 kishi jarohatlangandi. Ikki yarim yil vaqt o‘tib sud ushbu hodisada ayblangan 11 kishiga hukm o‘qidi - ularga 19 yillik qamoqdan umrbod qamoqqacha bo‘lgan jazolar tayinlandi. Sudlanganlardan hech biri o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olmadi.

Shohista Karimova va Abror Azimov / Petr Kovalev / TASS / Scanpix / LETA

«Meduza» ushbu ish bo‘yicha hal qiluvchi yig‘ilishdan reportaj tayyorladi.

«Mening o‘g‘lim ularni kimgadir yulduzcha [pogonda] kerakligi uchun qamashayotganini tushunib turibdi», — deydi sud majlisidan oldin 11 sudlanuvchidan birining onasi Yorqinoy Mirzaalimova. Ayol titragan ovoz bilan so‘nggi ikki yarim yilda prezident administratsiyasiga, Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinga va boshqa nufuzli shaxslarga xatlar yo‘llagani, ammo tayinli javob kelmaganini gapiradi.

U barcha xatlarida bitta narsani yozgan: o‘g‘li Mahammadyusuf Mirzaalimovning tarixini. Uni Tovarishcheskiy prospektdagi kvartirada yana olti kishi bilan birga qo‘lga olishgan — ularning barchasi terakt bo‘yicha ishda ayblangan. Tergovning hisoblashicha bu shaxslar terrorchi guruh tuzgan va metrodagi portlashga tayyorgarlik ko‘rgan. Kvartiradagi tintuv vaqtida metroda portlagan bombaga o‘xshash bo‘lgan portlovchi qurilma topilgan — qo‘lga olinganlar esa qurilma uyga maxsus xizmatlar xodimlari tomonidan tashlab qo‘yilgani haqida aytishgan.

Mahammadyusuf Mirzaalimov oshpaz bo‘lib ishlagan. Tovarishcheskiy prospektdagi kvartiraga u portlashdan ikki kun oldin — 2017 yilning 1 aprelida kelgan bo‘lgan. Uning onasi aytishicha, o‘g‘li bu yerda yangi joy topgunicha vaqtincha yashab turmoqchi bo‘lgan: «Mening o‘g‘lim shunchaki keraksiz vaqtda keraksiz joyda — o‘sha kvartirada bo‘lib qolgan».

Yorqinoy Mirzaalimova ish bo‘yicha shug‘ullangan tergovchilar bilan gaplashganida, go‘yoki ulardan biri tekshiruv ishlari davomida «yuqoridan kelgan buyruq» tufayli qoidabuzarlik qilishga majbur bo‘lgani haqida aytgan.

Sudda boshqa sudlanuvchilarning qarindoshlari ishtirok etmadi. Mirzaalimova buni shunday izohlaydi: shunchaki ko‘pchilik oilalar boshqa shaharlardan Peterburgga kelishga qurbi yetmadi.

Olga Malseva / AFP / Scanpix / LETA

Soat 13:00 atrofida jurnalistlar va boshqalarni sud zaliga kiritish boshlandi. 11 ayblanuvchilar bu vaqtda «akvarium»-qafasda sud boshlanishini kutib turar edi. Sudlanuvchilardan biri — Shohista Karimova, qo‘lga olingunga qadar kafeda sabzavot to‘g‘rovchi bo‘lib ishlagan ayol — darhol o‘zi va boshqa ayblanuvchilar «podstava» qilingani haqida aytib baqirdi. 2017 yil aprelida tintuv vaqtida Karimova yashagan uydan granata va detonatorlar topilgan — o‘tgan ikki yarim yil vaqt mobaynida u bularning barchasi uyiga yashirincha tashlab qo‘yilgani haqida gapirib keldi.

Terakt bo‘yicha ishni tekshirish bir yildan ortiq vaqt davom etdi, uni sudda ko‘rib chiqish uchun 8 oy vaqt ketdi. Hukm chiqarish uchun esa — atigi yarim soat. Shu vaqt ichida «akvarium»dagi 11 kishi aybdor deb topildi. Eng og‘ir jazo — qat'iy rejimdagi koloniyada umrbod qamoq jazosi — Abror Azimovga berildi. Tergov uni teraktning asosiy tashkilotchisi deb e'lon qilgan — xususan, aynan u metroda o‘zini portlatgan Akbarjon Jalilovga ko‘rsatma bergani aytilgan.

Azimovning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilning 17 aprelida o‘zining «sahnalashtirilgan» qo‘lga olinishidan ikki hafta oldin uni o‘g‘irlab ketishgan va allaqaysi bino yerto‘lasida teraktga aloqadorligini bo‘yniga qo‘yish uchun qiynashgan. Yakunda u kerakli ko‘rsatmani bergan, lekin keyinchalik bu ko‘rsatmasidan tongan. Boshqa gumonlanuvchilar ham yerto‘ladagi qiynoqlar haqida ko‘rsatma berishgan. Republic manbasining so‘zlariga ko‘ra, bu obektdan FSB xodimlari foydalanib kelishgan, u yerda asosan Markaziy Osiyodan kelganlar tutib turilgan. Bu maxfiy qamoqxonaning joylashgan o‘rnini aniqlashning imkoni bo‘lmagan.

Abrorning ukasi Akram Azimov ham o‘zini qiynoqqa solishgani haqida gapirgan — tergovchilar uni ham portlashning asosiy tashkilotchilaridan biri sifatida qarashgan.. Prokuratura uni ham umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni so‘ragandi, ammo sud maxsus tartibli koloniyaga 28 yillik qamoqqa hukm qildi. Prokuratura yana ikki ayblanuvchiga — Ibragimjon (2015 yilda Jalilov bilan bir kafeda ishlagan) va Muhamadyusup Ermatovga ham umrbod qamoq jazosi so‘ragandi — ularga 27 va 28 yillik qamoq jazolari berildi. Ayblovchilarning hisoblashicha, aka-ukalar Peterburgda terakt uchun joy izlashgan va Tovarishcheskiy prospektdagi kvartirada bomba tayyorlashgan.

Ermatovlarning himoyachilari va qarindoshlari esa kuchishlatar tizim vakillari bu kvartira haqida Ermatovlarning o‘zidan bilgan, degan fikrda. Muhamadyusupning otasi Bahodir Ermatov «Meduza» muxbiri bilan suhbatda, o‘g‘li teraktdan ikki kun o‘tib, 2017 yil 5 aprelida ishga ketgach g‘oyib bo‘lib qolgani haqida aytgan. Ibragimjon Ermatov va Mahammadyusuf Mirzaalimov uni kunbo‘yi qidirishgan va keyin politsiyaga murojaat qilishgan. Murojaat bo‘yicha Tovarishcheskiy prospektdagi kvartiraga kelgan politsiyachilar xonalarni suratga olishgan va ketishgan. Bir necha soat o‘tib kvartira kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari tomonidan qamal qilingan. Kvartirada yashayotganlarning barchasi tashqariga chiqarilgan, kelganlardan biri ichkariga kirib kvartiradan portlovchi qurilma topilganini aytgan.

Yana yetti nafar ayblanuvchiga 19 yildan 22 yilgacha qamoq jazolari hukmi o‘qilgan. Sudlanuvchilar orasidagi yagona ayol — Shohista Karimova — 20 yilga qamalgan. Shuningdek, barcha ayblanuvchilarga 500 ming rubldan 800 ming rublgacha bo‘lgan jarimalar qo‘llangan.

Hukm o‘qilgach sudlanganlarning aksari boshini quyi tushirishgan — bir necha soniyadan keyin aybsiz ekanliklarini aytib baqira boshlashgan. Shohista Karimova yig‘lagan va boshini panjaraga ura boshlagan. «Nahotki bu adolatli sud bo‘lsa?» —  g‘azablangan mahbuslar. Ulardan biri shunday baqirgan: «Haqiqiy terrorchilar — bu FSB». 

O‘g‘li 20 yilga maxsus tartibli koloniyaga qamalgan Yorqinoy Mirzaalimova sud zalidan yugurib chiqib jurnalistlarga, FSB xodimlarini «qarg‘ashi»ni — ularning bolalari «da'vosiz dardga yo‘liqishi»ni so‘rashini aytgan.

Tovarishcheskiy prospektdagi kvartirada yashaganlardan 4 nafarining manfaatlarini himoya qilgan advokat Marat Sagitov suddan keyin hukmdan shikoyat qilishini, bu ishda uning himoyasidagilarning aybini isbotlovchi biror dalil yo‘qligini aytgan. «Tergovchilar dalillar topa olishmagach, buni ayblanuvchilar konspiratsiya metodi (yashirin tashkilot a'zolarining maxfiylik haqidagi ahdi) qo‘llash deb baholashdi», — dedi Sagitov «Meduza»ga. U sud hukmi adolatsiz bo‘lganini qayd etgan.

Metrodagi portlash oqibatida jabrlanganlardan biri, pensioner Natalya Kirillova suddan keyin hukm kutganidan yumshoq bo‘lganidan shikoyat qildi — uning baholashicha, kamida 3-4 ayblanuvchini umrbod qamoq jazosiga hukm qilish kerak edi. Kirillova aytishicha, sudlanganlarning barchasi - 11 kishi ham aybdordir, ular rasman ishlamagan bo‘lsa ham kvartirani ijaraga olish uchun mablag‘ga ega bo‘lgani ham ular aybdor ekaniga dalil bo‘ladi. Uning taxmin qilishicha, kvartirada yashaganlar terakt tashkilotchisidan pul olib turgan. Tergov talqiniga ko‘ra portlashning bosh tashkilotchisi Qirg‘iziston fuqarosi, Suriyada «Jamoat at-Tavhid val-Jihod» guruhini tuzgan Sirojiddin Muxtarov hisoblanadi. Uni qo‘lga olishning imkoni bo‘lmagan.

«Asl tashkilotchi Suriyada. Ammo ayblanuvchilar orasida 2-3 kishi shunga o‘xshash vazifani bajargan. Faqat bir kishiga umrbod qamoq jazosini berish kam», — deya ishonch bilan gapirgan Kirillova.

Mavzuga oid