O‘zbekiston | 14:25 / 10.12.2019
5997
3 daqiqa o‘qiladi

MSK raisi: «Joylarda fuqarolar deputatlikka nomzodlarni ko‘rmayapmiz deb shikoyat qilmoqda»

Foto: Xalqaro matbuot markazi

10 dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida MSK raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov joylarda saylovoldi tashviqoti ko‘ngildagidek olib borilmayotgani, fuqarolar deputatlikka nomzodlarni ko‘rmayotganidan shikoyat qilayotgani haqida gapirdi.

«Ayniqsa, qishloq joylardan ko‘p murojaatlar bo‘lyapti. Kechaning o‘zida menga o‘ndan ortiq xat kelib tushdi. Fuqarolarimiz «Saylovda qatnashadigan nomzodlarni ko‘rmayapmiz, kim o‘zi nomzod?» deyishyapti. «Bittasining vakili kelib ikki og‘iz gapirdi-ketdi, lekin nomzodning o‘zini ko‘rmadik, kimligini bilmadik, tanimayapmiz», deyapti yana bittasi. «Vakillar-ku kelishayapti, lekin nomzodning o‘zi ham kelsin», degan takliflar ham bo‘lyapti. Partiyalardan iltimos qilardikki, saylovoldi tadbirlarni yanayam kuchaytirishsin. Yaxshi ish bo‘lyapti, oldingi saylov bilan umuman solishtirib bo‘lmaydigan darajada ijobiy ishlar qilinyapti. Lekin hali yana-yana ishlaydigan joylarimiz borga o‘xshaydi», deya MSK raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

MSK raisi komissiya kotibiga aholidan kelgan xatlarni siyosiy partiyalarga yuborishni tayinladi.

Majlisda saylovga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Komissiya raisi ayrim hududlardig saylov uchastkalarida mas'ullar oddiy narsalarda ham xatolarga yo‘l qo‘yayayotganiga e'tiroz bildirdi.

«Ertadan boshlab hamma ishchi guruhlarimiz saylovga tayyorgarlik masalasida viloyatlarga chiqib ketishadi. Ba'zi masalalarda hali oqsoqlik bor, quyi tizimlarda elementar narsalarni xatolikka yo‘l qo‘yishyapti. Saylov uchastkalarimizni shakllantirish, hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqa masalalarda kamchiliklar bor. shuni oxiriga yetkazishimiz kerak», deydi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov.

Majlisda Toshkent ko‘chalarida saylov haqidagi bannerlar juda kam ko‘rinayotgani, ayniqsa, partiyalar va nomzodlar haqidagi bannerlar umuman ko‘zga tashlanmayotgani, shuningdek, MSK majlisiga siyosiy partiyalarning vakillari taklif etilgani, ammo birorta partiyadan vakil kelmagani tanqid qilindi. Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov Markaziy saylov komissiyasi a'zolariga poytaxt ko‘chalaridagi saylovoldi tashviqotiga bag‘ishlangan banner va plakatlar statistikasini o‘rganish va uning natijalari bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi, boshqa mutasaddi tashkilotlarga taqdimnoma kiritish haqida topshiriq berdi.

Mavzuga oid